add

Shimoliy Koreyada «hamburger» va «karaoke» so‘zlarini qo‘llash taqiqlandi

15.09.2025 | 18:207024

Turizm xodimlarini tayyorlash davomida Shimoliy Koreyada ingliz va janubiy koreyscha so‘zlaridan qochish bo‘yicha qat’iy tavsiyalar berildi.

Shimoliy Koreyada «hamburger» va «karaoke» so‘zlarini qo‘llash taqiqlandi
Koreya Xalq Demokratik Respublikasida (KXDR) turizm sohasidagi gidlar uchun uch oylik maxsus tayyorlov kurslari boshlandi. Bu dastur doirasida kelajakda sayyohlarga hamrohlik qiluvchi mutaxassislarga qanday gapirish va qaysi so‘zlardan qochish kerakligi haqida maxsus ko‘rsatmalar berildi. Bu haqda Daily NK nashri xabar qildi. 21 avgustdan boshlab mamlakat bo‘ylab gidlar tayyorlash kurslari start olgan. Kadrlar bilan ishlash partiya boshqarmasi rahbarligida o‘tkazilayotgan bu loyihada har bir guruhda 20–30 kishi qatnashmoqda. Ular provinsiyalardagi xorijiy tillar universitetlari bitiruvchilari va sayyohlik idoralari stajyorlaridir. Maxsus o‘quv dasturi orqali ishtirokchilarga «sof shimoliy koreyscha til»dan foydalanish, ingliz yoki janubiy Koreyadan kirib kelgan so‘zlardan qochish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Masalan, «hamburger» o‘rniga «dajing-gogi kyoppan» («qovurma go‘shtli ikkita non»), «ays-krim» (muzqaymoq) o‘rniga «esukimo» yoki «orimbosingi», «karaoke-mashina» o‘rniga esa «ekranli qo‘shiq apparati» atamasi qo‘llanishi kerakligi ta’kidlangan. Loyihaning maqsadi — janubiy Koreya ta’siri va global inglizizmlardan xalos bo‘lib, milliy til normalarini turizm sohasida ham mustahkamlash, deydi manbalar. Ammo stajyorlardan biri, turistlar bilan muloqotda ba’zan tushunarli bo‘lishi uchun ayrim xalqaro so‘zlarni qo‘llashga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan.
«Bir noto‘g‘ri so‘z aytib qo‘ysangiz, butun dasturdan haydab yuborishlari mumkin. Shuning uchun fikr bildirishga ham ehtiyot bo‘lamiz», — degan stajyor jurnalistlarga.
Ushbu tayyorlov kurslari 3 oy davom etadi, so‘ngra imtihon o‘tkazilib, muvaffaqiyatli qatnashchilar rasman ishga qabul qilinadi. Eslatib o‘tamiz, pandemiya sabab 2020 yildan beri yopiq bo‘lgan KXDR 2024 yil boshida Rossiyadan kelgan sayyohlar guruhi bilan turizmni qayta tikladi.

Teglar

Mavzuga oid