Yanvarda go‘sht va sut mahsulotlari eng ko‘p qimmatlashdi

19.02.2026 | 16:153 daqiqa

Markaziy bank sharhiga ko‘ra, Toshkentda narxlar boshqa hududlarga qaraganda ko‘proq oshdi. Asosiy qimmatlashuv oziq-ovqat, yoqilg‘i va xizmatlarda kuzatildi.

Yanvarda go‘sht va sut mahsulotlari eng ko‘p qimmatlashdi

Yanvar oyida aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 bandga pasayib, 11,2 foizni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkich 2018 yildan beri eng past natija hisoblanadi. Bu haqda Markaziy bankning yanvar oyi uchun aholi va tadbirkorlar kutilmalari bo‘yicha sharhida ma’lum qilingan.

Aholining kutilmalari

Yil boshida ham aholining asosiy xavotirlari kommunal xizmatlar, yoqilg‘i va energiya narxlarining qimmatlashishi bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, transport xarajatlari oshishi bo‘yicha kutilmalar ham bir bandga o‘sgan. Bu holat qish mavsumida an’anaga aylangan energetik muammolar bilan bog‘liq. Boshqa omillar, xususan oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi, monopoliya va narxlarning sun’iy oshirilishi bo‘yicha xavotirlar esa nisbatan kamaygan.

1

Aholining ko‘pchilik qatlamlarida inflyatsion kutilmalar o‘rtacha darajadan yuqori shakllangan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar davlat tashkilotlari va tibbiyot sohasi xodimlari orasida kuzatilgan, nisbatan past kutilmalar esa savdo hamda qishloq xo‘jaligi vakillari tomonidan qayd etilgan.

2

Hududlar kesimida eng yuqori inflatsiya kutilmalari Toshkent shahrida — 12,7 foiz hamda Qoraqalpog‘istonda — 12,1 foiz darajasida qayd etildi. Shuningdek, Farg‘ona viloyati o‘tgan oyga nisbatan keskin o‘sishni qayd etib, 10,7 foizdan 12,3 foizga oshgan. Eng past ko‘rsatkich esa Navoiy viloyatida — 9,5 foiz, o‘tgan oyda 11,5 foiz qayd etilgan edi.

3

Tadbirkorlar nimadan xavotirda?

Tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foiz bandga kamayib, 10,8 foizni tashkil etdi. Yanvar oyidagi so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarni eng ko‘p tashvishga solayotgan omil — valuta kursining o‘zgarishi bo‘ldi. Shu bilan birga, inflatsiyaga ta’sir qiluvchi boshqa omillar bo‘yicha xavotirlar pasaygan.

4

Eng yuqori kutilmalar tashish xizmatlari (12,8 foiz) hamda ilm-fan va ta’lim (12,7 foiz) sohalarida qayd etilgan. AT va OAV (11,8 foiz) hamda hunarmandchilik (11,0 foiz) sohalarida ham kutilmalar o‘rtachadan yuqori shakllangan. Respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich 10,8 foizni tashkil etgan. Nisbatan past kutilmalar ishlab chiqarish (10,1 foiz), savdo (9,8 foiz) hamda qishloq xo‘jaligi (9,8 foiz) sohalarida kuzatilgan.

5

Hududlar kesimida tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari o‘rtasida farq saqlanib qolmoqda. Eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryo viloyatida — 11,6 foiz. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qashqadaryo viloyatida 11,1 foiz darajasida shakllangan. Nisbatan past ko‘rsatkichlar Namangan (10,4 foiz), Buxoro (10,3 foiz) hamda Toshkent viloyatida (10,1 foiz) qayd etilgan.

Umuman, janubiy hududlarda inflyatsion bosim kutilmalari yuqoriroq, ayrim markaziy va sanoatlashgan hududlarda esa nisbatan mo‘’tadil shakllangan.

6

Sezilgan inflatsiya qanday bo‘ldi?

Hududlar kesimida inflatsiya eng yuqori Toshkent shahrida sezilgan, eng past ko‘rsatkich esa Xorazm viloyatida qayd etilgan. O‘rtacha baholashlarga ko‘ra, narxlar oshishi asosan oziq-ovqat mahsulotlari va yoqilg‘i bilan bog‘liq.

Dekabr–yanvar oylarida aholi eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar sifatida go‘sht va sut mahsulotlari, benzin va boshqa yoqilg‘ilar, elektr energiyasi hamda tabiiy gazni ko‘rsatgan. Shuningdek, dorilar, meva-sabzavot va transport xizmatlari ham narx bosimi kuchaygan yo‘nalishlar sifatida tilga olingan.

Daromad darajasiga qaraganda, oyiga 4 mln so‘mdan yuqori daromadga ega aholi inflatsiyani yuqoriroq baholagan. Eng yuqori ko‘rsatkich 30 mln so‘mdan ortiq daromadli respondentlarda kuzatilgan.

Kasblar kesimida davlat tashkilotlari xodimlari inflatsiyani eng yuqori baholagan, qishloq xo‘jaligida ishlovchilar esa nisbatan past ko‘rsatkichni qayd etgan. Bu farq iste’mol xarajatlari tarkibi bilan izohlanmoqda.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 102

Barchasi

Mavzuga oid