Logo

Startaplar rivojlanishi O‘zbekistonga nega kerak? Ekologik va iqtisodiy sabablar

Bugun 11:193 daqiqa

Vaqt.uz kolumnisti suv tanqisligi va startaplar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushuntiradi.

Startaplar rivojlanishi O‘zbekistonga nega kerak? Ekologik va iqtisodiy sabablar © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

O‘zbekistonliklar har kuni jo‘mrakni ochadi, suv oqadi. Choy damlaydi, idish yuvadi, bog‘ni sug‘oradi. Ko‘pchilikning xayoliga «yana o‘n yildan keyin shu suvning chorak qismi yetishmay qolishi mumkin» degan fikr deyarli kelmaydi. Chunki suv aholi uchun havodek oddiy ne’mat. Aslida esa raqamlar butunlay boshqa manzarani chizyapti.  

Ilmiy prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekistonda 7 milliard kub metr suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Bu — bugungi iste’molning qariyb chorak qismi. «O‘zsuvta’minot» rahbariyati Senat majlisida ta’kidlaganidek, aynan shu tanqislik tufayli O‘zbekiston dunyodagi eng suv tanqis 33 davlat qatoridan joy olishi xavfi mavjud. Bir avlod ichida jon boshiga to‘g‘ri keladigan suv miqdori 3 048 kub metrdan 1 589 kub metrgacha, ya’ni deyarli ikki barobarga kamaydi. Amudaryo va Sirdaryo oqimi esa so‘nggi ellik yilda 20 foizga qisqardi.

Vaziyatni yanada murakkablashtiradigan jihat shundaki, bugun o‘zbekistonliklar foydalanayotgan suvning atigi 20 foizi mamlakat hududida shakllanadi. Qolgan 80 foizi qo‘shni davlatlar hududidagi tog‘ muzliklaridan oqib keladi. Markaziy Osiyoning «suv minorasi» sanalgan Tyan-Shan muzliklari so‘nggi 50 yilda o‘z massasining 27 foizini yo‘qotdi. Olimlar hisob-kitobiga ko‘ra, 2050 yilga borib qolgan muzliklarning ham qariyb yarmi erib ketishi mumkin.  Bu endi faqat ekologik muammo emas, balki iqtisodiy masala hamdir.

O‘zbekistonda suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligiga sarflanadi. Jahonda bu ko‘rsatkich o‘rtacha 65 foizni tashkil etadi. Demak, o‘zbek iqtisodiyotining tayanchi bo‘lib kelgan paxta, bug‘doy va dehqonchilik aynan suv tanqisligidan eng ko‘p zarar ko‘radigan sohalar hisoblanadi.

Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, mamlakat har yili suv tanqisligi sabab qariyb 5 milliard dollar yo‘qotyapti. Jahon banki esa vaziyat o‘zgarmasa, 2035 yilga borib suv yetishmovchiligi yalpi ichki mahsulotni 11 foizga qisqartirishi mumkinligini urg‘ulayapti.  

Shu yerda asosiy savol tug‘iladi: agar suvga bog‘liq tarmoqlar tobora ko‘proq bosim ostida qolayotgan bo‘lsa, kelajak iqtisodiyotining tayanchi nima bo‘ladi?

Javoblardan biri — bilim va texnologiyaga asoslangan iqtisodiyot. Texnologik kompaniyalar, dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksporti tabiiy resurslarga deyarli bog‘liq emas. Bir kilogramm paxta yoki bir tonna bug‘doy yetishtirish uchun minglab litr suv kerak bo‘lsa, dasturchining eksport qilgan kodi yoki startap yaratgan raqamli mahsuloti uchun bunday resurs talab etilmaydi. Aynan shu sababli dunyoning ko‘plab davlatlari singari O‘zbekiston ham texnologik kompaniyalar va startaplarni faol qo‘llab-quvvatlayapti. Buni raqamlar ham tasdiqlaydi.

2025 yilda O‘zbekiston startaplariga kiritilgan investitsiyalar 329 million dollarga yetib, bir yil avvalgiga nisbatan 522 foizga oshdi. Startaplar soni 400 tadan 750 taga ko‘paydi, ekotizimning 2020–2025 yillardagi umumiy qiymati esa 3,9 milliard dollarga baholandi. IT Park rezidentlari soni 2 800 tadan oshdi, ularning 730 dan ortig‘i xorijiy kompaniyalardir. Mamlakatning uzoq muddatli maqsadi esa 5 milliard dollarlik IT xizmatlari eksportiga erishish va sohada 300 mingdan ortiq ish o‘rni yaratishdan iborat.  

Toshkentdagi bir dasturchi AQSHdagi kompaniya uchun kod yozayotganida, u nafaqat eksport tushumini oshiryapti. U, ma’lum ma’noda, iqlim o‘zgarishlari sharoitida mamlakat iqtisodiyotining barqarorligini ham mustahkamlayapti. Chunki suv kamayishi mumkin, muzliklar erishi mumkin, qishloq xo‘jaligi oldidagi xatarlar ortishi mumkin, ammo o‘sha vaqtgacha bilim va texnologiya eksportiga tayangan iqtisodiyot shakllansa, mamlakat tabiiy resurslarga qaramlikni sezilarli darajada kamaytiradi.  

Endi O‘zbekiston nega startaplar va texnologiyalarga bu qadar katta e’tibor qaratayotganini endi yanada yaxshiroq tushunish mumkin. Gap faqat «innovatsiya» yoki «raqamli iqtisodiyot» degan chiroyli iboralarda emas. Gap kelajakda jo‘mrakdan suv kamroq oqadigan bo‘lsa ham, iqtisodiyotdan imkoniyat va farovonlik oqimi to‘xtab qolmasligidadir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amudaryodagi suv sathi sezilarli darajada pasaygani va uning sababi nimaligi haqida yozgan edik. Bundan tashqari, Water Stress by Country 2026 hisoboti O‘zbekistonni suv tanqisligi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiritdi.

Teglar

Mavzuga oid

Startaplar rivojlanishi O‘zbekistonga nega kerak? Ekologik va iqtisodiy sabablar | Vaqt.uz