
Xabi Leym brendi 900 million dollarga sotildi
Dunyodagi eng mashhur tiktokerlardan biri Xabi Leym o‘z brendining global tijoriy huquqlarini 900 million dollarga sotdi.

TikTok platformasida eng yirik akkaunt egasi sanalgan Xabi Leym o‘z brendiga oid tijoriy huquqlarni taxminan 900 million dollarga sotdi. Business Insider Africa xabar berishicha, bitim doirasida Rich Sparkle Holdings kompaniyasi bloger brendining jahon miqyosidagi eksklyuziv tijoriy huquqlarini qo‘lga kiritgan.
Kelishuv uch yillik muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, Step Distinctive Limited kompaniyasi ulushining bir qismini sotishni nazarda tutadi. Shu bilan birga, Xabi Leym kompaniyada nazorat paketi egasi sifatida qoladi. Rich Sparkle Holdings esa uning tijoriy faoliyatini xalqaro bozorlarda kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Bitim shartlari qanday?
Bitim shartlariga ko‘ra, xaridor kompaniya brendlar bilan hamkorlik qilish, reklama shartnomalarini tuzish, litsenziyalash va elektron tijorat sohasidagi barcha asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha huquqlarga ega bo‘ladi. Kompaniya mazkur faoliyatlar yillik daromadni 4 milliard dollargacha yetkazishi mumkin deb hisoblamoqda.
Shuningdek, kelishuv doirasida Xabi Leymning tashqi qiyofasi, ovozi va xulq-atvor xususiyatlari asosida uning «raqamli egizi» yaratilishi rejalashtirilgan. Bu texnologiya orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar tashkil etish va auditoriya bilan uzluksiz aloqani ta’minlash imkoniyati yaratiladi.
Bunday yondashuv kontent ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va bloger ishtirokisiz ham uning obrazidan foydalanish orqali tijoriy samaradorlikni oshirishga qaratilgan.
Ma’lumot uchun, Xabi Leym TikTok platformasida 160 milliondan ortiq obunachiga ega. Uning turli ijtimoiy tarmoqlardagi jami auditoriyasi esa taxminan 360 million nafarni tashkil etadi. Mutaxassislar fikricha, ushbu bitim inflyuyenserlar bozorida intellektual mulk va raqamli shaxs huquqlarining yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.





