add

Qurilish sohasidagi muammolar: norasmiy ishlovchilar, soliq va kadastrdagi korrupsiya

03.09.2025 | 17:00119414

Qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda rasmiy va norasmiy ishlovchilar, soliqdan qochish holatlari, kadastr hamda ruxsatnomalar olishdagi korrupsion holatlar muhokama qilindi.

Qurilish sohasidagi muammolar: norasmiy ishlovchilar, soliq va kadastrdagi korrupsiya
29 avgust kuni Savdo-sanoat palatasida qurilish sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda qurilish sohasidagi yashirin iqtisodiyot, muammolar va soha vakillari bilan savol-javoblar tashkil qilindi. Qurilish inf 01 Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning aytishicha, qurilish sektori xufiyona iqtisodiyotda eng yuqori darajada turibdi. Aniqroq aytganda, qurilishdagi 41 foiz ulush yashirin qolmoqda, bu esa 97 trln so‘m degani. Soliq qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, sohadagi yashirin soliqlar 1,2 trln so‘m, talon-toroj qilingan mablag‘ esa 203 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda. Qurilish korxonalari soni 2023 yilda 33 mingdan 2024-yilda 28 minggacha qisqargan. Biroq soliq tushumlar shu davr mobayni qariyb 1 trln so‘mga oshdi. Tovar aylanmasi ham kamaygan. 2023 yilda 177 trln so‘mdan 169 trln so‘mgacha tushdi.   Qurilishda rasmiy va norasmiy ishlovchilar Rasmiy ishchilar soni 2024 yilda 7 mingga oshgan, ya’ni 2023 yilda 287 mingdan 2024 yil 294 mingga yetgan. Qurilishda norasmiy ishlovchilar esa 345,3 mingdan 322 mingga kamaydi, ammo ularning ko‘rsatkichi hanuz rasmiy ishlovchilardan ko‘p. Muloqot davomida aytilishicha, O‘zbekistonda norasmiy bandlikning eng katta qismi qurilish tashkilotlarida kuzatiladi. Yirik qurilish tashkilotlaridan so‘rovnoma qilinganda, bunga sabab xarajat kamligi deyishgan. Ya’ni bu orqali hech qanday belgilagan shartlarni (mehnat ta’tili, kasallik varaqasi va hokazo) bermasdan, arzon mehnat resursidan foydalanish mumkin. Ishtirok etgan tadbirkorlardan birining aytishicha, aksariyat ishchilar mahalla beradigan yordam pullaridan mahrum bo‘lmaslik uchun rasmiy ishga kirmaslikni aytishadi. Ular ko‘proq rasmiy faoliyatning kafolatidan ko‘ra moddiylikni ustun ko‘radi. Shuning uchun tadbirkor ma’lumotlarni umumiylashtirib, norasmiy ishchilarni ro‘yxat qiladigan tizim yaratishni taklif qildi. Kambag‘allik qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zohidov norasmiy ishlaydiganlarni ro‘yxat qiladigan tizim ishlamasligini aytgan. Uning o‘rniga, aholining kambag‘allik darajasini yanada yaxshiroq tahlil qiladigan skoring ustida ishlanayotganini ma’lum qilgan.   Qurilishdagi soliq va bojxona imtiyozlari Qurilish sohasiga soliq yuki 4,5 foizni (2023 yilda 4 foiz), soliq tushumlari esa 8 trln so‘mni tashkil etadi. O‘tgan yili 3,2 trln so‘m imtiyozlar ajratildi: shundan 1,8 trln so‘mi soliq, 1,4 trln so‘mi bojxona to‘lovlari hisoblanadi. Ochiq muloqot davomida tadbirkor «yashil ko‘rsatkich»dagi qurilish kompaniyalarining soliq stavkalarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov esa soliq uchun imtiyoz berishdan avval «yashil ko‘rsatkich»da ishlovchi qurilish kompaniyalarini oshirish maqulligini aytgan.
«Hozir biz sizlarni himoya qila olmaymiz. Negaki bu («yashil», «sariq», «qizil» ko‘rsatkichlar va soliq masalasi) qurilishdagi eng xufyona yo‘nalish. Masalan, bunga qandaydir mexanizm ishlab chiqish mumkin. 5 mln so‘mdan kam oylik bermayotgan, kvartirasi 5 mlndan kam daromadga sotilmayotgan tadbirkorlarga «yashil chiroq» qilib beraylik. Ularni hech kim kelib tekshirmasin, faqat onlayn nazorat qilinaversin. Hozir «qizil» ko‘rsatkichdagilarni sonini «sariq»qa ko‘tarib, hukumatga borib imtiyoz so‘rasak yarashadi», — deydi Savdo-sanoat palatasi raisi.
Qurilishga ajratilgan davlat mablag‘lari hajmi 17,7 trln so‘mdan 21,4 trln so‘mga, qurilgan ob’ektlar soni 1695 dan 1881 tagacha oshdi.   Qurilish sohasida qanday muammolar bor? 914 ta qurilish ob’ektida bajarilgan ishlar hajmini kam baholagani uchun byudjetga 243 mlrd so‘m mablag‘ yo‘qotilgan. 1,5 mingta tugallangan ob’ektning o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagani natijasida yana 200 mlrd so‘m yer va mol-mulk solig‘idan mahrum qilingan. Qurilish inf 02 6,3 ming mas’uliyati cheklangan jamiyatda 1 nafardan ortiq xodim ishlamaydi. Natijada bir necha milliard so‘mlik qurilish ishlari bir kishi zimmasiga tushadi. Shuningdek, 32,4 ming ob’ektda soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash holatlari aniqlanib, ustav kapitaliga hissa sifatida 5,7 trln so‘mlik qurilish materiallari ro‘yxatga olingan. 126 ming metr kvadratdan ortiq uy-joy (10 ming xonadon) bir metr kvadrati atigi 1,2 mln so‘mdan (100 dollardan kam) hujjatlar bo‘yicha ro‘yxatga olingan. Uy-joy narxini past ko‘rsatish soliq to‘lashdan qochish usullaridan biri. Avvalroq, Davron Vahobov tadbirkorlar davlatdan yashirin biznesga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishni so‘rashayotganini aytgandi.
«Noqonuniy ishlayotgan tadbirkorlar uy-joy sotishda mijozlarga chegirmalar taklif qilmoqda. Biroq ular tannarxning arzonlashgani uchun emas, balki byudjetga soliq to‘lanmaganligi sababli yuzaga keladi», — degan Savdo-sanoat palatasi raisi.
Ma’lumot uchun, 2025-yil dastlabki yarim yillikda O‘zbekistondagi xufyona iqtisodiyot YAIMning uchdan bir qismini tashkil qilmoqda. Uning hajmi 265 trln so‘mdan oshgan.   Kadastr va ruxsatnomalar olishdagi korrupsiya Ochiq muloqotda tadbirkorlardan biri ruxsatnoma va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga oid muammolarga to‘xtalib o‘tdi. Tadbirkor Usmonjon Abdusamatovning aytishicha, uy qurilishida yer sotib olib keyin unga haqiqiy narxini kirita olmaslik bilan muammolar bor. Shuning uchun bir tizim ishlab chiqish kerak. Masalan, Mirzo Ulug‘bek tumanida bir sotix yer uchun 100 ming dollar, Sergeli tumanida 40 ming dollar, Chorsu bozori hududida 50 ming dollar narx qilib belgilashni taklif qildi. Buni qonuniylashtirsa, keyinchalik ta’siri sezilishini aytgan. Bundan tashqari, qurilish ruxsatnomalarini olish bilan bog‘liq muammolar dastlabki bosqichidayoq boshlanadi.
«Yerni sotib oldik. Ana endi ruxsatnoma olish kerak. Ruxsatnoma oladigan jarayonimizda ruxsatnoma uchun ariza tashlayapmiz. Ariza «otkaz», ariza tashlayapmiz, ariza «otkaz». Toki haligi manziliga borib, «assalomu alaykum» bo‘lmaguncha (borib gaplashmaguncha). To‘g‘ri gapni gapirishimiz kerak. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri ertangi xarajatimizga ta’sir qilyapti», — dedi tadbirkor.
Usmonjon Abdusamatov 500 ming dollarga bitta uy qurishda jarayonni «tezlashtirish» xarajati 50−100 ming dollar yoki undan ko‘proqqa yetishi mumkinligini aytdi. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, Toshkentda ruxsatnomalar olish va kadastr reyestridan o‘tish bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar har bir uy uchun 200 ming dollar, Toshkent viloyatida esa 100 ming dollargacha yetishi mumkin. Shuningdek, u arizalar nega rad etilganligi ham aniq ko‘rsatilishini talab qildi. Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov takliflarni asosli deb atadi. Bu holatga nisbatan iqtisodchi Yuliy Yusupov o‘z blogida munosabat bildirdi.
«Amaldagilar bozor o‘rnini o‘z qarorlari bilan bosib olib, iqtisodiyotni turli ruxsatnomalar, kelishuvlar, «sertifikatsiyalar», taqiqlar, kvotalar, davlat buyurtmalari, imtiyoz va subsidiyalar orqali shaffof bo‘lmagan mexanizmlar bilan to‘sib tashlayapti, raqobatni esa turli yo‘llar bilan cheklayapti yoki yo‘q qilyapti. Bularning mutlaqo tabiiy natijasi — samarasizlik, qashshoqlik va korrupsiya», — deydi Yusupov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda uy-joy xaridlariga keshbek joriy qilinishi haqida xabar berilgan edi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid