Dam olish kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin

20.02.2026 | 13:152 дақиқа

21-fevral kuni O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali nam va salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.

Dam olish kunlari ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin © Javhar Chorshanbiyeva

O‘zgidromet 21-22-fevral kunlari O‘zbekiston bo‘ylab kuzatiladigan ob-havo ma’lumotlarini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, juma kuni kunduzi O‘zbekiston hududining katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunning o‘rtasiga kelib havo +20...+25 daraja iliqqacha isiydi. Bunday harorat qish faslining oxirigi oyiga qaraganda bahor faslining o‘rtalariga xos ekani aytilgan.

Faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Havo harorati respublika shimolida +8...+13 daraja atrofida bo‘ladi.

Shanba kuni O‘zbekiston hududiga Turkmaniston orqali nam va salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.

21-fevral kuni kechasi va ertalab respublikaning ko‘pchilik hududlarida (Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan tashqari) yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ertalab va kunning birinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida 21-fevral kuni yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor), ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Shamol sekundiga 7-12 metr tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 metrgacha kuchayadi, ayrim joylarda ba’zida 20-25 metrgacha kuchayishi mumkin.

21-fevralda kunduzgi havo harorati me’yoriy qiymatlargacha pasayadi va +9...+14 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

22-fevral – yakshanba kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi va harorat +15...+18 daraja iliqqacha ko‘tariladi.

Dam olish kunlari kechasi va ertalab respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

 Toshkentda juma kuni kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +22...+24 daraja iliq bo‘ladi.

21-fevralda  kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi va kunduzi +11...+13 daraja iliq bo‘ladi.

22-fevral kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi +3...+5 daraja iliq, kunduzi +14...+16 daraja iliq bo‘ladi.

Shamol o‘zgaruvchan yo‘nalishda sekundiga 3-8 metr tezlikda esadi. 20-fevralda kechqurun va 21-fevralda 10-12 metrgacha kuchayishi mumkin.

Теглар

Мавзуга оид