Banklarda avtokreditlar foizi rekord darajada pasaydi
Bu ko‘rsatkich Markaziy bank mikroqarz va avtokreditlarning o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qilishni boshlaganidan beri kuzatilgan eng past stavka bo‘ldi. O‘tgan haftada mikroqarzlar eng past darajaga tushgan edi.

Markaziy bank 2026 yil 2-mart holatiga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan aholiga ajratilayotgan mikroqarz va avtokreditlar bo‘yicha yangilangan o‘rtacha foiz stavkalarini e’lon qildi. Yangi haftada mikrokreditlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 29,6 foizni, avtokreditlar bo‘yicha esa 22,5 foizni tashkil etdi.
O‘tgan hafta ushbu ko‘rsatkichlar mos ravishda 29,3 foiz va 22,9 foiz darajasida qayd etilgan edi. Avtokreditlar bo‘yicha yangi haftadagi ko‘rsatkich foiz stavkalarini e’lon qilish boshlangandan beri kuzatilgan eng past daraja bo‘ldi. Mikrokredit stavkalari esa o‘tgan haftada rekord darajada pasayish qayd etgandi.
Mikrokreditlar
Mikrokreditlar segmentida eng past stavka 22,4 foiz bilan «Aloqabank» tomonidan taklif etilmoqda. Undan keyin «Infinbank» 24,3 foiz va «Trastbank» 24,7 foiz stavka bilan nisbatan maqbul shartlarni taqdim qilmoqda. O‘tgan haftada esa eng past stavka 22,7 foiz bo‘lib, bozor o‘rtachasi 29,3 foizni tashkil etgan.

O‘rta segmentda «BRB» 25,2 foiz, «Milliy bank» 25,3 foiz va «OFB» 25,9 foiz atrofida mikrokredit ajratmoqda. Eng yuqori stavkalar «Anorbank»da 41,9 foiz, «Tenge bank»da 42,7 foiz va «TBC bank»da 40,5 foiz darajasida shakllangan.
Avtokreditlar
Avtokreditlar bozorida yangi hafta holatiga ko‘ra eng past stavka 16,9 foiz bilan «Ipoteka bank» tomonidan taklif etilmoqda. Shuningdek, «Apeks bank» 18,5 foiz va «Davr bank» 20,1 foiz stavka bilan nisbatan maqbul shartlarni taqdim etmoqda.

O‘rta segmentda «OFB» 22,4 foiz, «Aloqabank» 22,5 foiz va «Milliy bank» 22,6 foiz stavka bilan avtokredit ajratmoqda. Shuningdek, «SQB» 24,0 foiz va «Ziraat bank» 24,8 foiz darajasida kredit taklif qilmoqda.
Yuqori segmentda avtokredit stavkalari «Madad Invest bank»da 27,9 foiz, «Mikrokreditbank»da 27,7 foiz va «Asakabank»da 26,8 foiz darajasida shakllangan.





