
Rossiyada harbiy ro‘yxatdan qochganlar fuqarolikdan mahrum etilishi mumkin
17.07.2025 | 15:4531493
Yangi qonun loyihasi harbiy majburiyatdan bo‘yin tovlaguvchilarni Rossiya fuqaroligidan mahrum etishni nazarda tutadi.

Mazkur tashabbus Dumadagi Mudofaa qo‘mitasi raisi Andrey Kartapolov boshchiligidagi deputatlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan. U «Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida» hamda «Rossiya fuqaroligi to‘g‘risida»gi amaldagi ikki qonunga o‘zgartish kiritishni ko‘zda tutadi.
Qonunga muvofiq, “asosli sababsiz” harbiy ro‘yxatga turmaganlarga berilgan pasport qaytarib olinishi mumkin. Bunday holat yuz bersa, harbiy komissariat 5 kun ichida Ichki ishlar vazirligiga xabar beradi. Shundan so‘ng vazirlik fuqarolikni bekor qilish yuzasidan qaror qabul qiladi.
Shu bilan birga, agar shaxs xabarnoma yuborilgandan so‘ng 30 kun ichida o‘z ixtiyori bilan komissariatga murojaat qilsa, u fuqarolikdan mahrum etilmaydi. Tashabbus mualliflariga ko‘ra, qonun 2024 yilda qabul qilingan normaga amaliy mexanizm yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Tushuntirish xatida ta’kidlanishicha, taklif etilayotgan o‘zgarishlar ichki ishlar va harbiy hisob organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirishga xizmat qiladi. Qonunning qabul qilinishi Rossiyada fuqarolik masalalariga aloqador nazoratni kuchaytirishi mumkin.





