AQSH razvedkasi: Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini minalashni boshladi
Eron harbiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozining kemalar qatnovi yo‘lagida dengiz minalarini joylashtirishga kirishdi. AQSH razvedka xizmatlarining ushbu ma’lumotini Oq uydagi «CBS News» muxbiri Jennifer Jeykobs ochiqladi.

Muxbirning xabariga ko‘ra, Eron minalarni o‘rnatish uchun har biri 2-3 ta mina tashishga qodir bo‘lgan kichik kemalardan foydalanmoqda. Ochiq ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa-da, ekspertlar Eron ixtiyorida Rossiya, Xitoy va Eronning o‘zida ishlab chiqarilgan 2000 dan 6000 tagacha dengiz minalari borligini taxmin qilishadi.
«CNN» manbalarining tasdiqlashicha, hozirda minalashtirish keng ko‘lamli emas — so‘nggi kunlarda bir necha o‘nlab zaryadlar o‘rnatilgan. Biroq Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bo‘g‘oz farvaterida yuzlab minalar, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan katerlar va qirg‘oq raketa batareyalaridan iborat «to‘siq yo‘lagi»ni tez fursatda yaratish imkoniyatiga ega.
Trampning keskin ultimatumi
AQSH prezidenti Donald Tramp Erondan minalarni «zudlik bilan» olib tashlashni talab qildi.
«Agar minalar o‘rnatilgan bo‘lsa va ular tezlik bilan olib tashlanmasa, Eron uchun harbiy oqibatlar misli ko‘rilmagan darajada bo‘ladi. Agar ular o‘rnatilgan narsalarni olib tashlashsa, bu to‘g‘ri yo‘nalishdagi ulkan qadam bo‘ladi!» — deb yozdi Tramp «Truth Social» tarmog‘ida.
Strategik ahamiyat va Xitoy omili
Ho‘rmuz bo‘g‘ozi jahon neft yetkazib berishning 20 foizi va suyultirilgan tabiiy gazning (STG) 30 foizi o‘tadigan eng muhim dengiz arteriyasidir. Tehron bo‘g‘ozni «dushman davlatlar» uchun yopib qo‘yish bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da, bu qadam uning o‘ziga ham zarar yetkazadi.
Eron neftining 80 foizi Xitoyga eksport qilinadi. Bo‘g‘ozning minalanishi va yopilishi Eronning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Pekinning manfaatlariga bevosita zarba beradi. Shu sababli, Xitoy allaqachon Eron harbiylarining tankerlarni o‘qqa tutishi va bo‘g‘ozdagi harakatlaridan norozilik bildirgan.





