add

«Yandex»ga boykot: Haydovchilar nega norozi?

Bugun 18:553273 daqiqa

Bugun, 15-dekabr kuni, «Yandex»ga qarshi boykot boshlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, haydovchilar va foydalanuvchilar orasida yolg‘on taksi chaqiruvlari avj olmoqda.



Ayrim «Yandex» haydovchilari aynan shu kuni ishga chiqmaslikka chaqirgan, boshqalar esa xizmatni vaqtincha to‘xtatganini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videoda foydalanuvchi bir nechta taksiga buyurtma bergani, ulardan biri kelib pullik kutishni amalga oshirayotgani, ba’zilari esa ataylab tirbandlik ko‘p bo‘ladigan nuqtaga chaqirilib, ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgani aks etgan.

«Yandex»ga boykot qanday boshlangan edi?

Harakat dastlab Rossiyadagi taksi haydovchilari orasida boshlanib, keyinchalik O‘zbekiston haydovchilari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Rossiyadagi Yandex taksi haydovchilaridan biri 15-dekabr kuni ishga chiqmasdan, uyda qolib, kompaniyaga boykot e’lon qilishini ma’lum qilgan. Uning ta’kidlashicha, asosiy norozilik tarif siyosatining adolatsizligi — bosib o‘tilgan masofaga nisbatan to‘lanadigan haqning real xarajatlarga mos kelmasligi.

So‘nggi uch hafta ichida Rossiyada «Yandex» taksi faoliyatiga nisbatan norozilik keskin kuchaydi. Haydovchilar avvalo kompaniyaning tarif siyosatini asosiy muammo sifatida ko‘rsatmoqda. Ularning aytishicha, avvalgi yillarda ham daromad barqaror bo‘lmagan, ammo hozirgi sharoit yanada og‘irlashgan: koyeffitsiyentlar kam qo‘llanmoqda, buyurtmalar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, tariflar iqtisodiy jihatdan manfaatli darajada emas.

Mazkur norozilikni kuchaytirgan yana bir omil — «Yandex» rahbarlaridan birining avvalgi intervyusi. Unda kompaniya vakili tariflarning oshmasligiga haydovchilarning o‘zi sabab ekanini ta’kidlagan. Unga ko‘ra, haydovchilar past narxlarga rozi bo‘layotgan ekan, bozor mexanizmi aynan shu narxni qabul qiladi va tariflarni oshirishga asos qolmaydi. Bu bayonot haydovchilar orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Rossiyadagi vaziyat fonida, O‘zbekistonda ham «Yandex» atrofida norozilik kayfiyati kuchayib borayotgani kuzatilmoqda. Mahalliy blogerlar ham bu borada o‘z fikrlarini bildirmoqda. Ularning biri so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda quyidagicha murojaat bilan chiqqan

O‘zbekistonlik haydovchining fikriga ko‘ra, so‘nggi oylarda «Yandex»ning komissiya siyosati, tariflar balansi va soliq bilan bog‘liq chalkashliklar haydovchilar o‘rtasida keskin munozaralarga sabab bo‘lgan.

Tariflar oshsa, iste’molchi manfaatini kim himoya qiladi?

Haydovchilar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy talab — tariflarni oshirish yoki komissiya yukini kamaytirish. Ammo bu jarayonning ikkinchi tomoni ham bor: agar narxlar keskin oshirilsa, bu safar oddiy yo‘lovchilar manfaatiga qanday ta’sir qiladi? Jamoatchilik orasida aynan shu savol oldinga chiqadi.

Hozirgi tariflar misolida ham muammo aniq ko‘rinadi. Masalan, 8 km masofa uchun carpool xizmati 60 ming so‘m, start tarifi 70 ming so‘m, comfort esa 77 ming 500 so‘mni tashkil etmoqda. Agar tizim bosim ostida tariflarni qayta ko‘rib chiqib, ularni yana oshirsa, bu avvalo yo‘lovchilar uchun jiddiy xarajatlar ko‘payishiga olib keladi.

Bu esa bozor oldiga murakkab savolni qo‘yadi: haydovchi manfaatlari va yo‘lovchi qulayligi o‘rtasida qanday muvozanat topiladi?

Rossiyada ham, O‘zbekistonda ham haydovchilarning talabi bir xil: mehnatga munosib haq, aniq qoidalar va adolatli bozor. Lekin yo‘lovchi manfaatlarini ham unutmaslik kerak.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 19

Barchasi

Mavzuga oid