1-martdan jarima xatlarini pochta orqali yetkazish to‘xtatiladi
Uzpost Ichki ishlar vazirligi «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan 2026 yil uchun shartnoma tuzilmagani sabab xizmat vaqtincha bekor qilinishini ma’lum qildi.

2026 yil 1-martdan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalarni yetkazib berish xizmati to‘xtatiladi. Bu haqda «O‘zbekiston pochtasi» aksiyadorlik jamiyati xabar berdi.
Qaror YHXX Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan shakllantiriladigan jarima xatlarini tarqatish amaliyotiga taalluqli.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, xizmatning bekor qilinishiga Ichki ishlar vazirligining «Xavfsiz shahar» tizimlarini rivojlantirish davlat muassasasi bilan 2026 yil uchun shartnoma imzolanmagani sabab bo‘lgan. Ya’ni pochta orqali jarima xatlarini yetkazish bo‘yicha hamkorlik huquqiy jihatdan rasmiylashtirilmagan.
Hozirgacha yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga ma’muriy bayonnomalar pochta orqali yuborilar, bu esa fuqarolarni xabardor qilishning asosiy kanallaridan biri hisoblanar edi. Xizmatning to‘xtatilishi jarimalarni yetkazish mexanizmlariga o‘zgarish kiritishi mumkin.
«O‘zbekiston pochtasi» ushbu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etib borilishini bildirdi. Ayni paytda jarima xatlarini yetkazishning yangi tartibi qanday bo‘lishi hozircha aniq emas.





