Logo

«Adolatga yetolmayapmiz»: fuqarolar Oliy sud raisiga murojaat qildi

Toshkentda Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi hamda Toshkent sudlari rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda fuqarolar sud qarorlaridan noroziligidan tortib, meros va uy-joy nizolarigacha bo‘lgan muammolarini aytdi. Ayrim murojaatchilar bir necha yildan beri sudma-sud yurayotganini bildirdi.

Qabul davomida ayrim murojaatlar bo‘yicha ishlarni qayta o‘rganish, sud hujjatlarini talab qilib olish va fuqarolarga keyingi tartibda murojaat qilish bo‘yicha yo‘nalishlar berildi.

«To‘rt yildan beri otamning mulkiga egalik qila olmayapman»

Fuqarolardan biri Qashqadaryodagi meros masalasi yuzasidan murojaat qildi. Uning aytishicha, kadastr hujjatlaridagi xatolar sabab notarius meros guvohnomasini berishdan bosh tortgan. Keyinchalik sudlarga murojaat qilgan bo‘lsa-da, ish bo‘yicha chiqarilgan qarorlardan norozi.

Fuqaro sudlarda ayrim talablari ko‘rib chiqilmagani, dalillarga yetarli baho berilmagani va davlat boji noto‘g‘ri hisoblanganini ham ta’kidladi.

Oliy sud raisi murojaatni tinglab, ishni talab qilib olish va fuqaro keltirgan vajlarni qayta o‘rganish topshirig‘ini berdi.

34 nafar o‘qituvchi ishi ham o‘rganiladi

Sayyor qabulda bir guruh pedagoglar ham o‘z muammolarini ko‘tardi. Ularning aytishicha, attestatsiya bilan bog‘liq nizolar sabab ayrim o‘qituvchilarning mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Murojaatchilar fuqarolik va ma’muriy sudlarga murojaat qilgan, biroq ishlarning qaysi sudga taalluqli ekani borasida muammoga duch kelganini aytdi. Guruh vakilining bildirishicha, 34 nafar o‘qituvchi murojaat qilgan, ulardan 18 nafari nizoni davom ettirmoqda.

Oliy sud raisi fuqarolik va ma’muriy sudlardagi tegishli ishlarni chaqirib, masalani birgalikda o‘rganishini bildirdi. Zarurat tug‘ilsa, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri bilan ham masalani muhokama qilishini aytdi.

«Yetti yildan beri mol-mulkimni ololmayapman»

Andijon viloyatidan kelgan fuqaro esa 2019 yilda onlayn auksion orqali molxona sotib olgani, biroq yetti yildan beri ushbu mol-mulkdan to‘liq foydalana olmayotganini aytdi.

U jinoyat ishi bo‘yicha oqlanganini, biroq fuqarolik ishi yuzasidan muammo hal bo‘lmayotganini bildirdi. Murojaatchi apellyatsiya ishini boshqa viloyat sudida ko‘rib chiqishni so‘radi.

Oliy sud raisi uning murojaatini joyida ko‘rib, jinoyat ishini Andijon viloyat sudiga apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish uchun yuborish, fuqarolik ishini esa talab qilib olish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Uy-joy nizosi: «Besh yildan beri qiynalib kelyapman»

Yana bir fuqaro 2021 yilda qonuniy oldi-sotdi shartnomasi asosida uy sotib olgani, biroq sotuvchi va uning oila a’zolari uyni bo‘shatmaganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sud ko‘chirishni qanoatlantirgan bo‘lsa-da, apellyatsiya instansiyasi sobiq mulkdorlarga uyda yashash huquqini bergan. Fuqaro notarius tomonidan shartnomaga kiritilgan band hamda sud qarorlaridan norozi ekanini bildirdi.

U masalani Oliy sudda qayta ko‘rib chiqishda yordam so‘radi.

Oliy sud raisi murojaatning murakkabligini qayd etib, fuqaroni barcha hujjatlari bilan qayta kelishga chaqirdi. Masalani alohida, batafsil o‘rganish uchun mas’ul sudyaga yo‘naltirishini bildirdi.

Sayyor qabulda bundan tashqari uy-joy, meros, mehnat va sud qarorlaridan norozi fuqarolarning boshqa murojaatlari ham tinglandi.

Qabul davomida sud rahbarlari ayrim ishlarni talab qilib olish, ularni qayta o‘rganish hamda murojaatchilarga protsessual tartibda keyingi harakatlar bo‘yicha tushuntirishlar berdi.

Теглар

Бахтиёр Тўхтаев

Бахтиёр ТўхтаевМақолалар сони: 35

Барчаси

Мавзуга оид