Logo

AQSH xorijlik talabalardan 100 ming dollar talab qilmoqchi

Бугун 11:402 дақиқа

Taklif F-1 vizasi bilan Qo‘shma Shtatlarda tahsil olayotgan xorijlik talabalarga tegishli. Yangi tartibga ko‘ra, talabalar pulni ikki narsa uchun to‘lashi kerak bo‘ladi. Hozirgacha bu to‘lov taxminan 500 dollar edi.

AQSH xorijlik talabalardan 100 ming dollar talab qilmoqchi © Shutterstock

AQSH Ichki xavfsizlik departamenti mamlakatda o‘qiyotgan xorijlik talabalar uchun yangi to‘lov joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, AQSHda ishlashni istagan xorijlik talabalar jami kamida 100 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Bu haqda «Reuters» xabar berdi.

Taklif F-1 vizasi bilan Qo‘shma Shtatlarda tahsil olayotgan xorijlik talabalarga tegishli. Yangi tartibga ko‘ra, talabalar qo‘shimcha amaliy mashg‘ulot uchun 70 ming dollar, ish joyida qo‘shimcha ta’lim olish uchun esa yana 30 ming dollar to‘lashi kerak bo‘ladi. Hozir bunday amaliyot uchun to‘lov taxminan 500 dollarni tashkil qiladi.

Bu tizim OPT deb ataladi. U xorijlik talabalarga o‘qish davomida haftasiga 20 soatgacha ishlash yoki o‘qishni tugatgandan keyin ma’lum muddat AQSHda ishlash imkonini beradi. Fan, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlarini tamomlagan talabalar uchun esa qo‘shimcha muddat beriladi.

AQSH Ichki xavfsizlik departamenti yangi to‘lovni firibgarlikning oldini olish, immigratsiya tizimini tartibga solish va amerikalik ishchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida joriy etishni taklif qilmoqda. Vazirlikning ta’kidlashicha, bu orqali ish beruvchilar, talabalar va ta’lim muassasalari F-1 vizasi shartlariga mos faoliyat yuritayotganiga ishonch hosil qilinadi.

OPT dasturi ko‘pincha xorijlik talabalar uchun AQSHda keyinchalik H-1B ish vizasi orqali qolib ishlashga o‘tish bosqichi bo‘lib xizmat qiladi. AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati H-1B vizasiga ham qo‘yiladigan to‘lovlarni oshirgan.

H-1B dasturi ko‘p yillardan beri Amerika universitetlarini tamomlagan xorijlik muhandislar, olimlar va boshqa mutaxassislarga mamlakatda ishlash imkonini berib keladi. Yirik texnologik kompaniyalar ham malakali xorijlik mutaxassislarga tayanadi.

Qizig‘i, Donald Tramp 2024-yildagi saylov kampaniyasi vaqtida xorijlik talabalar uchun AQSHda qolish imkoniyatlarini yengillashtirishni va’da qilgan edi. U hatto AQSH universitetini bitirgan xorijliklarga avtomatik ravishda Green Card berish taklifini ilgari surgan.

Hozirgi taklif esa hali yakuniy qaror emas. U 30 kun davomida jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Keyin qoidalar tasdiqlanishi mumkin. Vazirlik yangi tartib kuchga kirishidan oldin yana 60 kun kutishni rejalashtirmoqda. Bu davrda universitetlar, talabalar va ish beruvchilar yangi talablarga tayyorlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp 20 mln katta yoshli amerikalikka salkam 100 dollardan bermoqchiligi haqida yozgan edik.

Теглар

Мавзуга оид

AQSH xorijlik talabalardan 100 ming dollar talab qilmoqchi | Vaqt.uz