
Samolyotdan qimmat poyezd chiptalari: subsidiya bor, narx nega oshyapti?
O‘zbekistonda fevral oyidan barcha yo‘lovchi poyezd chiptalari narxi 15 foizga oshadi. 2026 yilda temiryo‘l sohasiga qariyb 700 mlrd so‘m subsidiya ajratish rejalashtirilganiga qaramay, navbatdagi yuk yana yo‘lovchilar yelkasiga tushmoqda.

O‘zbekistonda 1-fevraldan boshlab yana bir qator yo‘lovchi poyezdlarining narxlari 15 foizga oshiriladi. Ma’lumot uchun, oxirgi marta roppa-rosa bir yil oldin — 2025 yilning 1-fevralidan boshlab «Afrosiyob» chiptalari 20–25 foizga, «Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» chipta narxlari 30 foizga, yotoqli poyezdlarniki esa 10,5 foizga ko‘tarilgan.
Ssenariy har safar bir xil: sabab sifatida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ehtiyot qismlar xarajatlari oshgani, elektr energiyasi va ekspluatatsiya xarajatlarining ko‘paygani, harakat xavfsizligini to‘liq ta’minlash hamda xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatishni davom ettirish zarurati, elektropoyezdlar infratuzilmasini saqlash va doimiy modernizatsiya qilish ishlari hamda yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish aytilmoqda.
Xususan, «Afrosiyob» xalq orasida allaqachon «boylar poyezdi» sifatida qarash boshlangan. Narxlarning osmonga o‘ralib ketgani bir masala bo‘lsa, uning qanchalik cho‘ntakbopligi boshqa masala.
Hisoblab ko‘rilsa, 2023 yilning noyabridan buyon poyezd chiptalari narxi oz emas, naq 3,6 karradan ko‘pga oshgan. Oxirgi 2 yilda foizga hisoblasak, 200 foizga ko‘tarilgan.
Soddaroq qilib tushuntirganda, 2 yarim yil avval Toshkent–Buxoro yo‘nalishida «Afrosiyob» chiptasi 140 ming so‘m bo‘lsa, endi fevraldan 509 ming so‘m bo‘ladi. Bu oddiy talaba yoki yo‘lovchining imkoniyatlariga mos ekanligi alohida savol ostida.
«Afrosiyob» chiptalarining eski va yangilanadigan narxlari:
Toifa | Hozirgi narx (so‘m) | Yangi narx (so‘m) |
Toshkent — Buxoro | ||
VIP | 875 ming | 1 mln 138 ming |
Biznes | 661 ming | 760 ming |
Ekonom | 443 ming | 509 ming |
Toshkent — Qarshi | ||
VIP | 751 ming | 976 ming |
Biznes | 558 ming | 642 ming |
Ekonom | 372 ming | 429 ming |
Toshkent — Samarqand | ||
VIP | 616 ming | 709 ming |
Biznes | 396 ming | 455 ming |
Ekonom | 270 ming | 311 ming |
Jadval eticket.railway.uz saytidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi
2023 yil oktabrda 100 foizga, 2024 yil 20-yanvardan 20 foizga hamda 2024 yil 15-maydan ekonom klass 20 foizga, biznes klass 30 foizga hamda VIP klass 40 foizga oshgan. Sabab esa doim bir xil: kredit majburiyatlari, elektr energiyasi narxining oshishi, texnik ko‘rik hamda infratuzilma xarajatlari qayd etilgan.
«Sharq», «Nasaf» va «O‘zbekiston» yo‘lovchi poyezdlari ham narxlar oshishi masalasida elektropoyezddan qolishmaydi. Oxirgi marta 2025-yil 1-fevralda ularning chiptalari 30 foizga oshirilgan.
Masalaning boshqa tomonlariga ham savol bilan yondashsak. Narxlar oshishga oshadi, lekin hanuz nega eng katta subsidiya yana transportga ajratiladi? Inflatsiya kutilmalarida ham aholi va tadbirkorlarning eng katta xavotirlari orasida doim transport omili yetakchi? Xizmatning sifati uning tannarxiga mutanosibligichi?
Temiryo‘l uchun ajratilgan subsidiya
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan taqdim qilingan 2026–2028-yilgi budjetnomaga ko‘ra, 2026 yilda beriladigan subsidiyalarning yarmidan ko‘pi muammolar o‘chog‘i bo‘lgan energetika va transportga beriladi.

Xususan, temiryo‘l uchun 2025-yildan 721 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2026-yilda 700 mlrd so‘m berish prognoz qilingan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov bunga «ham ustidan, ham ostidan ishlash» deb baho bergan:
«Samarasizlik uchun ham soliq bilan, ham tinmay oshib borayotgan tariflar bilan to‘layapmiz», — deb yozgan u.
Yana bir ochiq qolgan savol bor. Avvalroq parlamentda Xalq demokratik partiyasi vakillari bu 700 mlrd so‘m subsidiya nimaga kerakligi va temiryo‘l qachon aholiga xizmat ko‘rsatishda foydaga chiqishini so‘ragan edi.
O‘shanda mas’ullar «vagonlarning aksariyati eski, SSSRdan qolgan», «kelajakda yo‘llar tushib, xususiylashtirishga o‘tiladi» degan bayonot bergan. Shuningdek, poyezdlar zarar bilan ishlayotgani bois qonunga o‘zgartirish kiritilgani vaj qilingan. Xususan, temiryo‘lchilarning Kun.uz’ga bergan intervyusida esa to‘rtta «Afrosiyob» poyezdi 2024-yilning 1-yanvarida o‘z xarajatlarini o‘zi qoplashga o‘tgani aytilgan.
Ammo aniq savolga javob taqdim etilmagan, tabiiyki, yana budjetdan ajratilayotgan mablag‘ning qayerga ketayapgani hanuz ochiq qolmoqda.
Bu hali hammasi emas. Temiryo‘l va metro uchun jami 7,5 mlrd so‘mdan ortiq investitsiyalar ham ajratilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmatov «Afrosiyob» va boshqa poyezdlar narxi aslida hozirgidan ikki barobar qimmat bo‘lishi kerakligini aytgan edi.
Chipta qimmat, lekin bormi o‘zi?
«Chiptalar narxi oshsa, xizmat sifati yaxshilanadi va chipta topish osonlashadi», degan umid bor edi. Ammo bayram arafasida vaziyat yana o‘zgarmadi — xalqona aytganda, «eski hammom, eski tos». Chegirmalar e’lon qilinmoqda, buning uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratilmoqda, biroq shunga qaramay chipta masalasi hanuz muammo bo‘lib qolmoqda.
Masalan, Yangi yil arafasida ijtimoiy tarmoqlarda 23-dekabrdan 27-dekabrgacha Toshkent — Nukus yo‘nalishi bo‘yicha birorta ham chipta qolmagan suratlar tarqalganini ko‘rish mumkin. Bundan tashqari, Toshkent — Buxoro yo‘nalishida ham biletlar deyarli qolmagan holatlarga guvoh bo‘lingan.
Hikmatulla Rahimov esa poyezdlarda chiptalar yetishmayotganini xalq boyib borayotgani tufayli sayohat qiluvchilar ko‘paygani bilan izohlagan:
«O‘zbekistonning ichki yalpi mahsuloti oshib borgani sari xalqimiz boyimoqda. Natijada boshqa shaharlarga sayohat qilish, turizm kuchaymoqda. Shuning uchun poyezdlar va chiptalar yetishmayapti. Hozirda poyezdlarda yiliga 12 million yo‘lovchi tashiladi. Bundan keyingi 10 yilda bu ko‘rsatkichni to‘rt barobarga oshirmoqchimiz. Oxirgi 2,5 yilda vagonlar sonini salkam 1,5 barobarga ko‘paytirdik. Bugun oddiy poyezdlarimizda yurgan yo‘lovchilar ulushi 110 foizni tashkil etyapti. Ya’ni poyezdlar yetkazib bera olmayapti. Yetishmovchilik juda yuqori. Chunki servisimiz ko‘lami ham oshib bormoqda», — dedi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi birinchi o‘rinbosari.
Narxlar aholi uchun qanchalik mutanosib?
Poyezd chiptalari narxining keskin oshishini baholashda uni faqat inflatsiya yoki xarajatlar o‘sishi bilan emas, aholining real daromadlari bilan qiyoslab ko‘rish muhim. Chunki transport aholi uchun lyuks emas, balki kundalik ehtiyoj hisoblanadi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024–2025 yillarda O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal ish haqi 4,5–5 million so‘m atrofida shakllangan. Biroq bu ko‘rsatkich barcha uchun bir xil emas: hududlar kesimida, sohalar bo‘yicha va ijtimoiy qatlamlar o‘rtasida jiddiy farqlar mavjud.
2026 yil 1-fevraldan boshlab Toshkent — Buxoro yo‘nalishida «Afrosiyob» ekonom klass chiptasi 509 ming so‘mni tashkil etadi. Bu o‘rtacha oylik ish haqining taxminan 10–11 foizi demakdir. Agar yo‘lovchi borib-kelish chiptasini olsa, oylik daromadining qariyb 20–22 foizi faqat yo‘l xarajatiga sarflanadi.
Bu nomutanosiblik talabalar misolida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Hozirda oliy ta’lim muassasalarida talabalarning bazaviy oylik stipendiyasi 569 ming so‘mni tashkil etadi. Ya’ni «Afrosiyob» ekonom klass chiptasining narxi deyarli bir oylik stipendiyaga teng. Soddaroq aytganda, talabaga poyezdda bir tomonga safar qilish uchun butun bir oy o‘qish uchun oladigan mablag‘ini sarflashga to‘g‘ri keladi, borib-kelish esa stipendiyadan ancha oshib ketadi.
Agar oilaviy safarni olsak, masala yanada og‘irlashadi. Ikki nafar katta va bir boladan iborat oila uchun Toshkent — Buxoro yo‘nalishida «Afrosiyob» ekonom klass chiptalari qiymati 1,4–1,5 million so‘mga yaqinlashadi. Bu ko‘plab oilalar uchun bir oylik daromadning uchdan bir qismiga yaqin mablag‘ni tashkil etadi.
Shu nuqtai nazardan qaralganda, «Afrosiyob» tobora ommaviy transport vositasidan ko‘ra, ma’lum qatlam uchun mo‘ljallangan xizmatga aylanib borayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Savol esa ochiq qolmoqda: agar poyezd chiptasi oylik daromadning sezilarli qismini tashkil etsa, u hali ham ijtimoiy transport hisoblanadimi?
Ma’lumot uchun, avvalroq intervyuda «Afrosiyob»ga mas’ul tashkilot vakili Shahzod Mo‘minov narxlarni boshqa davlatlar bilan taqqoslagan. «Janubiy Koreyada Seul va Pusan shaharlari o‘rtasidagi masofa 300 kilometr, xuddi «Afrosiyob»dek poyezd chiptasi narxi 27 dollar. Bizda esa shunday masofadagi Toshkent — Samarqand chiptasi 19 dollar», — deydi u. Ammo turgan gapki, ikki davlatdagi aholi daromadlarini taqqoslab bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, Senat majlisida senator Abdurahim Erkayev tezyurar poyezd chiptalari samolyot chiptalaridan qimmat bo‘lib ketganini aytgan edi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ raisi Zufar Narzullayev e’tirozga javoban, bu normal holat ekanini bildirgan. U butun dunyoda tezyurar poyezdlar chiptalari samolyot va oddiy poyezdlarnikidan qimmat yurishini ta’kidlagan.
Tannarxni 20 foizga tushirish haqidagi gaplar qayerda qoldi?
Temir yo‘l va mahalliy aviaqatnovlar chiptalari ketma-ket qimmatlashayotgan bir paytda, vazirning «Uzbekistan Airways», «Uzbekistan Airports» hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» xizmatlari tannarxini kamida 20 foizga kamaytirish zarurligi haqida aytgan bayonoti yana yodga tushadi.
Bu so‘zlar va’da sifatida aytilganmi yoki aniq vazifa bo‘lganmi — har holda, bayonot e’lon qilinganiga hali uch oy ham to‘lgani yo‘q. Ammo amaliyotda xarajatlarni qisqartirish o‘rniga, tariflarni oshirish haqidagi xabarlar yangramoqda.
Shu bilan birga, davlat rahbari 2026 yil uchun barcha darajadagi rahbarlar oldiga xarajatlarni keskin qisqartirish va samaradorlikni oshirish talabini qo‘ygan edi. Biroq transport sohasidagi oxirgi qarorlar bu talabning ijrosi shubha ostida qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Temir yo‘l tariflarni oshirish sabablarini sanar ekan, xarajatlar kamaymaganini, aksincha, yanada o‘sganini ta’kidlamoqda. Bu esa tannarxni pasaytirish haqida aytilgan gaplar amalda qay darajada bajarilayotgani bo‘yicha yangi savollarni kun tartibiga olib chiqyapti.
Teglar






