
«Sea Breeze Uzbekistan» bo‘yicha jamoatchilik eshituvi: e’tiroz va takliflar tinglandi
G‘azalkentda «Sea Breeze Uzbekistan» kurort loyihasi bo‘yicha jamoatchilik eshittiruvi juda qizg‘in o‘tdi. Mutasaddilar turli yo‘nalishlar bo‘yicha loyiha taqdimotini qilishdi. Ekoaktivistlar e’tirozlari, mahalliy aholi takliflari tinglandi.
Bo‘stonliq tumani hokimligi binosida o‘tgan yig‘ilishda Chorvoq suv ombori hududidagi Yakkatut va Bolodala mahallalari vakillari, turli mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, xalqaro ekspertlar ham ishtirok etishdi. Qayd etib o‘tish kerak, Xalqaro ekspertlar Serbiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Janubiy Koreya kabi davlatlardan kelishgan.
Tadbirda avval loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi. «Sea Breeze Uzbekistan» bosh direktori Sardor Hamidov dam olish maskani konsepsiyasi, uning ijtimoiy iqtisodiy salohiyati va amalga oshirishning asosiy tamoyillari haqida ma’lumot berib o‘tdi. Jumladan, xalqaro kurort va sayyohlik markazi 2035 yilgacha Chorvoq suv ombori sohilida 577 gektar maydonda qad rostlashi, hududda 10 mingdan ortiq mahalliy iqlimga chidamli manzarali daraxtlar ekilishi, eng asosiysi — istiqbolda 8 mingdan ortiq ish o‘rni yaratilishi ta’kidlab o‘tildi.
Loyiha ayni paytda to‘liq ekologik ekspertizadan o‘tkazilmagani, biroq parallel loyihalash bilan ishlab boshlab yuborilgani aytib o‘tildi.
Bo‘stonliq tumani hokimi Jo‘rabek Ahmedov loyiha qurilishi asnosida hududda zamonaviy kanalizatsiya tizimi o‘tkazilishi, Chorvoq suv omboridan suvni nasos yordamida tortib olib, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlab o‘tdi. «O‘zsuvta’minot» korxonasi xodimlari bu boradagi loyiha taqdimotini ham o‘tkazishdi.
Jo‘rabek Ahmedov Bo‘stonliq tumanida 5 mlrd dollar investitsiya evaziga barpo etiladigan «Sea Breeze Uzbekistan» kabi yirik turistik markaz bilan bir qatorda umumiy soni 200 dan ortiq 2 mlrd dollarlik boshqa turizm obyektlari ham barpo etilayotganini alohida ta’kidladi.
Taqdimotlardan so‘ng taklif etilgan ekologik aktivistlar, jurnalistlar, blogerlar loyihaga oid o‘z savollari bilan mutasaddilarga murojaat qilishdi.
Ekoaktivistlarning asosiy e’tirozi Chorvoq suvining ifloslanishi xavfi, pirovardida Toshkent shahrini ichimlik suvi zararlanishi mumkinligi, shuningdek, qurilish jarayonida chang to‘zon ko‘tarilib, shundoq ham ifloslanayotgan havoni yanada ifloslantirishi mumkinligi haqida bo‘ldi.
Biroq, savollarga javob bergan «O‘zsuvta’minot» mutasaddilari markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘i uch bosqichli himoyalangan quvurlar bilan o‘tkazilishi, Chorvoq suv omboriga biror tomchi iflos oqova suvlari tushmasligini ta’kidlashdi.
Toshkent shahri suvsiz qolishi haqidagi hadiklar esa asossiz ekani aytildi, chunki Chorvoq suv ombori suvining faqat 15 foizi Toshkent shahrini suv bilan ta’minlashga sarflanar ekan. «Sea Breeze Uzbekistan» va unga yondosh muhallalarni ichimlik suv bilan ta’minlashga suv omborining 0,5 foiz suvi sarflanishi ham aytib o‘tildi.
Qurilish ishlarida chang-to‘zon ko‘tarilishining oldini olish uchun tuproqni va havoni namlantiruvchi «pushkalar» bilan olib borilishi ta’kidlandi.
Hududda kesilgan daraxtlar, fermerlardan olib qo‘yilgan yerlar uchun kompensatsiya to‘lash masalasi ham ko‘tarildi: qurilish maydoni o‘rnidan olib tashlangan dov-daraxtlar o‘rniga ko‘p yillik manzarali daraxtlar loyiha bo‘yicha tartibli ekilishi, fermerlar bilan esa kompensatsiyalar bo‘yicha ularga to‘lab beriladigan tovon puliga aniqlik kiritilib, shartnomalar imzolangani va shu yaqin bir haftaning ichida pullar o‘tkazilishini aytib o‘tdi.
Mahalliy aholi esa hududda kurort zonasi qurilayotganidan xursandligini ta’kidlab o‘tdi. Chunki, shu bahona infratuzilma yaxshilanadi, Yakkatut va Bolodala mahallalari to‘liq kanalizatsiya tarmog‘i va ichimlik suvi bilan ta’minlanadigan bo‘lmoqda. Mahalliy aholi suv o‘tkazish tarmog‘ida sug‘orish ishlarida ham foydalana olishadi. Istiqbolda nafaqat sanalgan ikki mahalla, Chorvoq suv ombori bo‘yidagi qolgan hududlarning ham aholisi doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishayotganidan ular mamnun.
Ta’kidlash lozimki, loyiha doirasida mahalliy aholi yaratiladigan ko‘plab ish o‘rinlari natijasida uzoqqa bormay, o‘z hududlarida doimiy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishadi.
Mahalliy aholi shuningdek, jamoat transporti, chiqindilarni doimiy tashib ketish bo‘yicha muntazam tizim ishlab chiqish kerakligi borasida o‘z takliflarini bildirishdi.
Aktivistlar va blogerlardan kurort markazida mahalliy aholi yoki shu yerda dam olmayotganlar uchun qanday tekin xizmatlar ko‘zda tutilgani haqida ham savol berildi.
Bunga javoban kurort hududida pullik zonalar bilan bir qatorda istovchilar uchun tekin jamoat plyajlari, sohil bo‘ylab yotqiziladigan salomatlik yo‘lagida, sayilgoh va xiyobonlarda sayr qilish tekin bo‘lishi aytib o‘tildi.
Tadbirda berishga ulgurilmagan savollar uchun savollar qutisi tashkil qilindi va har bir savolga shaxsan javob berilishi qayd etib o‘tildi. Eng muhimi, loyihani keying loyihalashtirish jarayoni va yakuniy ekspertizada bildirilgan har bir taklif va e’tirozlarga e’tibor qaratilishi qayd etib o‘tildi.





