
Rossiya, Ukraina va AQSH ilk uch tomonlama muzokaralarni o‘tkazadi
Bugun, 23-yanvar kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida Rossiya, AQSH va Ukraina uch tomonlama ishchi guruhining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Putin va Uitkoffning uchrashuvidan so‘ng, Rossiya buni tasdiqladi.

Rossiya, AQSH va Ukraina uch tomonlama ishchi guruhining birinchi uchrashuvi bugun, 23-yanvar kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda shu kun ertalab Rossiya Federatsiyasi prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSH Prezidenti Donald Trampning vakillari va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan telefon brifingida ma’lum qildi.
«Kelishib olindiki, bugun, ya’ni juma kuni, 23-yanvarda Abu-Dabida xavfsizlik masalalari bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhning birinchi majlisi bo‘lib o‘tadi», — dedi Ushakov.
Rossiya delegatsiyasi allaqachon shakllantirilgan va yaqin soatlar ichida Amirliklarga yo‘l oladi. Yuriy Ushakovning aniqlik kiritishicha, delegatsiya tarkibiga Mudofaa vazirligi rahbariyati vakillari, jumladan Qurolli Kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi boshlig‘i (2010 yilgacha — Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi) admiral Igor Kostyukov boshchiligidagi hay’at kiradi.
23-yanvarga o‘tar kechasi Kremlda yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Amerika tomonidan AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff, Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum, shuningdek, Donald Trampning kuyovi Jared Kushner ishtirok etdi.
2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha Trampning katta maslahatchisi lavozimida ishlagan Kushner hozirda AQSH ma’muriyatida rasmiy lavozimga ega emas, ammo u qaynotasiga ta’sirini saqlab qolgan va Oq uyning diplomatik hamda siyosiy tashabbuslarida ishtirok etmoqda.
Josh Gryunbaum – AQSH Umumiy xizmatlar boshqarmasi qoshidagi Federal xaridlar xizmati komissari bo‘lib, Tramp tomonidan yaqinda tashkil etilgan «Tinchlik kengashi»ga katta maslahatchi etib tayinlangan. U muzokaralarda ilk bor qatnashdi.
Kremldagi uchrashuvda Rossiya tomonidan Putin va Ushakovdan tashqari, Rossiya prezidentining maxsus vakili, Rossiya To‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev ham ishtirok etdi. Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, bu «muzokaralar to‘rt soatdan ortiq davom etdi va juda mazmunli, konstruktiv, nihoyatda ochiq va ishonchli ruhda o‘tdi».
Ushakovning aytishicha, Uitkoff va Kushner Davosda bo‘lib o‘tgan aloqalar, jumladan Trampning Zelenskiy bilan uchrashuvi haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan.
Shuningdek, u Abu-Dabida ikki tomonlama – Rossiya-AQSH iqtisodiy masalalar bo‘yicha guruh rahbarlari Stiv Uitkoff va Kirill Dmitriyev o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tishini qo‘shimcha qildi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham kecha, 22-yanvar kuni Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng AQSH, Ukraina va Rossiya vakillari urushni ehtimoliy yakunlash masalasi bo‘yicha Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, gap birinchi uch tomonlama muzokara formati haqida bormoqda. Ushbu muzokaralar bugun va ertaga kunlari Abu-Dabida ekspertlar darajasida bo‘lib o‘tishi kerak.
Ukraina davlat rahbari uch tomonlama maslahatlashuvlarni o‘tkazish tashabbusi AQSH tomonidan kutilmagan hol bo‘lganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u BAA hokimiyati tayyorlanayotgan muzokaralardan xabardor bo‘lishiga umid bildirdi.
Zelenskiy uchrashuvdan ortiqcha umidlari yo‘qligini aytdi, ammo Moskva murosaga tayyor-tayyor emasligini tushunish muhimligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Rossiya o‘rtasida rasmiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar bir necha oydan beri o‘tkazilmagan. Ilgari bunday aloqalar uchun so‘nggi maydon Istanbul bo‘lgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy eslatganidek, Rossiya va Ukraina harbiylari vakillari avvalroq Abu-Dabida harbiy asirlar almashinuvi masalasini muhokama qilish uchun norasmiy formatda uchrashgan edi.
Davosdagi uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Tramp va Zelenskiy faqat qisqa bayonotlar bilan cheklandi. AQSH prezidenti jurnalistlarga hech qanday katta yutuqqa erishilmaganini va tomonlar «hali ma’lum bir yo‘lni bosib o‘tishi kerak»ligini aytdi.
Tramp Zelenskiy bilan bo‘lgan suhbatni yaxshi deb atadi va ko‘p narsa uning vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerning Rossiya prezidenti bilan bo‘ladigan muzokaralariga bog‘liq ekanini qo‘shimcha qildi. Trampning aytishicha, Moskvaga yuborilayotgan asosiy signal urushni to‘xtatish kerakligi.
Zelenskiy ham uchrashuvni samarali deb baholadi. Uning aytishicha, muzokaralarda havodan mudofaa masalalari hamda ayrim «hujjatlar» muhokama qilingan. Taxmin qilinishicha, bu hujjatlar xavfsizlik kafolatlari va urushdan keyin Ukrainani tiklash bo‘yicha kelajakdagi kelishuvlarni nazarda tutadi. Uchrashuv taxminan bir soat davom etgan.
Jahon iqtisodiy forumidagi chiqishida Zelenskiy Yevropa ittifoqchilari va NATOni keskin tanqid qildi. U Yevropaning kelajak haqida ko‘p gapirishini, ammo aynan shu kelajak qanday bo‘lishini belgilab beradigan bugungi harakatlarga jur’at etmayotganini ta’kidladi. Ukraina prezidenti NATOning amaliy samaradorligiga ham shubha bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alyans asosan AQSH hujum bo‘lsa yordamga keladi, degan ishonch hisobiga mavjud. Zelenskiy aytishicha, hozirgacha hech kim NATOni «amalda ishlayotgan holda» ko‘rmagan. U qurolli kuchlar sonini oshirishga chaqirib, aynan Trampning bosimi ilgari ittifoqchilarni mudofaa xarajatlarini ko‘paytirishga undaganini eslatdi.
Shuningdek, Zelenskiy Yevropa davlatlarining Grenlandiya atrofidagi bahs fonida u yerga ramziy harbiy bo‘linmalar yuborganini kinoya bilan tilga oldi. U bir necha o‘n nafar askar yuborilishi Rossiya, Xitoy va Daniya uchun qanday siyosiy va harbiy signal ekanini savol ostiga qo‘ydi.
Tramp avvalroq Davosda Zelenskiy kelishuvga tayyor, deb hisoblashini aytgan edi.
«Menimcha, biz ancha yaqinmiz», — dedi AQSH prezidenti qariyb to‘rt yil davom etayotgan urushni yakunlash zarurligini yana bir bor ta’kidlab.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, ham Putin, ham Zelenskiy agar kelishuvdan bosh tortsa, bu aqlsizlik bo‘lar edi.
Zelenskiyning Davosga safari uzoq vaqt davomida savol ostida qolgan edi. 20-yanvar kuni u Rossiya havo hujumlari davom etayotgani sababli mamlakat ichidagi vaziyatga e’tibor qaratishga majbur ekanini aytgan. Kiyev shahar meri Vitaliy Klichko ma’lumotlariga ko‘ra, 22-yanvar kuni ertalab navbatdagi zarbalardan so‘ng taxminan 3000 ta ko‘p qavatli uy isitishsiz qolgan.





