Logo

Cobalt uchun foizsiz avtokredit ochildi. Endi narx nima bo‘ladi?

Бугун 18:163 дақиқа

2026 yilda sotuvi keskin qulagan Cobalt uchun 0 foizli avtokredit taklif qilinmoqda. Uning sotuvi bu yil qariyb 40 foizga tushib ketdi. Avtomobil ishlab chiqarilganidan ikki barobar kamroq sotilmoqda. Foizsiz bo‘lib to‘lash endi ikkilamchi bozordagi narxlarga ham ta’sir qiladi.

Cobalt uchun foizsiz avtokredit ochildi. Endi narx nima bo‘ladi?

UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobillarini 0 foizli muddatli to‘lov bilan sotib olish imkoniyati yaratilganini e’lon qildi.

Avtokredit muddati 12 oydan 60 oygacha bo‘lib, 65 foiz boshlang‘ich to‘lov qilinganda 0 foizli muddatli to‘lovdan foydalanish mumkin bo‘ladi.

UzAuto Motors avtokredit dastlab «Ipotekabank» bilan hamkorlikda taqdim qilinayotganini ma’lum qildi. Shartlar quyidagicha:

50 foiz boshlang‘ich to‘lov — 5 foizdan 15,5 foizgacha
60 foiz boshlang‘ich to‘lov — 1 foizdan 13,5 foizgacha
65 foiz boshlang‘ich to‘lov — 0 foiz (foizsiz bo‘lib to‘lash)

Foiz stavkasi tanlangan to‘lov muddati va moliyalashtirish shartlariga qarab bank tomonidan belgilanishi aytilgan.

Cobalt sotuvi keskin pasaygan

UzAuto Motors o‘z-o‘zidan bank bilan hamkorlikda foizsiz avtokredit taqdim qilishni boshlagani yo‘q. Cobalt sotuvlari sezilarli pasayib ketgan.

2026 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekistonda 40 936 ta bu rusumdagi avtomobil sotilgan bo‘lib, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan deyarli 40 foizga kamroq.

Shunga qaramay, yanvar—may oylarida Cobalt ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 17,7 foizga ko‘payib, 69 mingtadan oshgan.

Yanvar—may oylarida 35,4 mingtadan oshiq avtomobil sotilgan edi. Demak, bu Cobalt ishlab chiqarilganiga nisbatan deyarli ikki barobar kamroq sotilayotganini ko‘rsatadi.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihada ham eski rusumdagi avtomobil egalari uchun Cobalt’ni 7 yilga foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilayotgani ma’lum qilingandi.

Ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgan eski avtomobil egalari transport vositasini utilizatsiyaga topshirib, evaziga naqd pul yoki maxsus vaucher olishi mumkin.

Bu vaucherdan yangi avtomobil xaridida boshlang‘ich to‘lov sifatida foydalaniladi. Misol sifatida 165 mln so‘mlik Cobalt avtomobili keltirilgan.

Agar utilizatsiyaga topshirilgan eski avtomobil 5 mln so‘mga baholansa, xaridor qolgan 160 mln so‘mni 7 yil davomida foizsiz, oyiga qariyb 1,9 mln so‘mdan to‘lab boradi.

Agar eski avtomobilning bahosi 70 mln so‘m etib belgilansa, unda oylik to‘lov miqdori taxminan 1,13 mln so‘mgacha kamayadi.

Nega sotuv tushib ketdi?

Bunga bozorda o‘rta segmentdagi avtomobillar taklifi ko‘paygani sabab bo‘lmoqda. Odamlar uchun Cobalt avvalgidek yagona variant emas.

Hozirda O‘zbekistonda BYD, KIA, Chery va Haval kabi brendlar ostida avtotransport vositalari ishlab chiqarilmoqda.

Ularning aksariyati Cobalt’dan qimmatroq bo‘lgan modellari uchun foizsiz bo‘lib to‘lash kabi jozibador takliflar bilan sotuvni doimiy oshirib kelyapti.

Mamlakatda elektromobillar uchun infratuzilmaning yaxshilanib borayotgani ham Chevrolet brendi ostidagi avtomobillar, ayniqsa Cobalt sotuviga jiddiy ta’sir qilmoqda.

So‘nggi paytlarda elektromobillar importi, ularning sotuvi va bozordagi takliflar bo‘yicha ko‘rsatkichlari barqaror ravishda o‘sib bormoqda.

Endi narxlar nima bo‘ladi?

UzAuto Motors hozirda Cobalt Style rusumini 156,1 mln so‘m, Cobalt Midnight rusumini 165,2 mln so‘m narxda sotuvga qo‘ygan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida ikkilamchi bozorda kam foydalanilgan Cobalt narxi o‘rtacha 12 900 dollar atrofida bo‘lgan. Bu deyarli yangi avtomobil narxiga teng.

O‘rtacha va ko‘p foydalanilgan Cobalt narxi esa 11 500—12 000 dollar oralig‘ida shakllanmoqda. Foizsiz avtokreditning paydo bo‘lishi minilgan avtomobillar narxini pasaytirib yuborishi kutilmoqda.

Buni misol tariqasida ko‘rib chiqish mumkin. Avval 140 mln so‘mlik eski Cobalt avtomobilini sotib olishi mumkin bo‘lgan xaridor endi 65 foiz boshlang‘ich to‘lov (107 mln so‘m) bilan eng oxirgi modeldagi yangi Cobalt xarid qilish imkoniyatiga ega.

Ko‘pchilik bunday holatda eski avtomobil o‘rniga yangisini tanlashi mumkin. Natijada Cobalt narxi 10 000 dollarlik oraliqqa tushib ketishi ehtimoldan xoli emas.

Bozordagi bu o‘zgarish faqat Cobalt narxiga emas, ikkilamchi bozorda shu segmentdagi boshqa avtomobillar narxiga ham ta’sir qilishi kutilmoqda.

Biroq shunday shartlarda ham Cobalt sotuvini avvalgi yillardagi kabi yuqori darajaga qaytishini kutib bo‘lmaydi. Raqamlar Chevrolet’ning O‘zbekiston bozoridagi ulushini asta-sekinlik bilan yo‘qotib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Теглар

Мавзуга оид