Logo

Bibisara Asaubayeva To‘qayevga Sport vazirligi ustidan shikoyat qildi

Бугун 20:403 дақиқа

U 2025 yildan boshlab oylik maoshi uch barobar qisqartirilganini aytdi.

Bibisara Asaubayeva To‘qayevga Sport vazirligi ustidan shikoyat qildi

Qozog‘istonlik shaxmatchi, xalqaro grossmeyster Bibisara Asaubayeva mamlakat prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga video murojaat yo‘llab, sportdagi moliyalashtirish muammolari va davlat qo‘llab-quvvatlashi masalasida yordam so‘radi.

Dunyo reytingida beshinchi o‘rinda turgan shaxmatchi murojaatida Norway Chess-2026 turnirida muddatidan oldin chempionlikni qo‘lga kiritganini eslatdi. Uning aytishicha, musobaqaga tayyorgarlik yig‘inlari shaxsiy mukofot pullari va ota-onasi mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan. Shuningdek, mazkur turnir uchun jalb qilingan sekundantlar va tahlilchilarga haligacha haq to‘lanmagan.

Asaubayeva o‘zini prezident ta’biri bilan aytganda mamlakatning «oltin fondi» vakili deb atab, yuqori natijalarga qaramay doimiy qiyinchiliklarga duch kelayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha jahon chempionatidagi g‘alaba uchun Sport vazirligi tomonidan beriladigan mukofot atigi 2 ming dollarni tashkil etadi. Bu olimpiya medali uchun to‘lanadigan 250 ming dollarlik mukofotdan ancha kam.

«Maoshim uch baravar qisqartirildi»

Shaxmatchining aytishicha, ikkinchi jahon chempionligidan keyin 2023 yildan boshlab u Sport vazirligi orqali oyiga 1 million tenge (taxminan 24,6 million so‘m) maosh olgan. Biroq 2025 yilda yangi vazir lavozimga kelgach, bu maosh uch baravar qisqartirilgan.

Asaubayeva 2025 yil oxirida blits bo‘yicha uchinchi bor jahon chempioni bo‘lganidan keyin jahon toji uchun nomzodlar turniriga yo‘llanma olganini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, musobaqaga tayyorgarlik uchun ajratilgan mablag‘lar yetarli bo‘lmagani sababli vazirdan yordam so‘ralgan. Vazir Sport Qory jamg‘armasi orqali yordam berishga va’da qilgan bo‘lsa-da, sportchiga mablag‘ning faqat bir qismi ajratilgan.

Shu sababli u nomzodlar turnirida sekundantlarini o‘zi bilan olib bora olmaganini aytdi. Keyinchalik jamg‘armaga qayta topshirilgan ariza ham rad etilgan.

Asaubayeva, shuningdek, prezident farmoni bilan unga II darajali «Baris» ordeni berilganiga qaramay, mukofot haligacha topshirilmaganini bildirdi. U aprel va may oylarida prezident nomiga uch marta murojaat yo‘llagani, ammo javob olmaganini qayd etdi.

«Oldinda katta startlar, yig‘inlar va ko‘p ish bor. Men nima qilishim kerak, janob prezident?» — deya murojaatni yakunladi shaxmatchi.

Vazirlik Asaubayevaga ajratilgan mablag‘larni ochiqladi

Asaubayevaning murojaatidan so‘ng Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi rejadan tashqari brifing o‘tkazdi. Vazir o‘rinbosari Serik Jarasbayevning ma’lum qilishicha, Sport va turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali shaxmatchining xalqaro musobaqalarga tayyorgarligi uchun 2024 yilda 64 million tenge (taxminan 1,57 milliard so‘m), 2025 yilda 79 million tenge (taxminan 1,94 milliard so‘m) va 2026 yilda 100 million tenge (taxminan 2,46 milliard so‘m) ajratilgan.
Uning ta’kidlashicha, Qozog‘iston shaxmat federatsiyasi tomonidan ham qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ko‘rsatilgan. Jarasbayev davlat rahbari Bibisara Asaubayevaning ketma-ket uch marta jahon chempioni bo‘lganini yuqori baholab, uni II darajali «Baris» ordeni bilan taqdirlash haqida farmon imzolaganini ham eslatdi.

Теглар

Мавзуга оид