add

«Rossiya va Xitoy Grenlandiyaga tahdid solyapti»: Bu cho‘pchakmi yoki haqiqat?

28.01.2026 | 20:004 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Grenlandiyaga qiziqishini xavfsizlik masalalari bilan izohlamoqda — u Arktika orolini Xitoy va Rossiyadan himoya qilmoqchi. Xo‘sh, bu tahdid qanchalik o‘rinli? XXR va RF Arktikada nima bilan mashg‘ul?

«Rossiya va Xitoy Grenlandiyaga tahdid solyapti»: Bu cho‘pchakmi yoki haqiqat?

So‘nggi kunlarda Donald Tramp Grenlandiyani AQSHga qo‘shib olish fikridan qaytgandek ko‘rinsa-da, uning «Arktika yurishi» hali yakuniga yetgani yo‘q. Amerika prezidentining oxirgi bayonotlariga ko‘ra, u Arktika orolida harbiylarni joylashtirish va uning tabiiy boyliklaridan «cheklovsiz hamda muddatsiz» foydalanish uchun to‘liq vakolat olishni ko‘zlamoqda.

Grenlandiyani AQSHga topshirish va sotishni talab qilar ekan, Tramp orolga egalik qiluvchi Daniyani va NATO bo‘yicha boshqa ittifoqchilarni Rossiya hamda Xitoy tomonidan bo‘ladigan tahdidlar, xususan, harbiy xatarlar bilan qo‘rqitishga urindi.

«Xitoy va Rossiya Grenlandiyani qo‘lga kiritmoqchi, Daniya esa bunga qarshi hech narsa qila olmaydi», — deya ta’kidladi Oq uy rahbari bir necha kun avval.

DW nashri suhbatlashgan ekspertlarning ta’kidlashicha, Xitoy haqiqatan ham Arktikada Rossiya bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda, biroq bu jarayon silliq kechmayapti va buning Grenlandiyaga hech qanday aloqasi yo‘q.

Xitoyning Arktikadagi manfaatlari nimalardan iborat?

Xitoy o‘zining Arktikadagi manfaatlarini 2018 yilda qabul qilingan «Arktika siyosati bo‘yicha Oq kitob» hujjatida aniq ifodalagan. Unda Pekin mintaqa resurslarini butun insoniyat merosi deb atash orqali ularni o‘zlashtirishda ishtirok etish huquqini asoslashga uringan, shuningdek, o‘zini «Arktika atrofidagi davlat» deb e’lon qilgan.

Aslida Xitoy qutb doirasidagi faoliyatini ancha oldin boshlagan. U ham mustaqil tarzda (asosan ilmiy loyihalar orqali), ham «Arktika beshligi» — Daniya, Kanada, Norvegiya, Rossiya va AQSH bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali harakat qildi. Shunga qaramay, bu urinishlar hozircha kutilgandek katta natijalarga olib kelmadi.

«Men muloqot qilgan xitoylik ekspertlar keng ko‘lamli Arktika hamkorligidan qat’iy manfaatdor, biroq Skandinaviya mamlakatlari va Kanada xavfsizlik nuqtai nazaridan Xitoyning investitsiya loyihalarini rad etmoqda», — deydi AQSHdagi Arktika instituti (The Arctic Institute) tahlilchisi Pavel Devyatkin.

Xitoyning hozircha yagona yirik qo‘shma loyihasi Rossiya bilan bog‘liq. Bu — xitoylik kompaniyalar ulushga ega bo‘lgan «Arctic LNG 2» loyihasidir. Xalqaro sanksiyalarga qaramay, ushbu loyiha doirasida qazib olinayotgan gaz Xitoyga yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoy Rossiya bilan harbiy sohada ham hamkorlik qiladi. So‘nggi yillarda ushbu sheriklikning faollashgani nafaqat Donald Trampni, balki NATO bosh kotibi Mark Ryutteni ham xavotirga solmoqda. Shunday bo‘lsa-da, hozircha gap keng ko‘lamli amaliyotlar emas, balki Shimoliy Muz okeani suvlarida qo‘shma patrullik qilish kabi uncha katta bo‘lmagan mashg‘ulotlar haqida bormoqda.

Xitoy Grenlandiyaga qanday sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan va nima uchun bu urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchradi?

Donald Trampning bayonotlari, agar u o‘tgan zamon shaklini qo‘llaganida edi, ma’lum ma’noda asosli bo‘lishi mumkin edi. Xitoy haqiqatan ham Grenlandiyadagi loyihalarga sarmoya kiritishga bir necha bor uringan, biroq Amerika prezidenti orol xavfsizligidan xavotirga tushguniga qadar bu harakatlarning barchasi allaqachon to‘xtatilgan.

2009 yilda o‘zini o‘zi boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan Grenlandiya tog‘-kon sanoatiga (orol ulkan foydali qazilma zaxiralariga ega) Xitoy investitsiyalarini jalb qilishga harakat qildi. Ammo biron bir loyiha amalda ishga tushmadi.

Shvetsiya milliy Xitoy tadqiqotlari markazi tahlilchisi Patrik Anderssonning ta’kidlashicha, har bir holatda sabablar turlicha bo‘lgan. Sitronen Ford hududida rux qazib olish loyihasidan texnik va logistik qiyinchiliklar tufayli voz kechilgan. «Isua» temir rudasi loyihasi narx sababli to‘xtab qolgan. Kvanefeldagi nodir metallar va uran qazib olish rejalari esa mahalliy aholining keskin qarshiligi ostida bekor qilingan.

Bundan tashqari, Xitoy Grenlandiya infratuzilmasiga sarmoya kiritishni rejalashtirgan edi, biroq bu borada ham Daniya va AQSHning qarshiligi tufayli loyihalar amalga oshmay qoldi. Daniya loyihaning katta qismini moliyalashtirishni o‘z zimmasiga olgach, Xitoy davlat kompaniyasi uchish-qo‘nish yo‘laklarini kengaytirish bo‘yicha tenderdan amalda siqib chiqarildi. Gonkong kompaniyasining Daniyaga tegishli sobiq harbiy-dengiz bazasini sotib olish urinishi esa Vashington bosimi ostida Daniya hukumatining bevosita aralashuvi bilan to‘sib qo‘yildi.

«Yaqin kelajakda Xitoyning Grenlandiyaga, ayniqsa infratuzilma va strategik ahamiyatga ega qazilma boyliklarni qazib olish sohasiga sezilarli sarmoya kiritishi amrimahol. Bu ham xitoylik kompaniyalarni boshqa mintaqalardan imkoniyat izlashga majbur qilayotgan yuqori geosiyosiy xatarlar, ham AQSH va Daniya tomonidan ko‘rsatilayotgan qat’iy qarshilik bilan bog‘liq», — deya xulosa qiladi DW suhbatdoshi.

Rossiya va Xitoyning Arktikadagi hamkorligi qanday rivojlanyapti?

Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning faollashishi bilan bog‘liq xavotirlar ham hozircha biroz bo‘rttirilgandek ko‘rinadi. Arktika instituti tahlilchisi Pavel Devyatkinning qayd etishicha, «bu hamkorlik kengaymoqda, biroq u ko‘pchilik o‘ylaganchalik shiddatli emas». Mamlakatlar Shimoliy dengiz yo‘li bo‘yicha rasmiy kelishuvlar imzolagan, u orqali yuk tashish hajmi ham ortgan, ammo vaziyat sarlavhalarda yozilganidan ko‘ra murakkabroq: Rossiya Xitoyga to‘liq kirish imkoniyatini berishga unchalik ham shoshilmayapti.

Yanada yaqinroq hamkorlik o‘rnatishga, jumladan, yondashuvlardagi prinsipial farqlar to‘sqinlik qilmoqda. Agar Xitoy Arktikani butun insoniyatning umumiy merosi deb bilsa, Rossiya o‘zining «2035 yilgacha bo‘lgan davrda Arktikadagi davlat siyosati asoslari» hujjatida asosiy e’borni «suverenitet va hududiy yaxlitlikni ta’minlash»ga qaratgan.

Mintaqadagi harbiy keskinlashuv haqiqatan ham mavjud, deb tan oladi Devyatkin, biroq u buni «harakat va aks ta’sirning klassik spirali» deb ataydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «NATO sezilarli darajada kengaygan, alyansga Finlandiya va Shvetsiya qo‘shildi, yirik mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda — Rossiya buni tahdid deb qabul qilib, bunga javob qaytarmoqda».

Ekspertning fikricha, agar AQSH mintaqadagi harbiy ishtirokini kuchaytirsa, Rossiya va Xitoy tomonidan ham bunga nisbatan tegishli qadamlar tashlanadi — «qo‘shma patrullik va bombardimonchi samolyotlarning parvozlari ko‘payadi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga bormasdan kuch namoyishi holatlari ortadi». 

Teglar

Mavzuga oid