AQSHning urushni tugatish bo‘yicha takliflari qanday va Eron ularga rozi bo‘ladimi?
Eron global energiya inqiroziga sabab bo‘lgan AQSH-Isroil urushini tugatish bo‘yicha AQSH taklifini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
aljazeera.com | © aljazeera.comEron Amerika Qshma Shtatlarining tinchlik taklifini ko‘rib chiqayotganini bildirdi. «Al Jazeera» manbalariga ko‘ra, ushbu taklif urushga rasman yakun yasashi kutilmoqda, biroq Eronning yadroviy dasturini to‘xtatish va Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish kabi AQSHning asosiy talablari hali hal etilmagan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi 6-may kuni Tehron o‘z javobini yetkazishini aytdi. AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron kelishuv istayotganiga ishonishini bildirdi.
«Ular kelishuv tuzishni xohlashadi. Oxirgi 24 soat ichida juda yaxshi muzokaralar olib bordik va kelishuvga erishishimiz ehtimoli juda yuqori», — dedi Tramp 6-may kuni Oval kabinetda jurnalistlarga.
Bundan bir kun avval Tramp tinchlik muzokaralaridagi siljishni vaj qilib, qamal qilingan bo‘g‘ozni qayta ochishga qaratilgan «Project Freedom»ni to‘xtatib turdi. Suv yo‘lining de-fakto blokadasi global retsessiya xavfini tug‘dirmoqda. Eron dunyo neft va gaz ta’minotining beshdan bir qismi o‘tadigan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini o‘z nazoratida saqlab qolishga intilmoqda.
AQSHning so‘nggi taklifi nimalardan iborat?
Amerikaning «Axios» nashri xabariga ko‘ra, tomonlar 14 banddan iborat hujjat bo‘yicha kelishishga yaqin turishibdi. Ushbu memorandumga binoan, Eron yadroviy qurol ishlab chiqarmaslikka va uranni boyitishni kamida 12 yilga to‘xtatishga rozi bo‘ladi.
AQSH sanksiyalarni bekor qiladi va Eronning muzlatilgan milliardlab dollarlik aktivlarini qaytaradi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozida o‘zaro blokada o‘rnatgan har ikki tomon imzolanganidan keyin 30 kun ichida muhim suv yo‘lini qayta ochadi.
Eron o‘nlab yillar davomida AQSH sanksiyalari ostida qoldi. 2015 yilgi yadroviy kelishuv doirasida bekor qilingan ba’zi sanksiyalar Tramp o‘z o‘tmishdoshi Barak Obama davrida imzolangan tarixiy kelishuvdan chiqqanidan keyin qayta tiklangan edi. Eronning milliardlab dollarlik mablag‘lari xorijiy banklarda muzlatilgan holda qolmoqda.
Ushbu memorandumning Eron tomonidan o‘tgan hafta taklif qilingan 14 bandlik rejadan nimasi bilan farq qilishi hozircha noma’lum.
«Reuters» agentligining payshanba kuni vositachilik jarayonidan xabardor manbaga tayanib xabar berishicha, AQSH tomonidan muzokaralarni Trampning vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushner olib bormoqda. Agar ikkala tomon dastlabki kelishuvga rozi bo‘lsa, bu to‘liq bitimga erishish uchun 30 kunlik batafsil muzokaralarni boshlab beradi.
Yakuniy kelishuv bo‘g‘ozdagi o‘zaro blokadalarni tugatadi, AQSH sanksiyalarini bekor qiladi va Eronning muzlatilgan mablag‘larini ozod qiladi. Shuningdek, u BMTning yadroviy nazorat organi tomonidan ruxsat berilgan Eron yadroviy dasturiga ma’lum cheklovlarni o‘z ichiga oladi.
Manbalar memorandum dastlab hech qaysi tomondan yon berishni talab qilmasligini aytgan bo‘lsa-da, Vashington ilgari surgan ba’zi muhim talablar tilga olinmagan. Bular qatoriga Eronning raketa dasturini cheklash va Yaqin Sharqdagi qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish kiradi.
Shuningdek, manbalar Eronning 400 kilogrammdan ortiq qurol darajasiga yaqin boyitilgan uran zaxirasi haqida to‘xtalmagan.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu 6-may kuni ikki yetakchi Eronning yadroviy bomba ishlab chiqarishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha boyitilgan uran Erondan chiqarib tashlanishi kerakligi borasida kelishib olganini aytdi.
AQSH va Isroil o‘tgan yilning iyun oyida 12 kunlik urush paytida Eronning yadroviy obyektlarini bombardimon qilgan edi. O‘shanda Tramp Tehronning yadroviy dasturi yo‘q qilinganini da’vo qilgandi. Biroq Eronning boyitilgan uran zaxirasining katta qismi bombalangan yadroviy maydonlar ichida ko‘milgan holda qolmoqda.
Tehron yadroviy qurolga ega bo‘lish istagini rad etadi. U o‘z dasturi faqat tinch maqsadlar uchun ekanini ta’kidlab keladi.
Eron ushbu taklifga rozi bo‘lishi mumkinmi?
Eron AQSHning so‘nggi taklifiga hali rasmiy javob bergani yo‘q. Biroq Eron rahbarlari unga qarshi chiqishmoqda.
Eronlik deputat Ibrohim Rizoiy hujjat matnini «haqiqatdan ko‘ra ko‘proq Amerikaning orzular ro‘yxati» deb ta’rifladi.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Baqir Qolibof ikki tomon kelishuvga yaqinligi haqidagi xabarlarni masxara qilib, «Operation Trust Me Bro failed» deb yozib qoldirdi.
«Al Jazeera» muxbiri Rasul Serdar Atasning Tehrondan xabar berishicha, Eron hali ham taklifni o‘rganmoqda va javob bugun Pokistonlik vositachilarga topshirilishi kutilmoqda.
Pokiston Tashqi ishlar vazirligi 7-may kuni Eron va AQSH o‘rtasidagi ehtimoliy kelishuv haqidagi xabarlarni olqishlashini bildirdi.
«Vositachi sifatida biz tafsilotlarni ochiqlash orqali har ikki tomonning ishonchini yo‘qotmaymiz», - deyiladi «Al Jazeera Arabic» tomonidan keltirilgan bayonotda.
Atashning so‘zlariga ko‘ra, eronliklar hozirgi bosqichda yadroviy dastur bo‘yicha muzokara o‘tkazishmayapti, gap faqat barcha frontlarda urushni tugatish haqida ketmoqda.
«Agar bunga erishilsa, ikkinchi bosqichda ular yadroviy dasturini muhokama qilishga tayyor», - dedi u.
«Al Jazeera» muxbiri Almigdad Alruxaydning xabar berishicha, Eron yadroviy masalada juda qat’iy qizil chiziq belgilagan.
«Yadroviy boyitish dasturi muzokara qilinmaydi», - dedi u.
AQSH Davlat kotibining sobiq yordamchisi Mark Kimmitning fikricha, Trampning Erondan uran boyitishni to‘liq to‘xtatishni talab qilishi reallikdan yiroq.
«Agar eronliklar nimadadir qat’iy turib oladigan bo‘lsa, bu ularning uranni 3,67 foiz darajagacha boyitish huquqidir», - dedi u «Al Jazeera»ga.
Eron 2018 yilda Tramp kelishuvdan chiqqanidan keyin boyitish darajasini 60 foizgacha ko‘targandi.
Alruxaydning so‘zlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan suverenitet muzokaralar stolidagi asosiy masalalardan biriga aylanmoqda.
«Biz eronliklar nazoratni kuchaytirayotganini ko‘ryapmiz. Ular bo‘g‘ozdan o‘tadigan har bir kema uchun yangi nazorat mexanizmini joriy qilishmoqda», - deya ta’kidladi Alruxayd.
Fors ko‘rfazidagi AQSH ittifoqchilari bo‘g‘ozda kemalar qatnovini hech qanday shartlarsiz tiklashni talab qilishmoqda. Eron 28-fevral kuni AQSH va Isroil unga hujum qilganidan keyin Ko‘rfaz davlatlaridagi AQSH harbiy obyektlariga hujumlar uyushtirgan edi.
Tramp bir necha bor urushni tugatadigan kelishuv istiqbollari haqida gapirdi, ammo hozircha muvaffaqiyatga erishmadi. Tomonlar Eronning yadroviy ambitsiyalari va Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat kabi murakkab masalalarda hamon turli qarashlarga ega.
Pokistonlik manba va muzokaralardan xabardor yana bir manbaning «Reuters» agentligiga ma’lum qilishicha, mojaroni rasman tugatadigan bir sahifalik memorandum bo‘yicha kelishuvga juda yaqin kelingan.
Ushbu xabarlarning haqiqiyligi tasdiqlanmagan.





