add

Yana bir ko‘l 20 kun ichida yo‘q bo‘lib ketadi, Kaspiy dengizini ham shu taqdir kutmoqda

27.08.2025 | 21:2036385

Ko‘lning qurishi G‘arbiy va Sharqiy Ozarbayjon aholisining sog‘lig‘iga, nafas olish tizimi va sanitariya holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shuningdek genetik xavflarni ham oshiradi.

Yana bir ko‘l 20 kun ichida yo‘q bo‘lib ketadi, Kaspiy dengizini ham shu taqdir kutmoqda
Eronda suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish va global isish oqibatida so‘nggi paytlarda tez sayozlashib borayotgan Urmiya ko‘li yaqin kelajakda butunlay yo‘q bo‘lib ketishi haqida ogohlantirish berildi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bir vaqtlar dunyodagi eng yirik sho‘r ko‘llardan biri hisoblangan bu suv havzasi bugungi kunda atigi 100 million kub metr suvni o‘z ichiga olib, 200 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Ko‘lning eng chuqur joyi esa bor-yo‘g‘i yarim metrni tashkil etadi. Eronning Atrof-muhitni muhofaza qilish tashkiloti sobiq rahbari Iso Kalantari vaziyatni «halokatli» deb baholab, ko‘l 20 kun ichida bug‘lanib ketishini ta’kidladi. U ko‘lning sayozlashishiga asosiy sabablar sifatida to‘g‘onlarning haddan tashqari qurilishi, qishloq xo‘jaligi maydonlarining nooqilona kengaytirilishi va suv resurslariga bo‘lgan ekologik huquqlarni ta’minlay olmaslikni ko‘rsatib o‘tdi. Kalantari ogohlantirganidek, ulkan tuz zaxiralarini o‘z ichiga olgan Urmiya tubi to‘liq qurigandan so‘ng zaharli chang manbaiga aylanadi. Bu esa G‘arbiy va Sharqiy Ozarbayjon aholisining sog‘lig‘iga, jumladan nafas olish tizimi, sanitariya holati va genetik xavflar kabi tahdidlar soladi. Urmiyaning halokati muqarrar ko‘rinsa-da, Kaspiy dengizi ham keng ko‘lamli ekologik falokatga olib keluvchi jarayonlarga duch kelmoqda. Ilgari xabar qilinganidek, Kaspiy sathining keskin pasayishi uning suv yuzasi maydonining 30 ming kvadrat kilometrdan ortiqroq qisqarishiga sabab bo‘ldi. Sayozlik Qozog‘iston, Turkmaniston va Ozarbayjon portlari orasidagi yuk tashishni qiyinlashtirdi, chunki kemalar to‘liq yuklanish imkoniyatiga ega emas. Mutaxassislarning bashoratlariga ko‘ra, joriy yilda Kaspiy dengizi sathi so‘nggi besh yildagi eng tez sur’atda pasayishda davom etadi. Buning sababi makromintaqada yog‘ingarchilik miqdorining kamligi. Dengizning eng sayoz qismi shimolda, eng sersuv qismi esa janubda, Eron qirg‘oqlari yaqinida joylashgan. Bashoratlarga ko‘ra, yil oxirigacha Kaspiy sathi yana 25-30 santimetrga pasayadi, 2030 yilga kelib esa bu ko‘rsatkich bir metrdan ham oshib ketishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid