«Claude» va «ChatGPT» urushi: SI bozoridagi yangi geosiyosiy va texnologik kurash

Бугун 08:009 дақиқа

Bir tomonda harbiy shartnomalar va davlat xavfsizligi, ikkinchi tomonda reklama va millionlab foydalanuvchilar. «Claude» va «ChatGPT» raqobati endi oddiy texnologik kurash emas. Sun’iy intellekt xizmatlari O‘zbekistonda ham tez ommalashar ekan, bu ikki gigant o‘rtasidagi global raqobat mahalliy bozorga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinmi, degan savol kun tartibi chiqmoqda.

«Claude» va «ChatGPT» urushi: SI bozoridagi yangi geosiyosiy va texnologik kurash

2024-yil noyabrida sun’iy intellekt yaratuvchisi «Anthropic» «Palantir» va «Amazon Web Services» bilan kelishuvga erishib, o‘zining «Claude» chat-botini AQSHning maxfiy harbiy va razvedka tarmoqlarida joriy qildi. O‘sha paytda bu katta voqeadek ko‘ringan: sun’iy intellekt modeli maxfiy ishlar uchun ikkinchi eng yuqori xavfsizlik darajasida tasdiqlanishi – bu boshqa hech bir SI kompaniyasi erisha olmagan natija edi. 2025-yil iyulida esa AQSH mudofaa vazirligi «Anthropic»ga AQSH milliy xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan «ilg‘or sun’iy intellekt imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazish» uchun 200 million dollarlik shartnoma berdi.

Biroq o‘sha paytda deyarli hech kim e’tibor bermagan jihat shu ediki, «Anthropic» o‘z texnologiyasidan «har qanday qonuniy maqsadlarda» foydalanish mumkinligini belgilagan, lekin ikki holatni istisno qilgan: AQSH fuqarolarini ommaviy kuzatish va inson nazoratisiz to‘liq avtonom qurollarni joriy etish.

Bir payt kelib, aynan shu ikki «qizil chiziq» harbiy byurokratlar asabiga tegdi va bu mudofaa vaziri Pit Hegset tomonidan keskin reaksiyaga sabab bo‘ldi. Mudofaa vaziri dastlab oddiy bir kompaniyaning qudratli AQSH armiyasiga nima qilish mumkin yoki mumkin emasligini aytganidan jahli chiqdi, keyin esa butunlay g‘azabga minib, «Anthropic»ni «Huawei» kabi ta’minot zanjiri xavfi deb e’lon qildi.

Shunda maydonga «OpenAI» rahbari Sem Altman chiqdi. Uning pozitsiyasi shunday edi: u Pentagon «ommaviy kuzatish» va «avtonom qurollar» nimani anglatishini o‘zi belgilashiga qarshi emas. Uning aytishicha, «OpenAI» «modellarimiz kerakli tarzda ishlashini ta’minlash uchun texnik himoya choralarini yaratadi, buni mudofaa vazirligi ham xohlagan edi». Shu bilan birga, ehtimol, u barcha jozibali maxfiy ma’lumotlarga ham kirish imkoniga ega bo‘lar edi.

Tabiiyki, bunday aralashuv va unga hamroh bo‘lgan opportunistik bayonotlar katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. AQSHda «ChatGPT» ilovasini o‘chirishlar soni keskin oshdi. «Apple App Store»da o‘tgan oy boshida 42-o‘rinda bo‘lgan «Claude» ilk bor «ChatGPT»ni ortda qoldirib, 1-o‘ringa chiqdi. Fevral oxiriga kelib, «Claude»ga kunlik ro‘yxatdan o‘tishlar rekord darajaga yetdi: bepul foydalanuvchilar 60 foiz dan ortiqqa oshdi, to‘lovli obunachilar esa ikki barobarga ko‘paydi.

«QuitGPT» nomli faol kampaniya guruhi veb-sayt ochib, unda 4 milliondan ortiq tarafdor borligini da’vo qildi.

«ChatGPT» Trampning qotil robotlar bo‘yicha kelishuvini qabul qildi. Endi uni tark etish vaqti keldi», – deyiladi u yerda.

Bu mojaro Sem Altmanga ham ta’sir qildi. Masalan, 3-mart kuni u mudofaa vazirligi bilan tuzilgan kelishuv «opportunistik va e’tiborsiz» ko‘ringanini tan oldi va uni shoshilib amalga oshirmasligi kerak edi, dedi. Shuningdek, «OpenAI» Pentagon bilan shartnomaga AQSH fuqarolariga nisbatan ichki kuzatuvni taqiqlovchi va milliy xavfsizlik agentligi tomonidan foydalanishni man etuvchi aniq qoidalarni kiritishini bildirdi. Ya’ni, aynan «Anthropic» jazolangan masalalarning o‘zi. Bunday takliflarni Pig Hegset qabul qilishini tasavvur qilish qiyin.

Boykot baribir katta ta’sirga ega emas

Aytishga noqulay, ammo foydalanuvchilar boykoti texnologik korporatsiyalarni tartibga solishning samarali usuli bo‘lishi mumkin degan qarash hali ham «sehrli fikrlash»ga o‘xshaydi, ya’ni ramziy harakatlar real natijalarni o‘zgartira oladi degan ishonch. Bu qisman shundanki, korporatsiyalar ulkan, ijtimoiy jihatdan befarq mexanizmlar bo‘lib, ularni yagona asosiy maqsad boshqaradi, bu esa aksiyadorlar qiymatini maksimal darajada oshirish. Va ularni odatda faqat shu maqsadga haqiqatan tahdid solishi mumkin bo‘lgan xavflargina harakatga keltiradi.

Albatta, mijozlar yoki foydalanuvchilarning ommaviy ketishi shunday zarba bo‘lishi mumkin. Lekin texnologik kompaniyalar shunchalik katta miqyosda ishlaydiki, kutilgan ta’sirga erishish uchun juda ulkan miqdorda foydalanuvchilar ketishi talab qilinadi. «QuitGPT»ning 4 milliondan ortiq tarafdori borligi ta’sirli, ammo «ChatGPT»ning haftalik faol foydalanuvchilari taxminan 800 millionni tashkil qiladi.

Raqamli texnologiyalar foydalanuvchilarining aksariyati uchun «tomonni almashtirish»dagi eng katta to‘siq – bu tarmoq effektlarining kuchidir. Ijtimoiy platforma yoki hatto SI vositasini tark etish foydalanuvchi uchun ma’lum xarajatlarni keltirib chiqaradi (masalan, aloqalarni yo‘qotish yoki ish jarayoni buzilishi), platforma esa alohida bir foydalanuvchining ketishini deyarli sezmaydi.

Misol sifatida, qanchadan-qancha tashkilotlar (va, hatto, obro‘li odamlar) hali ham «X» (sobiq «Twitter»)da qolmoqda, garchi u zaharli muhitga aylangan bo‘lsa ham. Nega hali ham foydalanishadi deb so‘rasangiz, ularning charchagan yoki xijolatli yelka qisishi tarmoq effektlarining qanchalik kuchli ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Xuddi shu holat «Instagram» yoki «TikTok»ga ham tegishli. Shuningdek, «ChatGPT»ni hissiy tayanch, «terapevt», virtual hamroh yoki qidiruv tizimi sifatida ishlatadigan yuz minglab odamlarga ham. Ular uchun platformani tark etish juda og‘ir qaror bo‘ladi.

Reklama urushi

Sun’iy intellekt sohasidagi raqiblar «Anthropic» va «OpenAI» korporativ Amerika e’tiborini jalb qilish uchun reklama «urushini» ham boshladi.

«Super Bowl» oldidan «Anthropic» o‘z raqibiga qarshi keskin reklama roliklari seriyasini ishga tushirdi. Masalan, bir reklamada pressga ega bo‘lishni istagan ozg‘in 23 yoshli yigitga chat-bot sifatida tasvirlangan mushakdor katta yoshli erkak «bo‘yi past erkaklarga balandroq ko‘rinishga yordam beradigan» poyabzal qo‘shimchalarini tavsiya qiladi va «o‘ziga ishonch faqat sportzaldagina qurilmaydi», deydi.

Yana bir reklamada esa onasi bilan muloqotini yaxshilamoqchi bo‘lgan erkakka «terapevt» «hissiyotli yosh erkaklarni tajribali katta yoshli ayollar bilan bog‘laydigan yetuk tanishuv sayti»dan foydalanishni tavsiya qiladi.

Barcha reklama bir xil shior bilan yakunlanadi: «Reklamalar SIga kelyapti. Lekin «Claude»ga emas». Bu yerda «ChatGPT» haqida ochiq aytilmagan, ammo ishora aniq.

Hatto Sem Altman ham bu reklamalarga biroz kuldi. Biroq u shu bilan birga reklamalarni «ochiq-oydin nohaqqoniy» deb atadi va «X»da uzun tanqidiy izoh qoldirdi.

«Reklamalar bo‘yicha eng muhim tamoyilimiz shundaki, biz aynan bunday ish qilmaymiz; «Anthropic» tasvirlaganidek reklama formatini hech qachon qo‘llamaymiz. Biz ahmoq emasmiz va foydalanuvchilarimiz bunday narsani qabul qilmasligini yaxshi bilamiz», – deb yozdi u.

Sem Altmanning ta’kidlashicha, «OpenAI» tomonidan e’lon qilingan reklamalarni joriy etish qarori mahsulotni yanada ommabop qiladi.

«Biz har kim sun’iy intellektdan foydalanish huquqiga ega, deb hisoblaymiz va bepul kirishni ta’minlashga sodiqmiz», – deb yozdi u.

Altman shu bilan birga raqibiga ham tanqidiy fikr bildirdi:

«Anthropic qimmat mahsulotni boy odamlarga taklif qiladi. Biz buni yomon demaymiz, o‘zimiz ham shunday qilyapmiz, lekin obunaga pul to‘lay olmaydigan milliardlab odamlarga ham SIni yetkazishimiz kerak, deb hisoblaymiz», – dedi u. (Aytish joizki, «Claude»da ham bepul versiya mavjud.)

Hozircha «ChatGPT»da reklama siyosati to‘liq ishga tushmagan, ammo «OpenAI» o‘z saytida reklamalar «alohida va aniq belgilangan» bo‘lishini va foydalanuvchilar ko‘radigan javoblarga ta’sir qilmasligini ta’kidlaydi. Kompaniya, shuningdek, «ChatGPT» orqali bo‘lgan suhbatlar reklama beruvchilar bilan bo‘lishilmasligini va ishonchni ustuvor deb bilishini ma’lum qilgan. Foydalanuvchilarga personallashtirishni o‘chirish yoki reklamasiz to‘lovli tarifni tanlash imkoni berilishi aytilgan. Dastlab, reklama javoblar pastida «joriy suhbatingizga mos keladigan homiylik qilingan mahsulot yoki xizmat bo‘lganda» yozuvi ko‘rsatiladi.

Altman avvallari «ChatGPT» biznes modeliga reklama qo‘shish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamagan. 2024-yil oktabrida u buni «eng oxirgi chora» deb atagan edi. Biroq so‘nggi yillarda «OpenAI» sun’iy intellekt infratuzilmasiga katta sarmoya kiritayotgani fonida, yangi obunachilar soni o‘sishi sekinlashgan.

«Anthropic»ning «OpenAI»ni tanqid qilishi bekordan-bekor emas: «Anthropic» aynan «OpenAI»ning SI xavfsizligi bo‘yicha yo‘nalishidan xavotir olgan sobiq tadqiqotchilar tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya 4-fevraldagi blog yozuvida «Claude» reklamasiz qolishini ma’lum qildi, chunki aks holda chat-bot «ish va chuqur fikrlash uchun haqiqatan foydali yordamchi» bo‘la olmaydi.

Kompaniya SI assistentlari bilan bo‘ladigan ochiq muloqotlar, ko‘pincha shaxsiy yoki murakkab bo‘lgan suhbatlar, ishonchli maslahatchi bilan gaplashishga o‘xshashini ta’kidladi.

«Bunday holatlarda reklama paydo bo‘lishi nomutanosib va ko‘p hollarda noo‘rin bo‘lib tuyuladi», – deb yozdi u.

«OpenAI» foydalanuvchi ma’lumotlarini reklama beruvchilar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lishmasligini aytgan bo‘lsa-da, maqsadli reklama umuman olganda foydalanuvchilarning zaif tomonlaridan foydalanishi mumkinligi uchun tanqid qilib kelinadi. Bu holatda, xavotir «ChatGPT»ga ruhiy yoki jismoniy salomatlik haqida savol berayotgan foydalanuvchilarga ham tegishli bo‘lishi mumkin, bu «Anthropic» reklamalarida ko‘rsatilgan muammolarga o‘xshaydi.

Biroq boshqa tomondan, maqsadli reklama SIning eng zararli jihatlarini cheklashga ham yordam berishi mumkin. Katta korporatsiyalar, agar nafratli yoki qabul qilib bo‘lmaydigan kontent paydo bo‘lsa, hamkorlikni to‘xtatishi mumkin. «Google» yoki «Instagram» kabi ko‘plab sayt va ilovalarda allaqachon reklama mavjud, shuning uchun bu foydalanuvchilar uchun katta o‘zgarish bo‘lmasligi ham mumkin.

Sem Altmanning reklamalar orqali daromadni oshirishga qaratilgan harakatlari foydalanuvchilarni reklamasiz raqiblarga o‘tishiga sabab bo‘ladimi — bu hali aniq emas. Lekin «Anthropic» aynan shunga umid qilmoqda.


«Claude» va «ChatGPT»ning farqi nimada o‘zi?

Ikkala sun’iy intellekt modeli ko‘p jihatdan o‘xshash bo‘lsa-da, ular o‘rtasida sezilarli farqlar mavjud. Modelning qaror qabul qilish usuli «Claude» va «ChatGPT» o‘rtasidagi asosiy farqlardan biridir.

«ChatGPT» asosida «generative pre-trained transformer» (GPT) texnologiyasi yotadi. U matndagi qonuniyatlarni aniqlab, eng mos javobni bashorat qiladi. «OpenAI» modelni yaxshilash uchun choralar ko‘rgan bo‘lsa-da, «GPT» texnologiyasida tabiiy axloqiy mas’uliyat hissi mavjud emas. Shu sababli, o‘tmishda «ChatGPT» ba’zan zararli javoblar ham bergan.

«Claude» ham ba’zan xato javoblar berishi mumkin, lekin uning «constitutional» SI-yondashuvi zararni kamaytirishga qaratilgan axloqiy qoidalar to‘plamiga amal qiladi.

«ChatGPT» internetga real vaqtda kirishi mumkin, «Claude» esa bunday imkoniyatga ega emas. Bu degani, «ChatGPT» orqali so‘nggi yangiliklar va hozirgi voqealar haqida gaplashish mumkin. «Claude»ning bilim bazasi esa bir necha haftadan bir necha oygacha kechikib turishi mumkin. Shuningdek, «ChatGPT» internetdagi havolalarga murojaat qilish imkoniyatiga ham ega.

Kontekst oynasida ham farq bor. SI algoritmida kontekst oynasi, bu qisqa muddatli xotiraga o‘xshash tushuncha bo‘lib, u orqali siz muhokama qilinayotgan mavzuga oid ma’lumotlarni SIga taqdim eta olasiz. «Claude»ning kontekst oynasi «ChatGPT»ga nisbatan kattaroq. Ya’ni u taxminan 200,000 ta so‘zni hisobga olishi mumkin, «ChatGPT» esa taxminan 64,000 ta so‘zni.

Har bir model kontekst oynasini «tokenlar» orqali o‘lchaydi. «ChatGPT 4.0» taxminan 128,000 tokenni tushuna oladi, «Claude» esa 200,000 dan ortiq tokenni qamrab oladi.

«ChatGPT» va «Claude» O‘zbekiston bozorida?

O‘zbekistonliklarga 2023-yilning noyabr oyidan boshlab «ChatGPT»dan ro‘yxatdan o‘tib, foydalanish huquqi berildi, ya’ni «Open AI» «ChatGPT»da o‘zbek raqamidan ro‘yxatdan o‘tish imkoniyatini qo‘shdi. Kompaniya saytida O‘zbekiston neyron tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar va hududlar ro‘yxatida paydo bo‘ldi. 2025-yil 8-aprel kuni «Open AI» kompaniyasi O‘zbekiston Soliq qo‘mitasining elektron xizmat yetkazib beruvchilarning maxsus platformasida ro‘yxatga olindi. Bu «ChatGPT» ishlab chiquvchisi O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganini anglatadi.

O‘zbekistonda talabalar, o‘qituvchilar, jurnalistlar, SMM mutaxassislar va dasturchilar orasida «ChatGPT» juda tez ommalashyapti. Biroq «OpenAI» odatda «ChatGPT» foydalanuvchilarini davlatlar kesimida ochiq e’lon qilmaydi. Shuning uchun «O‘zbekiston» uchun alohida statistika rasman berilmagan. Shunga qaramay, O‘zbekiston SI-chatbotlari bozorida «ChatGPT»ning ulushi 84,46 foizni tashkil etadi.

StatCounter-ai_chatbot-UZ-monthly-202502-202602

«Anthropic»ning «Claude»iga keladigan bo‘lsak, uning ulushi 1,14 foiz. «Anthropic» 2026-yil 2-fevralda O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

«Anthropic» tomonidan taqdim etilgan, 116 ta mamlakat bo‘ylab to‘plangan yangi ma’lumotlar uning «Claude» chat-boti dunyo bo‘ylab eng ko‘p qaysi hududlarda faol foydalanilayotganini ko‘rsatadi. Har bir ball mamlakatning ishga layoqatli aholisiga nisbatan kutilayotgan foydalanish darajasiga taqqoslangan holda hisoblangan. Isroil umumiy reytingda birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, kamida 10 000 ta «Claude» suhbati qayd etilgan mamlakatlar orasida AQSH yetakchilik qiladi va indeks bo‘yicha 3,69x ko‘rsatkichga ega. O‘zbekiston esa 0,13x ko‘rsatkich bilan 116 mamlakat orasida 108-o‘rinda ko‘rsatilgan.

«Claude»dan foydalanish mamlakatlarning iqtisodiy sharoitiga qarab ham farq qiladi. Daromadi past bo‘lgan mamlakatlarda chat-bot ko‘proq uy vazifalari va dasturlash ishlari uchun qo‘llaniladi, boyroq mamlakatlarda esa professional foydalanish turlari ancha keng. Bu dinamika turli mamlakatlarda chat-botlardan foydalanuvchilar yoshi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Daromadi past hududlarda ko‘proq talabalar tomonidan foydalanish yuqori bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Теглар

Мавзуга оид