
«Toshshahartrans» ishi: Oliy sud jazoni yengillashtirish sababini izohladi
30.07.2025 | 15:0028243
7,5 yilga qamalgan «Toshshahartransxizmat» rahbari A. Jurayev ozod etilgani jamoatchilikda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oliy sud uning va boshqa sudlanuvchilarning ozodlikdan mahrum etilmasligiga asos bo‘lgan omillarni bayon etdi.
Oliy sud Toshkent shahar transport tizimidagi korrupsiya ishi — «Toshshahartransxizmat» rahbari A. Jurayev va boshqalarga nisbatan chiqarilgan sud qarori yuzasidan rasmiy bayonot e’lon qildi. Unda ta’kidlanishicha, 2025 yil 3 fevralda Yunusobod tuman sudi A. Jurayev va 20 nafar xodimni Jinoyat kodeksining bir nechta moddalari, jumladan 167-modda 3-qismi «a» bandi bo‘yicha aybli deb topgan.
Sud 6 nafar sudlanuvchi, jumladan A. Jurayevni 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm etgan. Sud zararni 2,47 mlrd so‘m deb baholagan va jinoyatchilardan ushbu mablag‘ni undirish, shuningdek, 2 ta uy-joyni musodara qilish bo‘yicha qaror qabul qilgan.
Biroq, sud hukmi ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlari va prokuror protestidan so‘ng, ish Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rildi. Sud jarayonida sudlanuvchilar yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qopladi. Bu holat Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismiga muvofiq, ozodlikdan mahrum qilish jazosini qo‘llamaslik imkonini berdi.
Natijada, apellyatsiya sudi 2025 yil 5 iyun sanasida A. Jurayev va boshqalarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinladi. Sud zarardan ortgan mablag‘larni davlat foydasiga o‘tkazish, jinoiy mablag‘lar evaziga olingan 2 ta uy-joyni musodara qilish haqida ham qaror chiqardi.
Oliy sudning bayonotida qayd etilishicha, mazkur ajrimdan norozi tomonlar Jinoyat-protsessual kodeksning 510-moddasi asosida shikoyat qilish huquqiga ega.
Avvalroq, «Toshshahartrans»ning 7,5 yilga qamalgan sobiq rahbari yarim yilda ozod etilganligi haqida xabar bergan edik.





