
Rossiyadan navbatdagi tahdidlar, umrbod qamalgan o‘zbek, oltin o‘g‘rilari — hafta dayjesti
O‘tgan hafta O‘zbekiston va yaqin xorijda tahdidli bayonotlar, jinoyat ishlari, mahalliy mojarolar va yangi cheklovlar bilan yodda qoldi. Eng muhim va muhokamali voqealar — haftalik dayjestda.
Har haftani rossiyalik faollarning Markaziy Osiyoga nisbatan tahdidli chiqishlari bilan boshlab tugatyapmiz. Biri Markaziy Osiyoni bosib olish kerak desa, ikkinchisi O‘zbekistonning suverenitetiga tahdid qiladi. Ortda qolgan haftada ham Kreml faylasufi Aleksandr Dugin sobiq sovet davlatlari, jumladan O‘zbekistonning suverenitetini tan olmaslik kerakligini ta’kidlab chiqdi.
Solovyovning tahdidlarini hazm qilmasimizdan, Dugin, undan keyin esa sobiq sportchining shu ma’nodagi chiqishi tarmoqlarga sizdirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu hafta ham qizg‘in va muhokamalarga boy bo‘ldi.
Shu kabi hafta davomida O‘zbekistonda va yaqin xorijda ro‘y bergan eng ahamiyatli va muhokamalarga sabab bo‘lgan voqea-hodisalarni esga olamiz. Bugun haftalik dayjestimizda:
• 15 mlrd so‘mlik oltin o‘g‘rilari
• Somsasi bilan buzilgan tandirlar
• Umrbodga qamalgan o‘zbekistonlik
• Eski mashinalar harakatiga cheklov
O‘zbekiston mustaqilligiga ketma-ket tahdid
Kreml propagandachisi, teleboshlovchi Vladimir Solovyovning Markaziy Osiyoga nisbatan «SVO» boshlash haqidagi tahdidli chiqishidan so‘ng hovurlar bosilmay, «Rus dunyosi»ning mafkurachisi Aleksandr Dugin:«…biz suveren Armaniston, Gurjiston yoki suveren Ozarbayjon, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligiga rozi bo‘la olmaymiz…» — deb chiqish qildi.
«Yoki ular bizning yagona ittifoqimiz tarkibiga kiradi, yoki AQSH va Yevropa Ittifoqi uchun [bizga qarshi] platsdarmga aylanadi. Hammasi tugadi. Suverenitet yakunlandi. Milliy davlatlar — o‘tmish», — dedi Dugin.
Bu fikrdan norozi bo‘lgan jamoat faollari o‘zlarining keskin munosabatlari va noroziliklarini bildirishdi.
Dugin va Solovyovning gaplarini hazm qilishga ulgurmasimizdan hafta yakunida, O‘zbekistonlik professional bokschi Ruslan Chagayevga yengilib sportni tark etgan va deputatlikka o‘tgan sobiq bokschi Nikolay Valuyev Duginning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainadagi «maxsus operatsiyalar» sobiq sovet respublikalarida ham olib borilishi kerak.
Aynan bu chiqish ham o‘zbekistonlik fuqarolar, siyosatshunos va boshqa soha vakillarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Solovyov, Dugin yoki boshqalarning bu kabi chiqishlari o‘z-o‘zidan bo‘lmayapti, deganlar ham topiladi.
O‘zbekistonlik mashhur bokschi Ruslan Chagayev Valuyevning so‘zlariga javoban uni jangga chaqirdi. Chagayev Valuyevning chiqishini haqoratli deb baholab, bu kabi fikrlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hozirgi ijobiy munosabatlarga putur yetkazishini ta’kidladi.
O‘zbekiston «Tinchlik kengashi»ga qo‘shildi
22-yanvar kuni Davosda o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining yangi tashabbusi — «Tinchlik kengashi» taqdimotini o‘tkazdi.
Mazkur kengashga qo‘shilish istagini bildirgan dunyoning 19 davlatidan prezidentlar, bosh vazirlar va rasmiy vakillar hujjatni imzoladi. Ular orasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.
Davosdagi diplomatik tadbir taxminan bir soat davom etdi. Taklif etilgan mehmonlar zalga yig‘ilib, Donald Trampni kutib oldi. So‘zga chiqqan Tramp prezidentlik faoliyatining bir yilligi munosabati bilan yangi «Tinchlik kengashi» tashkil etilayotganini yana bir bor e’lon qildi. U o‘z chiqishida avvalgi nutqlarida bo‘lgani kabi, o‘z rahbarligi davrida tugatilgan urushlar mavzusiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Kengash nizomi loyihasiga ko‘ra, Donald Tramp organning birinchi raisi bo‘ladi va yangi a’zolarni qabul qilish bo‘yicha qarorlarni shaxsan o‘zi qabul qiladi. Mutaxassislar fikricha, ushbu tuzilma mohiyatan BMTga muqobil platforma sifatida ko‘rilmoqda.
Shuningdek, kengashda umrbod a’zolik uchun mamlakatlarga 1 milliard dollar miqdorida moliyaviy badal ajratish taklif qilingan.
«Bloomberg» nashrining qayd etishicha, bunday moliyaviy shartlar ko‘plab jahon yetakchilarini hayratda qoldirgan va keskin tanqidlarga sabab bo‘lgan.
Prezident maslahatchisi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning «Tinchlik kengashi»ga qo‘shilishi, avvalo, milliy xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq, bu qadam tashqi siyosatdagi uzoq muddatli manfaatlardan kelib chiqib qabul qilingan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kengash oldiga qo‘yilgan vazifalar O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillariga to‘liq mos keladi.
Namanganning tandirbuzar hokimi
2025 yil tandirlar bilan bog‘liq buzdi-buzdilar va tortishuvlar bilan esda qolgan edi. Qarangki, 2026 yilning ilk oyi ham yana bir tandir mashmashasi bilan boshlandi.
Namangan viloyati Chust tumanida tadbirkorga tegishli tandirxona buzilishi atrofida bahs yuzaga keldi. Tadbirkorning aytishicha, u qonuniy faoliyat yuritib, 20 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlab kelgan. Shunday bo‘lishiga qaramay, somsaxona hech qanday rasmiy tushuntirishsiz buzib tashlangan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hokimlik vakillari bu ish hokim topshirig‘i ekanini bildirgan, biroq hujjatlar yoki faoliyat qonuniyligi yuzasidan savollar berilmagan.
Videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandan so‘ng Chust tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirib, tadbirkorning hujjatlari mavjudligini rad etgan. Hokimlikka ko‘ra, Farg‘ona halqa yo‘lining keskin burilish qismida joylashgan tandirxona va oshxona binolari zarur ruxsatnomalarsiz qurilgan hamda yo‘lovchilar xavfsizligi uchun bartaraf etilgan. Shu bilan birga, hokimlik ogohlantirilgandan so‘ng tandirxona tadbirkorning o‘zi tomonidan buzilganini qayd etgan.
Tadbirkor esa bu da’volarni inkor etib, hech qanday tushuntirish berilmaganini bildirgan.
O‘zbekistonlik erkak umrbod qamaldi
Hafta davomida xalqaro va jinoyat ishlariga oid eng jiddiy xabarlardan biri Rossiyadagi terrorchilik ishi bo‘ldi. Moskvadagi harbiy sud o‘zbekistonlik Ahmadjon Qurbonovni Rossiya Qurolli Kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya kuchlari boshlig‘i general-leytenant Igor Kirillovning o‘limiga sabab bo‘lgan hujumni sodir etishda ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, Qurbonovning dastlabki 10 yili qamoqda, qolgan qismi qat’iy tartibli koloniyada o‘tishi kerak va unga 1 million rubl jarima solindi.
Qurbonov o‘z aybini to‘liq tan olgan. Hibsga olinganidan keyin tergovda u Ukraina razvedka xizmatlari tomonidan yollanganini va jinoyat uchun pul hamda sayohat va’da qilinganini aytgan. Sud shu ishda ishtirok etgan yana uch shaxsga ham ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi: Batuxan Tochiyev — 22 yil, Ramazan Padiyev — 18 yil, Robert Safaryan — 25 yil.
Ma’lumot uchun, Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpov 2024 yil 17-dekabrda Moskvada elektr skuterga o‘rnatilgan bomba portlashi oqibatida halok bo‘lgan.
Bayroq rangida libos kiygan qiz jazolandi
Hafta davomida jamoatchilik e’tiborini tortgan voqealardan biri xalqaro tanlovda ishtirok etgan o‘zbekistonlik qizning kiyimi va unga nisbatan qo‘llanilgan ma’muriy javobgarlik bo‘ldi. Davlat ramzi tasvirlangan libosda sahnaga chiqqan qiz jarimaga tortildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro 2025 yil 28-oktabr kuni Filippinning Manila shahrida 25 yildan buyon dunyo bo‘ylab o‘tkazib kelinayotgan «Yer go‘zali — 2025» xalqaro ko‘rik-tanlovida O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i ranglari hamda davlat gerbi tasvirlangan libosda ishtirok etgan. Shuningdek, u mazkur libosda tushgan suratini o‘zining Instagram sahifasiga joylagan.
Qayd etilishicha, 19-yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida mazkur ish ko‘rib chiqilgan. Sud majlisida qiz aybini qisman tan olib, «Yer go‘zali — 2025» tanlovida davlat ramzlaridan ilhomlanib ushbu libosni tanlaganini bildirgan hamda suddan unga nisbatan yengillik qo‘llashni so‘ragan.
Sud qaroriga ko‘ra, fuqaro davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlikda aybdor deb topilgan va unga 824 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Eski mashinalar harakatiga cheklov
O‘tayotgan hafta yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida muhim qaror qabul qilindi. Hukumatning yangi qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1-fevraldan eski transport vositalaridan foydalanishga cheklovlar joriy etiladi hamda ayrim turdagi avtomototransportlar uchun alohida davlat raqamlari belgilanadi.
Qarorga muvofiq, ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq bo‘lgan transport vositalaridan foydalanish hamda ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi, bunday transportlar davlat ro‘yxatidan chiqariladi. «Antikvar» avtomobillar, umumiy vazni 44 tonnadan ortiq yuk mashinalari, karer va shaxta texnikasi hamda yo‘nalishsiz taksilar uchun alohida seriyali davlat raqamlari joriy etiladi.
Avtomototransportni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni raqamlashtirilib, guvohnomada mulkdor manzilini ko‘rsatish talabi bekor qilinadi va zarur hujjatlar elektron tarzda olinadi.
Shuningdek, yo‘nalishsiz taksilar uchun avtomobillarning ekspluatatsiya muddati 15 yil bilan cheklanishi rejalashtirilmoqda.
Teglar






