add

Rossiyada migrantlar ta’qibga uchrayapti, nafrat va zo‘ravonlik ortib bormoqda

07.09.2025 | 12:00362318

Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar Rossiyada nafrat, tazyiq va zo‘ravonlikka uchrayapti. Hukumat migrantlarga qarshi kampaniyani kuchaytirmoqda, huquqlar esa jiddiy cheklanmoqda.

Rossiyada migrantlar ta’qibga uchrayapti, nafrat va zo‘ravonlik ortib bormoqda
O‘zbekistonlik mehnat migranti Moskvadagi banklardan biriga kirdi, ammo navbatdagi xodim uning so‘zini ham eshitmasdan, xizmat ko‘rsatishdan bosh tortdi. Nega bunday qilganini ham tushuntirmadi, deyiladi Independent nashri maqolasida. Markaziy Osiyo davlatlaridan yaxshiroq hayot izlab Rossiyaga kelgan bu shaxs va boshqalar uchun bunday adovat kundalik hayotning bir qismiga aylangan. Ba’zan esa bu holat ochiqcha zo‘ravonlikka aylanadi.
«Buni ayniqsa shifoxona, klinika yoki davlat idorasiga borganingda his qilasan: navbatda turganingda hamma so‘kinayotgandek qaraydi», — deydi u. Bu shaxs o‘zini tanishtirishni xohlamadi, chunki oqibatlaridan qo‘rqadi.
Bu kabi ksenofobiya iqtisodiy realliklar bilan to‘qnash kelmoqda — bugungi kunda Rossiyada ishchi kuchi yetishmaydi. Bu holat, birinchi navbatda, Ukrainadagi urush bilan bog‘liq. Rossiya Markaziy banki ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida mamlakatdagi korxonalarning 20 foizidan ziyodi ishchi yetishmasligi muammosidan shikoyat qilgan. Ammo mehnatkashlarni qarshi olish o‘rniga, Rossiya rasmiylari muhojirlarga nisbatan nafratni qo‘zg‘amoqda va ular uchun cheklovlarni kuchaytirmoqda. Rasmiy hisobotlarga ko‘ra, mamlakatda 6,1 million mehnat muhojiri bor, aslida esa bu ko‘rsatkich ancha yuqori bo‘lishi mumkin. Hukumat ularning harakatini nazorat qilmoqda, ishlash huquqlarini cheklamoqda va bolalarining ta’lim olish imkoniyatlarini ham to‘smoqda.   Migrantlarga qarshi kayfiyat Bu nafrat to‘lqini fonida joriy oyda Moskvadagi Crocus City Hall konsert zaliga qilingan hujum va uni yoqib yuborish bilan bog‘liq sud jarayoni boshlandi. Unda 2024 yil mart oyida 149 kishini halok qilgan hujumda tojikistonlik to‘rt nafar shaxs ayblanmoqda. Ular hujumdan bir necha soat o‘tib qo‘lga olingan va sudda ular qattiq kaltaklangan holda ko‘ringan. Hujum uchun javobgarlikni «ISHID» terrorchilik guruhi zimmasiga olgan bo‘lsa-da, Rossiya hukumat idoralari Ukraina tomonini ayblashga harakat qilgan. Migrantlarga nisbatan nafratli bayonotlar Rossiyada 2020 yillar boshidan beri ortib borayotgan edi. Ammo aynan ushbu qatliomdan so‘ng «hayratomuz zo‘ravonlik» avjiga chiqqanini ta’kidlaydi advokat Valentina Chupik. U muhojirlar jamoasi bilan 20 yildan ortiq vaqtdan beri ishlab keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qatliomdan keyingi sakkiz kun ichida muhojirlarga qarshi zo‘ravonlik bo‘yicha 700 dan ortiq shikoyat kelib tushgan. Rossiya Davlat dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ushbu voqeadan so‘ng jamoatchilik kayfiyatini ifoda etdi: «Migratsiyani nazorat qilish juda muhim», deb ta’kidladi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu xorijliklar tomonidan sodir etilayotgan «noqonuniy faoliyat»ni sud qaroriga ehtiyoj qoldirmasdan deportatsiya qilish imkonini beradi. Ushbu zo‘ravonlik inson huquqlari tashkilotlarida ham jiddiy tashvish uyg‘otdi. «Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli Rossiyada ish izlayotgan muhojirlar bugun etnik belgilar asosida tahqirlanish, asossiz hibsga olinish va politsiya tomonidan boshqa turdagi ta’qiblarga uchramoqda», — deyiladi Human Rights Watch tashkilotining ushbu hujum yuzasidan tayyorlangan hisobotida.
«Bu dahshatli qatliomga qaramasdan Rossiyadagi markaziy osiyolik muhojirlarga qarshi huquqbuzarliklarni oqlab bo‘lmaydi», — deydi hisobot muallifi Siyinat Sultanaliyeva.
  Reydlar, ommaviy ushlashlar va cheklovlar Ba’zi zo‘ravonliklar bora-bora bosilgan bo‘lsa-da, ular butunlay yo‘qolgani yo‘q. 2025 yil aprel oyida politsiya Moskvada qirg‘izlar tomonidan ishlatiladigan hammomni reyd qildi. Videoyozuvlarda niqob kiygan odamlar yarimyalang‘och odamlarni yerda emaklatib, qasddan ularning ustidan yooq bilan bosgani va keyin xavfsizlik kamerasining linzasini yopgani aks etgan. Politsiya ommaviy reydlar paytida omborlar, qurilish maydonlari va masjidlarda muhojirlarni ushlab ketgani va keyin ularni Ukrainadagi urushda qatnashish uchun armiyaga qo‘shilishga majbur qilgani haqida ham xabarlar bor. Ayrim muhojirlar yashash ruxsatnomasi bilan tahdid qilingan, boshqalari esa so‘ngi paytlarda fuqarolik olganlar bo‘lib, harbiy xizmatga ro‘yxatdan o‘tishni unutgan. Bunday holatlarda armiya safida xizmat qilish qamoq yoki deportatsiyaga yagona muqobil sifatida ko‘rsatilmoqda. Qolaversa, ayrim muhojirlarga Rossiya fuqaroligini olish uchun «tezkor yo‘l» armiyaga kirish sharti bilan taklif qilinmoqda. May oyida Sankt-Peterburgda so‘zga chiqqan Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin «O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonda yashashni yoqtirmaydigan 20 ming nafar yoshlar Rossiya fuqarosi sifatida Ukraina frontning old chizig‘i jang qilayoda xizmat qilayotgani»ni ta’kidladi. Zo‘ravonlikdan xalos bo‘lgan muhojirlar ham yangi aksilmuhojir qonunlarining ta’siri ostida qolmoqda. Bu qonunlar, ayniqsa, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlarga qaratilgan. 2024 yilda Rossiyaning 13 ta regionida muhojirlar uchun mehmonxona, umumiy ovqatlanish, moliya sohalarida hamda hatto taksichilikda ishlash taqiqlangan. Moskva oblastida sentyabr oyidan boshlangan pilot dasturiga ko‘ra, vizasiz kirgan muhojirlar maxsus ilovalar orqali nazoratga olinadi. Bu tizimga amal qilmaganlar politsiya ro‘yxatiga kiritiladi, bank xizmatlaridan foydalanishi cheklanadi, mobil aloqa va internetga ulanish imkoniyati ham to‘xtatilishi mumkin. Yana bir yangi qonunga ko‘ra, muhojirlarning bolalari faqat rus tilida so‘zlasha olishini isbotlagandagina maktabga bora oladi. Qonun kuchga kirganidan olti hafta o‘tib, mahalliy OAVga ma’lum qilinishicha, rus tilini bilish testidan o‘tish uchun ariza topshirgan bolalarning faqat 19 foizi unga kirishga muvaffaq bo‘lgan. Ko‘pincha rad etilish sababi — hujjatlarning to‘liq emasligi yoki noto‘g‘ri rasmiylashtirilishi bo‘lgan. Rossiyada qariyb yigirma yildan beri yashab kelayotgan va Sankt-Peterburgda yashaydigan yana bir o‘zbekistonlik erkak, rezidentlik hujjatini olish uchun yetti soatdan ziyod navbatda turishiga to‘g‘ri kelganini aytdi. U ham o‘zini oshkor qilmadi, chunki jazolanishdan qo‘rqadi. U Rossiyada qolishni istaydi, ammo muhojirlar uchun sharoit tobora og‘irlashib borayotganini ta’kidladi. «Hujjatlarni rasmiylashtirish juda qiyin. Vaqt yetishmaydi», — deydi u. Bu tahqirlovchi qonunlar ba’zan muhojirlarni pora berishga majbur qilmoqda. Advokat Valentina Chupikning ta’kidlashicha, Rossiyadagi tizim muhojirlar huquqlarini to‘liq ta’minlashning o‘zi mumkin bo‘lmagan holatlar yaratadi.
«Bu keng qamrovli tartibga solishning aslidagi maqsadi shu: muhojirlarning barchasi qonuniy bo‘lishi uchun emas, balki barchani noqonuniy holatga tushirish uchun qilinmoqda, — deydi u. — Shunda ular istalgan paytda istalgan shaxsdan pora talab qilishlari va qarshilik ko‘rsatganlarni istalgan vaqtda deportatsiya qilishlari mumkin bo‘ladi».
  Migrantlarga nisbatan nafratni rag‘batlantirish Muhojirlarga nisbatan nafratning yaqin vaqtlarda kamayishi ehtimoldan yiroq. Bu holat, ayniqsa, Rossiya Terguv qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin kabi rasmiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli shunday. Uning ta’kidlashicha, muhojirlar «faqat g‘oyasi bilan emas, balki muayyan binolari (masalan, masjidlar) orqali ham bizga jisman bosib kelmoqda». Ultra-millatchi deputat Leonid Slutskiy esa muhojir ishchilarni «agressiv tutum ko‘rsatayotgan, nizolar va xavfli vaziyatlar keltirib chiqarayotgan», deb ta’rifladi. Qozog‘istondagi Nursulton Nazarboyev nomidagi universitetda siyosatshunoslik bo‘yicha dotsent Karess Shenkning ta’kidlashicha, muhojirlar ko‘plab ijtimoiy muammolar uchun aybdor qilinayotgani faqat Rossiyada emas.
«Chegaralarni yopish, muhojirlarga reydlar o‘tkazish va siyosatni qat’iylashtirish — dunyo bo‘ylab siyosatchilar uchun eng oson va tezkor vositalardir, — dedi u. — Bunday siyosiy aylanmalar geosiyosiy bosimlarga bog‘liq holda yuz beradi, bugun biz shunga guvoh bo‘lyapmiz. Lekin ular saylov kampaniyalari va ichki siyosiy raqobat bilan ham bog‘liq».
Moskvadagi bankda kamsitilgan o‘zbekistonlik muhojirning aytishicha, bugungi kunda tarqalayotgan «aksilmuhojir propaganda» so‘nggi yillardagi barcha tanqidiy bayonotlardan ham kuchliroqdir.
«Agar har bir odam televideniye, radio yoki internetda faqat «muhojirlar yomon, yomon, yomon», degan gaplarni eshitaversa, ularga faqat yomon joylar va yomon odamlar ko‘rsatilsa, albatta, butun jamoatchilik shunday o‘ylay boshlaydi», — dedi u.
Bunday muhojirlarga qarshi ritorika 2022 yilda Ukrainaga urush ochishni oqlash uchun ishlatilgan Vladimir Putin va boshqa rasmiylarning milliy cho‘pchaklarining qismiga aylangan — go‘yoki Rossiya doimo xavf ostida.
«Rossiya so‘ngi yillarda o‘zi yaratgan «tashqi dushmanlar»ni — muhojirlar, ukrainaliklar va G‘arbni — bir cho‘pchakka jamlamoqda, — deydi muhojirlar, shaxsiylik va ijtimoiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi tojik jurnalisti Sher Hoshimov. — Buning natijasida Rossiyani qamaga olingan qal’adek ko‘rsatishmoqda, Putin esa oddiy rossiyaliklar uchun yagona himoyachi sifatida tasvirlanmoqda».
Moskvadagi o‘zbekistonlik muhojirning ta’kidlashicha, Rossiya muhojirlarga yordam berish maqsadida shunday sharoit yaratgan go‘yo. «Ammo bu qoidalar ishlamaydi, — deydi u. — Muhojirlar o‘zlari yakkalikda yengib o‘ta olmaydigan maxsus to‘siqlar yaratilmoqda».

Teglar

Mavzuga oid