Logo

«8 foizlik o‘sish — bu ajoyib ko‘rsatkich»: Rubio Registonda O‘zbekiston haqida nimalar dedi?

Jurnalistlarga bergan intervyusida u Ukraina urushi va Vashingtonning mintaqaviy hamkorlik rejalari hamda Donald Trampning O‘zbekistonga ehtimoliy tashrifiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«8 foizlik o‘sish — bu ajoyib ko‘rsatkich»: Rubio Registonda O‘zbekiston haqida nimalar dedi? © Videodan kadr

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 18-oktabr kuni O‘zbekistonga keldi. Tashrif doirasida 19-oktabr kuni Samarqandda AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari ishtirokida «S5+1» formatidagi uchrashuv, shuningdek, ikki tomonlama muzokaralar hamda ishbilarmon doiralar vakillari bilan muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ushbu safarning iqtisodiy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda: Rubioga 200 dan ortiq amerikalik tadbirkorlar hamrohlik qilmoqda. Registon maydonida jurnalistlar bilan suhbatlashgan davlat kotibi milliardlab dollarlik shartnomalar imzolanishini aytib o‘tdi. U, shuningdek, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urushni tezroq yakunlash zarurligini ta’kidladi.

Registon maydonidagi intervyu: milliardlab dollarlik kelishuvlar

19-oktabr kuni Marko Rubio Samarqanddagi Registon maydonida jurnalistlar bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan hamkorlik, yirik iqtisodiy bitimlar va xalqaro maydondagi vaziyat muhokama qilindi.

Rubio O‘zbekiston tomoniga samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi. Iqtisodiy hamkorlik borasida so‘z yuritar ekan, u milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolanishi kutilayotganini ta’kidladi.

Ukraina urushi va ehtimoliy uch tomonlama uchrashuv

Registondagi suhbatda Rubioga AQSH prezidenti Donald Tramp, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping ishtirokida Ukrainadagi urushni yakunlash bo‘yicha uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilishi mumkinligi haqida ham savol berildi.

«Reuters» agentligi xabariga ko‘ra, Rubio bunday uchrashuv yuzasidan muzokaralar bo‘lganini, lekin uning uzil-kesil tasdiqlanganidan xabari yo‘qligini aytgan. Shu bilan birga, u Tramp Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv tezroq tugashini xohlayotganini ta’kidladi.

«Biz bu urushdan hech qanday yaxshilik kutayotganimiz yo‘q», — degan Rubio.

U mojaro ko‘lamining kengayib ketishidan ogohlantirib, xususan, muvaffaqiyatsiz diversiyalar yoki elektron kurash tizimlari ta’sirida yo‘nalishini o‘zgartirgan dronlarning qo‘shni mamlakatlar hududiga kirib borish xavfi mavjudligini tilga olgan.

AQSH davlat kotibining fikricha, bunday mojaroning kengayishi butun mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi.

«8 foizlik o‘sish — bu ajoyib ko‘rsatkich»

AQSH Davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning «tamal toshi» deb atadi. U mamlakatdagi iqtisodiy o‘sishni yuqori baholab, milliardlab dollarlik kelishuvlar, Mayamidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar ochilishi hamda Jekson–Venik tuzatishini bekor qilish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni, iqtisodiy taraqqiyoti va AQSH bilan munosabatlari haqida gapirar ekan, u mamlakatdagi o‘sish sur’atlarini yuqori baholadi. Shuningdek, tashrif yakunida aniq kelishuvlar e’lon qilinishini, AQSH kompaniyalarining mintaqadagi faoliyati kengayishini va kelgusida Donald Trampning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilishi mumkinligini aytdi.

«O‘zbekiston — Markaziy Osiyoning tamal toshi»

O‘zbekistonning mintaqaviy jarayonlardagi o‘rniga baho berar ekan, Rubio mamlakatni Markaziy Osiyodagi asosiy davlatlardan biri sifatida e’tirof etdi.

«Menimcha, u mintaqaning asosi, tamal toshidir. Bu eng ko‘p aholi yashaydigan davlat. Men bu yerda ilgari bo‘lmaganman, hozirgina keldim. Lekin yurtingizdagi aql bovar qilmas iqtisodiy rivojlanish haqida o‘qib chiqdim. Yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sish sur’ati qariyb 8 foizni tashkil etmoqda. Bu ajoyib ko‘rsatkich. Biz bu tendensiyaning davom etishini qo‘llab-quvvatlamoqchimiz», — dedi AQSH Davlat kotibi.

Rubio, agar mamlakat so‘nggi o‘n yildagi kabi yana bir o‘n yil davomida barqaror rivojlansa, bundan-da yuksak natijalarga erishishi mumkinligini ta’kidladi.

«Bu go‘zal mamlakat. So‘nggi o‘n yil ichida iqtisodiy o‘sish va farovonlik borasida erishilgan yutuqlar odamni hayratga soladi», — dedi u.

 «Bu oxiri emas, boshlanishi»

Tashrifdan qanday natijalar kutilayotgani haqidagi savolga javoban Rubio forum yakunida aniq iqtisodiy kelishuvlar e’lon qilinishini ma’lum qildi.

«Bizda e’lon qilinadigan aniq kelishuvlar bor. Ya’ni, bu yerda biznes yuritadigan, iliq kutib olingan va bu yerda ishlashdan mamnun bo‘lgan kompaniyalar mavjud. Bu biz tayanadigan poydevordir, xolos. Biz yanada ko‘proq ish qilishni istaymiz. Bu oxiri emas, balki boshlanishidir», — dedi u.

Davlat kotibining ta’kidlashicha, AQSH Markaziy Osiyodagi hamkorlikni kuchaytirishga intilmoqda. Uning fikricha, Vashington mintaqa davlatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga avvalgidan ko‘ra ko‘proq etibor qaratishi kerak.

«Ochig‘ini aytsam, Markaziy Osiyo so‘nggi 20 yilda siyosatchilarimiz tomonidan munosib e’tibor topmadi. Lekin bu holat o‘zgarmoqda. Shuning uchun ham hozir shu yerdamiz», — dedi Rubio.

Uning aytishicha, AQSHning mintaqadagi asosiy maqsadi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va mahalliy kompaniyalar bilan uzoq muddatli aloqalar o‘rnatishdan iboratdir.

Rubio amerikalik kompaniyalarning mintaqadagi faoliyati haqida so‘z ocharkan, ularning iqtisodiy manfaati faqat AQSH bilan cheklanib qolmasligini uqtirdi.

«Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyoda kuchli hamkor bo‘lishni xohlaydi. Biz bilan ajoyib delegatsiya, 300 ga yaqin Amerika kompaniyasi vakillari keldi. Oxir-oqibat milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolash imkoniyatimiz bor. Bu mintaqa davlatlarini boyitadi hamda Qo‘shma Shtatlarga ham iqtisodiy foyda keltiradi», — dedi u.

Turistlar oqimi Rubioni hayratga soldi

Registondagi suhbatda turizm va AQSH bilan transport aloqalarini kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Kelayotgan turistlar oqimi meni lol qoldirdi, ya’ni raqamlar shunchalik yuqoriligidan hayratda qoldim. Men AQSHdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochilishi haqida so‘radim. Aslida, Mayamidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnov bo‘yicha muzokaralar ketmoqda», — dedi Rubio.

U O‘zbekistonning sobiq sovet respublikasi sifatidagi o‘tmishidan bugungi yuksak darajaga juda qisqa vaqt ichida yetib kelganini alohida e’tirof etdi.

 «Muammolar yoki mojarolar emas, imkoniyatlar»

Rubio O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning poydevori muammolar emas, balki iqtisodiy imkoniyatlar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

«O‘ylab ko‘rsangiz, bu munosabatlar muammo yoki mojarolar bilan emas, balki imkoniyatlar bilan belgilanadi. Bu yer iqtisodiy jihatdan shiddat bilan o‘sib bormoqda va o‘z xalqining farovonligi uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda. Menimcha, bu narsa xalqlarimizni, davlatlarimizni bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Munosabatlarni umumiy farovonlikdan ko‘ra kuchliroq mustahkamlaydigan hech narsa yo‘q», — dedi AQSH Davlat kotibi.

Jekson–Venik tuzatishi

Registondagi suhbat davomida AQSH bilan savdo munosabatlariga to‘sqinlik qilib kelayotgan Jekson–Venik tuzatishini bekor qilish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Jekson–Venik tuzatishi 1974 yilda AQSHning Savdo to‘g‘risidagi qonuniga kiritilgan bo‘lib, u dastlab bozor iqtisodiyotiga ega bo‘lmagan va o‘z fuqarolarining mamlakatdan chiqib ketish huquqini cheklagan davlatlar bilan savdo munosabatlarini cheklashga qaratilgan edi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin ham uning ayrim mamlakatlarga nisbatan qo‘llanilishi saqlanib qolgan.

AQSH senatori Maykl Bennetning 2026 yil 29-iyuldagi rasmiy bayonotiga ko‘ra, Kongressda Markaziy Osiyoning ayrim davlatlariga nisbatan ushbu savdo cheklovlarini bekor qilish bo‘yicha ikki partiyali qonunchilik tashabbusi ilgari surilgan. Cheklovlar hamon saqlanib qolayotgan davlatlar qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor.

Rubio AQSH ma’muriyati ushbu tuzatishni bekor qilish tarafdori ekanini bildirdi.

«Biz uni bekor qilish tarafdorimiz. Kongressda ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlaydigan kuchli ovozlar bor. Ma’muriyat ham aynan shuni so‘ragan. Kongress hali bunga qo‘l urgani yo‘q, lekin albatta buni amalga oshiradi, degan umiddamiz», — dedi u.

Donald Tramp O‘zbekistonga keladimi?

Registondagi suhbat davomida AQSH prezidenti Donald Trampning O‘zbekistonga ehtimoliy tashrifi haqida ham savol berildi.

Rubio aniq sanani aytmadi, biroq kelgusi yilda tashrifni tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

«Kelgusi yili buning ustida ishlab, qaysi sanalar to‘g‘ri kelishini ko‘rib chiqishimiz kerak. Chunki, imkoni bo‘lsa, u albatta kelishni xohlaydi, deb o‘ylayman. U o‘zi shunday degan edi», — dedi Davlat kotibi.

Rubio nega aynan hozir Markaziy Osiyoga keldi?

O‘zbekistonga kelishidan oldin Rubio jurnalistlar bilan muloqotda Vashington Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirgan.

«Shunday davlatlar borki, biz ular bilan munosabatlarimizni rivojlantirish maqsadida tashrif buyurishni istaymiz», — degan u. Rubio ushbu safar mintaqaning beshta davlati tashqi ishlar vazirlarini bir joyga jamlash uchun qulay fursat bo‘lganini ham e’tirof etdi.

Bu tashrif AQSHning Markaziy Osiyo bilan savdo, investitsiya va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirish rejalariga to‘la mos tushadi. «Reuters» agentligi Amerika rasmiylarining mintaqadagi tabiiy resurslar, ayniqsa, muhim minerallar va kamyob yer metallariga nisbatan qiziqishi yuqori ekanini alohida qayd etgan.

«S5+1»: mintaqaviy hamkorlikning asosiy formati

«S5+1» formati AQSH va Markaziy Osiyoning besh davlati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston hamda Turkmaniston o‘rtasidagi o‘ziga xos muloqot mexanizmi hisoblanadi.

Mazkur format 2015 yilning noyabr oyida aynan Samarqandda tashkil etilgan edi. O‘shanda AQSHning sobiq davlat kotibi Jon Kerri Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazgan.

2025 yilning noyabr oyida esa AQSH prezidenti Donald Tramp Oq uyda Markaziy Osiyoning besh davlati rahbarlarini qabul qilgandi. «Euronews» telekanali ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha sammit doirasida aviatsiya, qishloq xo‘jaligi texnikasi, temiryo‘l infratuzilmasi va mineral resurslarni qazib olish kabi sohalarda 25 milliard dollardan ortiq tijoriy bitim va majburiyatlar imzolangani e’lon qilingan.

19–20-oktabr kunlari Samarqandda o‘tadigan vazirlar uchrashuvi ham mintaqaviy iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, energetika xavfsizligi, savdo-sotiq, investitsiyalar hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlanadi.

AQSH Davlat departamenti xabariga ko‘ra, Rubio mintaqa mamlakatlarining yuqori martabali mulozimlari bilan ikki tomonlama alohida muzokaralar ham o‘tkazadi.

O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi muzokaralar

Marko Rubioning ushbu safariga tayyorgarlik ko‘rish masalasi 16-oktabr kuni O‘zbekiston rahbariyati darajasida ham muhokama qilingan edi. O‘shanda Prezident Shavkat Mirziyoyev AQSH prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qilgan.

O‘zbekiston Prezidentining rasmiy saytida berilgan ma’lumotga ko‘ra, muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shu bilan birga, Rubioning tashrifi, «S5+1» doirasidagi vazirlar uchrashuvi hamda O‘zbekiston–AQSH ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishiga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratilgan.

Tashrifning keyingi bosqichi

AQSH Davlat kotibining O‘zbekistonga tashrifi uning 17–22-oktabr kunlariga mo‘ljallangan yirikroq Osiyo safari doirasida amalga oshirilmoqda. Samarqanddagi muzokaralardan so‘ng Rubio Hindistonga jo‘nab ketishi, Mumbay va Jamnagar shaharlarida hukumat hamda biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид