Logo

1-oktabrgacha Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi

Бугун 16:353 дақиқа

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha maxsus shtab tashkil etiladi. Unga energetika vaziri Sherzod Xodjayev boshchilik qiladi, tuman hokimi San’at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari bo‘ladi.

1-oktabrgacha Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi © Shutterstock

Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantiriladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan yoqilg‘i-energetika tarmog‘ini rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, tumanda 1,4 ming kilometr elektr tarmog‘i va 422 ta transformator mavjud. So‘nggi besh yilda aholining elektr iste’moli 68 million kilovatt-soatdan 102 million kilovatt-soatgacha, ya’ni qariyb 1,5 barobar oshgan. Biroq shu davrda atigi 60 ta transformator va 240 kilometr elektr tarmog‘i yangilangan. Yil boshidan buyon elektr tarmoqlaridagi yo‘qotishlar 30 million kilovatt-soatga yetgan, 37 ta avariya qayd etilgan.

Prezident tumanda to‘lov intizomi ham qoniqarli emasligini qayd etdi. Oqibatda debitor qarzdorlik 43 milliard so‘mga yetgan bo‘lib, uning 9,4 milliard so‘mi noreal qarzdorlik hisoblanadi. Shuningdek, 829 ta hisoblagich ASKUE tizimi talablariga javob bermaydi, yana 2 mingta hisoblagich ma’lumot uzatmaydi. Soliq organlariga «nol» hisobot taqdim etgan 48 ta korxona esa olti oy davomida 871 ming kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilgan.

Gaz ta’minoti tizimida ham shunga o‘xshash muammolar aniqlangan. Xususan, 5 mingdan ortiq gaz hisoblagichi ma’lumot uzatmayotgani sababli qarzdorlik 188 milliard so‘mga yetgan.

Maxsus shtab tashkil etiladi

Shuningdek, yig‘ilishda tuman aholisi va tadbirkorlarini elektr hamda tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlashga mas’ul maxsus shtab tashkil etilishi ma’lum qilindi. Shtabga energetika vaziri Sherzod Xodjayev rahbarlik qiladi, Yangiyo‘l tumani hokimi San’at Jumaniyozov esa uning o‘rinbosari bo‘ladi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, barcha ishlar 1-oktabrgacha yakunlanib, Yangiyo‘l elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha namunaviy tumanga aylantirilishi lozim.

Energiya balansi shakllantiriladi

Mas’ullar ikki hafta ichida tumanning barcha 51 ta mahallasida aholi va tadbirkorlarning oylik, choraklik va yillik energiya ehtiyojini o‘rganadi.

Ushbu tahlillar asosida har bir mahalla kesimida «energiya iste’moli balansi» ishlab chiqiladi. Shu orqali qayerda transformatorlarni almashtirish, gaz taqsimlash qurilmalarini yangilash yoki yangi elektr va gaz tarmoqlarini tortish zarurligi aniq belgilanadi.

Shuningdek, ASKUE va ASKUG tizimlari talablariga javob bermaydigan hisoblagichlar yangilanib, ma’lumot uzatishdagi uzilishlarni bartaraf etish choralari ko‘riladi.

Yo‘qotishlar qisqartiriladi

Yig‘ilishda elektr va gaz tarmoqlaridagi texnik yo‘qotishlarni ikki barobar kamaytirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi ham belgilandi. Unda zarur mablag‘larning qaysi qismi energetika korxonalari, qaysi qismi mahalliy qo‘shimcha daromadlar hisobidan moliyalashtirilishi aniq ko‘rsatiladi.

Yirik energiya iste’molchilari bo‘lgan korxonalar energiya auditidan o‘tkazilib, ularni tejamkor texnologiyalarga o‘tkazish uchun banklar orqali moliyaviy resurslar ajratiladi. Shu bilan birga, barcha bog‘cha, maktab, texnikum, shifoxona va poliklinikalarning energiya sarfi tahlil qilinib, ko‘p qavatli uylarning isitish tizimi diagnostika qilinadi. Qarzdorlikni qisqartirish bo‘yicha esa ko‘chama-ko‘cha ish tashkil etiladi.

Теглар

Мавзуга оид