Avstriya noqonuniy afg‘on migrantlarini O‘zbekiston orqali deportatsiya qiladi
Shu paytgacha Afg‘onistonga deportatsiya qilish faqat Istanbul aeroporti orqali amalga oshirilar edi, bu kelishuv esa Kobulga «ikkinchi darvoza»ni ochadi.
© APA / Helmut FohringerAvstriya hukumati mamlakatdagi noqonuniy afg‘on migrantlarini O‘zbekiston orqali o‘z yurtiga deportatsiya qilishni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Avstriyaning «Die Presse» nashri xabar berdi.
Ushbu migratsiya bo‘yicha hamkorlik hamda «mobillik to‘g‘risidagi bitim»ni imzolash maqsadida kelasi haftaning 7-may kuni Avstriya tashqi ishlar vaziri Beate Maynl-Rayzinger va ichki ishlar vaziri Gerxard Karner O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Yangi tartibga ko‘ra, vataniga qaytarilishi kerak bo‘lgan afg‘onlar Avstriya kuzatuvchilari (eskorti) ostida shimoliy qo‘shni davlat – O‘zbekiston orqali o‘z manzillariga yetkaziladi. Bu haqda Avstriya Ichki ishlar vazirligi vakillari ma’lum qilgan. Shu paytgacha Afg‘onistonga deportatsiya qilish faqat Istanbul aeroporti orqali amalga oshirilar edi, bu kelishuv esa Kobulga «ikkinchi darvoza»ni ochadi.
Mazkur bitim deportatsiya jarayonlarini izchil amalga oshirishga qaratilgan. Ichki ishlar vaziri Gerxard Karnerning so‘zlariga ko‘ra, bu kelishuv qat’iy va adolatli boshpana siyosatining bir qismi sifatida xizmat qiladi. Hujjat doirasida Yevropa Ittifoqiga O‘zbekiston orqali kirgan uchinchi davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni qaytarib olish masalasi ham tartibga solinadi.
Shuningdek, hujjat o‘zbekistonlik malakali ishchilarning Avstriyaga xavfsiz va tartibli migratsiyasini rag‘batlantirishni ham o‘z ichiga oladi. Bu haqda Vazirlar mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng Tashqi ishlar vaziri Maynl-Rayzinger ma’lum qilib, qonuniy migratsiya yo‘llari mustahkam huquqiy asosga ega bo‘lishini ta’kidladi.
Avstriya va boshqa Yevropa davlatlari (Germaniya, Gretsiya, Niderlandiya, Daniya) tomonidan ilgari surilayotgan boshpana berish rad etilganlar uchun «maxsus qaytish markazlari»ni ochish masalasi hozircha ushbu bitimga kiritilmagan.
O‘zbekistondagi uchrashuvlardan so‘ng, ikki vazir energetika sohasida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Qozog‘istonga ham tashrif buyurishi kutilmoqda.





