«Apple» va «Google» to‘lagan soliqlar, oltin-valuta zaxiralari miqdori va «Real Sanjik» ishi bo‘yicha sud qarori — 8-may dayjesti

Кеча 23:212 дақиқа

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

«Apple» va «Google» to‘lagan soliqlar, oltin-valuta zaxiralari miqdori va «Real Sanjik» ishi bo‘yicha sud qarori — 8-may dayjesti

«Real Sanjik» 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

8-may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida «Real Sanjik» taxallusi bilan tanilgan bloger va tadbirkor Sanjar Karimov ishi yuzasidan sud hukmi e’lon qilindi. Sudya Bahrom Berdiyev raisligida o‘tgan ochiq sud jarayoni yakunida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha birinchi instansiya sudining qarori qabul qilindi.

​Sud hukmiga ko‘ra, Sanjar Karimov 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi va unga bazaviy hisoblash miqdorining 410 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi o‘zining so‘nggi so‘zida aybiga iqror bo‘lmay, o‘zini «chiroyli qilib podstava qilishgani»ni aytdi.

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 70 mlrd dollardan oshdi

2026 yilning 1-may holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy bankining oltin-valuta zaxiralari hajmi bir oy ichida qariyb 2 mlrd dollarga ko‘payib, 70,9 mlrd dollarga yetdi. Ta’kidlash joizki, mart oyida zaxiralar hajmi 8,1 mlrd dollarga kamaygandi.
​Zaxiralar tarkibidagi oltin qiymati 61,6 mlrd dollarni tashkil qildi, biroq uning jismoniy hajmi 13,3 mln troy unsiyagacha qisqardi.

Shuningdek, xorijiy valutadagi zaxiralar 8,7 mlrd dollargacha oshgan bo‘lsa, xalqaro qimmatli qog‘ozlar hajmi 1,5 mlrd dollar darajasida o‘zgarishsiz qoldi.

Amir Temur xiyoboni atrofida yerusti piyodalar o‘tish yo‘llari qayta joriy etiladi

Toshkentdagi Amir Temur xiyoboni atrofida piyodalar xavfsizligini oshirish va transport oqimini optimallashtirish maqsadida yirik loyiha amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida Sayilgoh ko‘chasidagi metall to‘siqlar olib tashlanib, ularning o‘rniga «aqlli» svetoforlar o‘rnatiladi hamda Maxtumquli va Amir Temur ko‘chalari yaqinida xavfsizlik orolchalari barpo etiladi.
​Temuriylar tarixi muzeyi va «O‘zbekiston» mehmonxonasi yonida turistik avtobuslar uchun maxsus to‘xtash joylari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, mazkur o‘zgarishlar amalga oshirilgach, aylanma yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 5,6 mingtadan 6 mingtagacha avtomobilgacha oshishi kutilmoqda.

Apple, Google va Meta uch oyda O‘zbekistonga qancha soliq to‘ladi?

2026 yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 89 ta xorijiy elektron xizmat provayderi tomonidan jami 65,7 mlrd so‘m soliq to‘landi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 81 foizga oshgan bo‘lib, soliq tushumlarining asosiy qismi — 91,85 foizi yirik xalqaro kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

​Eng ko‘p soliqni Apple (16,1 mlrd so‘m), Google (14,9 mlrd so‘m) va Meta (13,9 mlrd so‘m) kompaniyalari to‘lagan. Shuningdek, yirik to‘lovchilar qatoridan Valve Corporation, OpenAI va Anthropic joy olgan bo‘lsa, Midasbuy, TikTok, Booking.com hamda Netflix kabi kompaniyalar ham soliq tushumlariga o‘z hissasini qo‘shgan.

Теглар

Мавзуга оид

«Apple» va «Google» to‘lagan soliqlar, oltin-valuta zaxiralari miqdori va «Real Sanjik» ishi bo‘yicha sud qarori — 8-may dayjesti | Vaqt.uz