Biznes-ombudsman Toshkentning «Dizayn-kodi» qarorini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi

Бугун 11:102 дақиқа

O‘zbekiston Respublikasi Biznes-ombudsmani Toshkent shahrida joriy etilishi rejalashtirilgan «Dizayn-kodi» bo‘yicha qarorning ayrim normalari tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va amaldagi qonunchilikka zid kelishi qayd etildi.

Biznes-ombudsman Toshkentning «Dizayn-kodi» qarorini qayta ko‘rib chiqishni talab qildi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent shahar Xalq deputatlari kengashining 2026 yil 17-fevralda qabul qilingan qarori bilan poytaxtda «Dizayn-kodi» qoidalarini amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari belgilangan. Qaror tadbirkorlik muhitiga ta’siri nuqtai nazaridan o‘rganildi.

Qaror Biznes-ombudsman bilan kelishilmasdan qabul qilingan

Tahlil davomida qaror «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga muvofiq Biznes-ombudsman bilan kelishilmasdan qabul qilingani aniqlangan. Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkorlikka ta’sir qiluvchi hujjatlar majburiy tarzda vakolatli organ bilan kelishilishi shart.

Shuningdek, hujjatda reklama vositalari uchun belgilangan «past to‘yingan» va «neytral» rang kabi tushunchalarning aniq huquqiy mezonlari ochib berilmagan. Bu esa tadbirkorlarning ro‘yxatdan o‘tgan brendlari va intellektual mulk huquqlariga ta’sir qilishi mumkin.

Belgilangan uch oylik muddat ham yetarli emas

Biznes-ombudsman yangi talablarga moslashish uchun belgilangan uch oylik muddat ham yetarli emasligini ta’kidladi. Vakolatxona fikricha, o‘zgarishlar tadbirkorlarga ortiqcha moliyaviy va tashkiliy yuklama yuklamasligi uchun bosqichma-bosqich joriy qilinishi kerak.

Shu asosda qarorning tadbirkorlikka daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish, ayrim normalarga o‘zgartirish kiritish va uning amalga kirish muddatini uzaytirish bo‘yicha rasmiy taklif kiritildi.

Tadbirkor zararini kim qoplaydi?

Toshkent ko‘chalarida yagona dizayn kodi joriy etilayotgani ijobiy baholanmoqda. Chunki shaharsozlar fikricha, bu orqali ko‘chalar ortiqcha vizual «chiqindilar»dan tozalanadi.

Biroq so‘nggi bir necha oydan buyon tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammo ham yo‘q emas. Nega peshlavhalarni olib tashlash masalasida tadbirkorlarga oldindan tushuntirish berilmagan?

Xususan, VAQT.UZ bilan gaplashgan do‘kon egasi my.gov.uz portali orqali ruxsat olganiga qaramasdan, peshlavhasini buzib ketishganini aytgan.

Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova tadbirkorlar kompensatsiya uchun tuman hokimliklariga murojaat qilishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Ya’ni biz xatoliklarni inkor qilmaymiz. Agar shu jarayonda jabr ko‘rgan tadbirkorlar bo‘lsa, tuman hokimligiga kompensatsiya uchun murojaat qilishlari mumkin», – dedi u.

Теглар

Мавзуга оид