So‘m 32 yoshda: O‘zbekistonda qanday pullar muomalada bo‘lgan?
Bugun, 1-iyul kuni o‘zbek so‘mi muomalaga kiritilganiga 32 yil to‘ldi. Vaqt.uz o‘tgan vaqt davomida muomalaga chiqarilgan milliy valutadagi barcha pullarni esga oldi.
© statuz1-iyul O‘zbekiston milliy valutasi — so‘m muomalaga kiritilgan kun hisoblanadi. 1994 yildan buyon o‘zbek so‘mi bir necha bosqichda yangilandi, ayrim banknotlar tarixga aylandi, ayrimlari esa bugungi kungacha foydalanilmoqda. Vaqt.uz o‘tgan 32 yil davomida muomalaga chiqarilgan milliy valutadagi barcha pullarni eslaydi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham bir muddat sobiq ittifoq pul tizimidan foydalandi. 1993 yil 15-noyabrgacha mamlakatda sobiq SSSR va Rossiya banknotlari muomalada bo‘lgan. Shu kuni esa mustaqil milliy valutaga o‘tishning oraliq bosqichi sifatida so‘m-kupon muomalaga kiritildi.
1994 yil 1-yanvardan boshlab sobiq ittifoq pullari muomaladan chiqarilib, so‘m-kupon mamlakatdagi yagona qonuniy to‘lov vositasiga aylandi.
Oradan yarim yildan ko‘proq vaqt o‘tib, Prezidentning 1994 yil 16-iyundagi PF–870-sonli farmoniga muvofiq, 1994 yil 1-iyuldan O‘zbekistonning milliy valutasi — so‘m muomalaga kiritildi.
So‘m avvalgi so‘m-kupon o‘rnini 1 000:1 nisbatda egalladi. Korxona va tashkilotlar hisobvaraqlari, aholi omonatlari, ish haqi, pensiya, stipendiya hamda boshqa to‘lovlar ham ayni shu nisbatda qayta hisoblandi.
Yangi valutaga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshirildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida so‘m-kuponlar 1994 yil 1-avgustga qadar yangi so‘m bilan bir qatorda muomalada bo‘ldi. Shundan so‘ng mamlakat hududidagi barcha hisob-kitoblar faqat milliy valuta — so‘mda amalga oshirila boshlandi.
1994 yildagi 100 so‘mgacha bo‘lgan banknotalar Germaniyaning «Giesecke & Devrient» firmasida bosilgan. 1997 yildan boshlab 200 so‘mlik va undan yuqori kupyuralar Toshkentdagi «Davlat belgisi» davlat korxonasida bosib chiqarilmoqda.
Markaziy bank tomonidan 32 yil davomida so‘mning 21 xil banknoti muomalaga chiqarildi. Dastlab, 1994 yil 1, 3, 5, 10, 20, 50 tiyinlik tangalar va 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik kupyuralar muomalaga kiritilgan. 1, 3, 5, 10, 25 so‘mlik kupyuralar 2020 yil 1-martga qadar, 50 va 100 so‘mlik esa 2019 yil 1-iyulga qadar muomalada bo‘lgan.
1 so‘m (2020 yil 1-martga qadar muomalada bo‘lgan)


1994 yil namunasidagi 1 so‘mlik milliy banknota 120×62 mm o‘lchamda, oq rangli maxsus himoyalangan qog‘ozda chop etilgan. Unda sakkiz qirrali naqshlar ko‘rinishidagi suv belgisi, himoya ipi, mikroyzuvlar va ultrabinafsha nurlarda ko‘rinadigan xavfsizlik elementlari qo‘llanilgan.
Banknotning asosiy ranglari och yashil va pushti bo‘lib, old tomonida O‘zbekiston Davlat gerbi, nominal qiymati hamda Markaziy bank nomi tasvirlangan.
Banknotning orqa tomonida Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri binosi va maydondagi favvora tasviri aks ettirilgan.
3 so‘m (2020 yil 1-martga qadar muomalada bo‘lgan)


1994 yil namunasidagi 3 so‘mlik banknota ham 120×62 mm o‘lchamda, suv belgisi va himoya ipiga ega maxsus oq qog‘ozda chop etilgan.
Banknotning old tomoni asosan qizg‘ish-qo‘ng‘ir va yashil-sariq ranglarda bezatilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Davlat gerbi, nominal qiymati va Markaziy bank nomi tasvirlangan.
Banknotning orqa tomonida Buxorodagi «Chashmai Ayyub» tarixiy-me’moriy yodgorligi tasviri aks ettirilgan.
5 so‘m (2020 yil 1-martga qadar muomalada bo‘lgan)


5 so‘mlik banknota biroz kattaroq — 142×69 mm o‘lchamda tayyorlangan bo‘lib, unda O‘zbekiston Davlat gerbi shaklidagi lokal suv belgisi, «O‘ZBEKISTON» yozuvli himoya ipi, mikroyzuvlar, yashirin tasvirlar va ultrabinafsha nurlarda ko‘rinadigan xavfsizlik elementlari qo‘llanilgan.
Banknotning old tomoni ko‘k va qizg‘ish-qo‘ng‘ir ranglarda bezatilgan. Unda Buxorodagi Minorai Kalon me’moriy yodgorligi tasviri, uning ikki yonida esa afsonaviy Semurg‘ qushlari aks ettirilgan.
Orqa tomonida esa Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘da o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykali tasvirlangan.
10 so‘m (2020 yil 1-martga qadar muomalada bo‘lgan)


1994 yil namunasidagi 10 so‘mlik banknota ham 142×69 mm o‘lchamda maxsus himoyalangan qog‘ozda chop etilgan. Unda Davlat gerbi shaklidagi suv belgisi va boshqa pullar kabi himoya belgilari qo‘llanilgan.
Banknotning old tomoni binafsha va ko‘k ranglar uyg‘unligida bezatilgan. Orqa tomonida Samarqanddagi Go‘ri Amir maqbarasi tasvirlangan.
25 so‘m (2020 yil 1-martga qadar muomalada bo‘lgan)


25 so‘mlik banknota 142×69 mm o‘lchamda maxsus himoyalangan oq qog‘ozda chop etilgan.
Banknotning old tomoni to‘q ko‘k, yashil va binafsha ranglar uyg‘unligida bezatilgan. Uning orqa tomonida Samarqanddagi Shohi Zinda me’moriy majmuasi tasvirlangan.
50 so‘m (2019 yil 1-iyulga qadar muomalada bo‘lgan)


50 so‘mlik banknota ham 142×69 mm o‘lchamda maxsus himoyalangan qog‘ozda chop etilgan.
Banknotning old tomonida Buxoro zardo‘zligi uslubidagi milliy naqsh kompozitsiyasi tasvirlangan. Orqa tomonida esa Samarqanddagi Registon tarixiy-me’moriy ansambli o‘rin olgan.
100 so‘m (2019 yil 1-iyulga qadar muomalada bo‘lgan)


100 so‘mlik banknota 1994 yilda chiqarilgan eng yirik pul edi. 142×69 mm o‘lchamda chop etilgan banknotning old tomoni ko‘k, binafsha va zangori ranglar uyg‘unligida bezatilgan.
Uning orqa tomonida Toshkentdagi «Xalqlar do‘stligi» saroyi tasvirlangan. Bu joy bir muddat «Istiqlol» nomi bilan ham faoliyat olib borgandi.
200 so‘m (2020 yil 1-iyulga qadar muomalada bo‘lgan)


1997 yilda muomalaga chiqarilgan 200 so‘mlik banknota avvalgi namunalaridan yirikroq — 144×78 mm o‘lchamda tayyorlangan. Unda Davlat gerbi shaklidagi suv belgisi, metall qo‘shilgan himoya ipi, rangini o‘zgartiruvchi maxsus bo‘yoq, bo‘rtma mikroyozuvlar, magnit va fluoressent bo‘yoqlar kabi o‘sha payt uchun zamonaviy himoya texnologiyalaridan foydalanilgan.
Banknotning orqa tomonida Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi quyosh ko‘tarib borayotgan sher tasviri aks ettirilgan.
500 so‘m (2020 yil 1-iyulga qadar muomalada bo‘lgan)


1999 yil namunasidagi 500 so‘mlik banknota 144×78 mm o‘lchamda tayyorlangan. Banknot Davlat gerbi shaklidagi suv belgisi, metall qo‘shilgan himoya ipi, rangini o‘zgartiruvchi optik element, mikroyozuvlar hamda ultrabinafsha nurlarda ko‘rinadigan maxsus belgilar bilan himoyalangan.
Banknotning orqa tomonida Toshkentdagi Amir Temur haykali tasvirlangan. Dizaynda esa milliy naqshlar, nominal qiymat va qalbakilashtirish qonunan ta’qib qilinishi haqidagi ogohlantiruvchi yozuv o‘rin olgan.
1 000 so‘m


1 000 so‘mlik banknota hozirgacha muomalada bo‘lib turgan eng kichik pul bo‘lishdan tashqari, 2001 yildan 2013 yilgacha eng uzoq vaqt davomida eng yirik pul bo‘lgan.
O‘sha davrda 12 yil davomida Markaziy bank yangi qiymatdagi so‘mni muomalaga chiqarmagan.
1 000 so‘mlikning orqa tomonida Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi tasvirlangan.
5 000 so‘m


12 yillik tanaffusdan so‘ng 2013 yili Markaziy bank 5 000 so‘mlik yangi banknotalar muomalasini yo‘lga qo‘yadi. Uning o‘lchami — 144×78 mm.
5 000 so‘mlik kupyura mamlakatda yuqori nominaldagi yangi avlod pul belgilarining boshlanishi bo‘ldi. Banknotning orqa tomonida O‘zbekiston Oliy Majlisi binosi tasvirlangan.
10 000 so‘m


2017 yilda muomalaga chiqarilgan 10 000 so‘mlik banknota 144×78 mm o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan.
Unda Davlat gerbi va «10000» raqami ko‘rinishidagi suv belgisi, «Darcha» va 3D effektli himoya ipi, bo‘rtma bosma, rangini o‘zgartiruvchi optik elementlar hamda boshqa zamonaviy xavfsizlik belgilari qo‘llanilgan.
Ushbu banknota himoya darajasi bo‘yicha avvalgi namunalarga nisbatan ancha takomillashtirilgan.
Banknotning orqa tomonida O‘zbekiston Senati binosi tasvirlangan bo‘lib, gumbazi tepasida davlat bayrog‘i aks ettirilgan. Old tomonida esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki yozuvi mavjud.
50 000 so‘m


2017 yil 22-avgustdan muomalaga chiqarilgan 50 000 so‘mlik banknota 144×78 mm o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda tayyorlangan. Unda Davlat gerbi va «50000» raqami ko‘rinishidagi suv belgisi, «Darcha» va 3D effektli himoya ipi, rangini o‘zgartiruvchi optik elementlar, mikroyozuvlar hamda bo‘rtma bosma kabi zamonaviy himoya texnologiyalari qo‘llanilgan.
Banknotning old tomonida Mustaqillik maydonidagi «Ezgulik» arkasi va uning tepasidagi parvozga shaylangan laylaklar tasvirlangan. Orqa tomonida Toshkentdagi Anjumanlar saroyi aks ettirilgan.
100 000 so‘m


10 000 so‘mlik va 50 000 so‘mlik banknotlar chiqarilishidan ikki yil o‘tib, 2019 yilda 100 000 so‘mlik banknota aholi orasida muomalaga qo‘yiladi.
Bu kupyura buyuk astronom va davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek hayoti hamda ilmiy merosiga bag‘ishlangan. 144×78 mm o‘lchamdagi himoyalangan qog‘ozda chop etilgan banknotda Mirzo Ulug‘bek tasviri tushirilgan suv belgisi, 3D effektli himoya ipi, rangini o‘zgartiruvchi optik elementlar, mikroyozuvlar, bo‘rtma bosma va ko‘zi ojizlar uchun maxsus belgilar qo‘llanilgan.
Banknotning old tomonida Mirzo Ulug‘bek haykali, Quyosh tizimi sxemasi va astronomik uskunalar tasvirlangan bo‘lsa, orqa tomonida Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi aks ettirilgan.
100 000 so‘m (yangi ko‘rinishda)


2021 yilda Markaziy bank 100 000 so‘mlik banknotning yangilangan ko‘rinishini muomalaga chiqardi.
Qayta ishlangan banknota 152×69 mm o‘lchamda himoyalangan qog‘ozda chop etilgan bo‘lib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplangan. Unda «siljish» effektiga ega himoya ipi, Spark Live optik elementi, taktil belgilar, suv belgilari va boshqa zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari qo‘llanilgan.
Shu bilan birga, banknotning o‘lchami va dizayni ham yangilandi. Banknot «Buyuk Ipak yo‘li» turkumiga mansub bo‘lib, old tomonida Xivadagi Ichan qal’a majmuasi, orqa tomonida esa qadimiy Xorazm davlati poytaxtlaridan biri bo‘lgan Angqaqal’a arxeologiya yodgorligi tasvirlangan.
Shuningdek, dizaynda Buyuk Ipak yo‘li xaritasi, qadimiy sopol idish va kumush tanga kabi tarixiy ramzlardan foydalanilgan.
50 000 so‘m (yangi ko‘rinishda)


Yangi ko‘rinishdagi 100 000 so‘mlik bilan birgalikda 50 000 so‘mlik banknota ham muomalaga chiqarildi.
Qayta ishlangan banknota 147×69 mm o‘lchamda himoyalangan qog‘ozda chop etilib, old va orqa tomonlari maxsus lak bilan qoplandi.
Unda «siljish» effektiga ega himoya ipi, Spark Live optik elementi, taktil belgilar, suv belgilari va boshqa zamonaviy himoya texnologiyalari qo‘llanildi. Yangi dizayn banknotning himoya darajasini oshirish bilan birga uni xalqaro standartlarga yaqinlashtirdi.
Banknot «Buyuk Ipak yo‘li» turkumining bir qismi bo‘lib, old tomonida Surxondaryodagi Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi, orqa tomonida esa Fayoztepa arxeologiya yodgorligi tasvirlangan.
Pulning dizaynida Sopollitepa yodgorligidan topilgan qadimiy sopol idishlar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi va tinchlik ramzi bo‘lgan uchayotgan kabutar tasvirlari aks ettirilgan.
20 000 so‘m

2021-yili aholining ehtiyojlari inobatga olingan holda yangi namunadagi 20 000 so‘mlik banknota 147×69 mm o‘lchamda taqdim etiladi.
U «Buyuk Ipak yo‘li» turkumiga kiradi va zamonaviy himoya texnologiyalari bilan jihozlangan. Xususan, banknotda dinamik effektli himoya ipi, rangini o‘zgartiruvchi optik element, taktil belgilar, suv belgilari va boshqa zamonaviy xavfsizlik vositalari qo‘llanilgan.
Banknotning old tomonida Qoraqalpog‘istondagi Qo‘yqirilgan qal’a yodgorligi, orqa tomonida esa Jonbos qal’a arxeologiya yodgorligi tasvirlangan.
Uning dizaynida Qoraqalpoq xalqining milliy naqshlari, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi hamda qadimiy Xorazm va Orolbo‘yi hududlaridan topilgan sopol idishlar va tuya shaklidagi tarixiy artefaktlar aks ettirilgan.
10 000 so‘m (yangi ko‘rinishda)


2021-yil «Buyuk Ipak yo‘li» turkumida yangi namunadagi 10 000 so‘mlik banknota ham 147×69 mm o‘lchamda muomalaga chiqariladi.
Banknotning old tomonida Toshkentdagi Ko‘kaldosh madrasasi, orqa tomonida esa qadimiy Shoshtepa arxeologiya yodgorligi tasvirlangan.
Shuningdek, yangi ko‘rinishdagi 10 000 so‘mlikda Toshkentning qadimiy hunarmandchiligi namunalaridan sopol lagan va ro‘zg‘or idishlari, shahar darvozalari ramzi hamda Buyuk Ipak yo‘li karvon yo‘llari aks ettirilgan bo‘lib, ular poytaxtning boy tarixiy va madaniy merosini ifodalaydi.
5 000 so‘m va 2 000 so‘m


2021-yili Markaziy bank «Buyuk Ipak yo‘li» turkumini yagona uslubdagi 5 000 va 2 000 so‘mlik yangi namunadagi banknotlar bilan ham to‘ldirdi.
Mos ravishda 142×69 mm o‘lchamda tayyorlangan ushbu pul belgilarida metallashgan himoya iplari, rangini o‘zgartiruvchi optik elementlar, taktil belgilar, suv belgilari, mikroyozuvlar va boshqa zamonaviy xavfsizlik texnologiyalari qo‘llanilgan.
5 000 so‘mlik banknot Samarqand tarixiga bag‘ishlangan bo‘lib, uning old tomonida Sherdor madrasasi, orqa tomonida Afrosiyob arxeologiya yodgorligi tasvirlangan.
2 000 so‘mlik banknot esa Buxoro merosini aks ettiradi: old tomonida Buxoro arki, orqa tomonida Poykent arxeologiya yodgorligi o‘rin olgan.
Har ikki banknot dizaynida qadimiy arxeologik topilmalar, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi va hududlarning tarixiy ramzlari aks ettirilgan.
200 000 so‘m

200 000 so‘mlik nominaldagi pul Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan eng so‘nggi banknota bo‘lib turibdi.
U ham «Buyuk Ipak yo‘li» turkumiga kirib, hozirda eng yirik qiymatga ega pul hisoblanadi.
Banknot Farg‘ona vodiysining boy tarixiy merosiga bag‘ishlangan. Uning old tomonida Qo‘qondagi Xudoyorxon o‘rdasi, orqa tomonida esa qadimiy Axsikent arxeologiya yodgorligi tasvirlangan.
Shunday qilib, bugungi kunda O‘zbekistonda 1 000, 2 000, 5 000, 10 000, 20 000, 50 000, 100 000 va 200 000 so‘mlik banknotlar, shuningdek, 50, 100, 200, 500 va 1 000 so‘mlik tangalar muomalada. Ayrim nominallarda eski va yangi namunadagi banknotlar ham parallel ravishda qonuniy to‘lov vositasi sifatida amal qilmoqda.
O‘tgan 32 yil davomida so‘m bir necha bor yangilanib, dizayni, nominallari va himoya texnologiyalari takomillashdi.
Biroq uning asosiy vazifasi o‘zgarmadi — mamlakat hududidagi yagona qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib qolish hamda O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi va moliyaviy suverenitetini ifodalash.
Teglar






