
Rosgvardiya xodimlari Jaloliddin Ahmadaliyev konsertiga bostirib kirdi
23.09.2025 | 21:4025333
Ahmadaliyev Krasnoyarskda konser berayotgan bo‘lgan. Rosgvardiya xodimlari ziyofatdagi shaxslarning hujjatini tekshirgan, ularning yoni xizmat iti bilan tekshirilgan.

Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi. Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘zbekistonlik qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyevning«Korona» ziyofat zalida o‘tkazilayotgan konsertiga bostirib kirishdi. Bu haqda Newslab xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Rossiya IIV, FXX va Rosgvardiya maxsus kuchlari xodimlari «noqonuniy migrantlar» va giyohvand moddalar savdosiga aloqador bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida reyd o‘tkazgan. O‘zbekistonlik qo‘shiqchi Jaloliddin Ahmadaliyev konserti bo‘lib o‘tayotgan ko‘ngilochar muassasaga bostirib kirgan huquq-tartibot idoralari xodimlari 620 nafar mehmonni tekshirgan, ulardan 210 nafari xorijlik ekani aytilmoqda. Ularning yonidan erkin muomalaga chiqarilishi taqiqlangan buyumlar yoki moddalar topilmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Rosgvardiya xodimlari ziyofatdagi shaxslarning hujjatini tekshirayotgani, ularning yoni xizmat iti bilan tekshirilgani, bir guruh erkak yelkama-yelka saf tortgan holda olib chiqilgani, ayrimlari qo‘li qayrilgan holda olib ketilgani aks etgan.
26 nafar xorijlik politsiya bo‘limiga olib ketilgan, ulardan 8 nafari Rossiyada noqonuniy ravishda bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Reyd yakunlari bo‘yicha politsiya xodimlari 19 ta ma’muriy bayonnoma tuzgan: chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan Rossiyaga kirish yoki bo‘lish qoidalari va immigratsiya qoidalarini buzganlik uchun.
Bundan tashqari, Rossiya Jinoyat Kodeksining «Chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni soxta hisobga qo‘yish» moddasi bo‘yicha 3 ta material to‘planib, holat yuzasidan tekshiruv boshlangan.





