Logo

1 200 ga yaqin oilaga bepul quyosh panellari o‘rnatib beriladi

Бугун 19:422 дақиқа

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Buxoro viloyatlarida «Temir daftar» reestridagi 1 197 ta kam ta’minlangan oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatiladi.

1 200 ga yaqin oilaga bepul quyosh panellari o‘rnatib beriladi © BMT taraqqiyot dasturi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Buxoro viloyatlarida yashovchi kam ta’minlangan 1 197 ta oilaga quyosh panellari bepul o‘rnatib beriladi. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.

Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston Energetika vazirligi va Saudiya Arabistonining «Acwa» kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilayotgan «Yorqin xonadon» ijtimoiy loyihasining yakuniy bosqichi doirasida amalga oshirilmoqda.

Xabar qilinishicha, quyosh panellari o‘rnatiladigan oilalar ro‘yxati hududlar hokimliklari bilan hamkorlikda «Temir daftar» reyestri asosida shakllantiriladi.

Loyihaning avvalgi bosqichlari va umumiy qamrovi

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, «Yorqin xonadon» loyihasi doirasida shu vaqtga qadar Surxondaryo, Buxoro, Toshkent, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 580 ta oila hamda 334 ta ijtimoiy soha obyekti (maktab, maktabgacha ta’lim tashkiloti va qishloq vrachlik punktlari) quyosh panellari bilan ta’minlangan.

Yakuniy bosqich tugagach, loyiha orqali qamrab olingan oilalar va ijtimoiy soha obyektlarining umumiy soni 3 100 dan ortadi. Ta’kidlanishicha, bu ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash, energiya xarajatlarini kamaytirish va mamlakatda «yashil» energetikani rivojlantirishga xizmat qiladi.

«Qayta tiklanuvchi energiya manbalari — barqaror kelajakning muhim asoslaridan biri. «Yorqin xonadon» loyihasi doirasida ishonchli va samaradorligi yuqori bo‘lgan quyosh panellaridan foydalanilmoqda. Bu tashabbus ehtiyojmand oilalar va ijtimoiy obyektlarning elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirish bilan birga, ularga ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasini tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini ham beradi», — deydi «Acwa» kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Jon Zaidiy.

«Acwa» kompaniyasining O‘zbekistondagi loyihalari

Ma’lumot o‘rnida, Saudiya Arabistonining «Acwa» kompaniyasi O‘zbekistonda 2019 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda O‘zbekiston investitsiyalar hajmi bo‘yicha mazkur kompaniya uchun Saudiya Arabistonidan keyingi ikkinchi yirik bozorga aylangan.

Hozirda kompaniya tomonidan O‘zbekistonda umumiy quvvati 13,9 GVt va investitsiyalar hajmi 16,5 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lgan 19 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Ushbu loyihalar asosan shamol va quyosh energetikasi, energiya saqlash tizimlari, an’anaviy generatsiya va yashil vodorod yo‘nalishlarini o‘z ichiga oladi.

Теглар

Мавзуга оид

1 200 ga yaqin oilaga bepul quyosh panellari o‘rnatib beriladi | Vaqt.uz