Dori vositasini BFQ sifatida sotganlar fosh etildi
O‘zbekistonda biologik faol qo‘shimcha sifatida sotilgan mahsulot aslida dori ekani aniqlandi, bu esa iste’molchilar huquqlari va bozor nazorati masalasini kun tartibiga olib chiqdi.
© iStockO‘zbekistonda biologik faol qo‘shimcha (BFQ) sifatida sotilgan mahsulot tarkibi dori vositasiga teng ekani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro murojaati asosida o‘tkazilgan tekshiruv davomida dorixonadan xarid qilingan mahsulot tarkibi tahlil qilingan. Natijada uning dori vositasiga xos xususiyatlarga ega ekani tasdiqlangan.
Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi xulosasiga ko‘ra, mazkur mahsulot BFQ sifatida emas, balki dori vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim. Bu holat mahsulotning amaldagi qonunchilik talablariga zid tarzda sotilganini ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, bu kabi holat ilgari ham kuzatilgan. Jumladan, “MALIKA LABORATORIES” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilgan “ORSA” dori vositasi “ORS” nomi bilan BFQ sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlanib, uning ruxsatnomasi bekor qilingan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasiga taqdim etildi. Shuningdek, avval ro‘yxatdan o‘tgan barcha BFQ mahsulotlarini qayta inventarizatsiya qilish va ular bo‘yicha berilgan xulosalarni qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
Qonunchilikka muvofiq, ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar iste’molchilarga tovar haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot taqdim etishi shart. Agar mahsulot noto‘g‘ri ma’lumot asosida sotilgan bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilish va yetkazilgan zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Shuningdek, iste’molchilar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega.





