Logo

Dunyoda dizelni eng ko‘p eksport qiluvchi mamlakatlar qaysi?

Ushbu yonilg‘i sotuvining 35,3 foizi Yevropa hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda faqat Rossiyaning o‘zi ushbu hajmning chorak qismidan ko‘prog‘ini ta’minlaydi.

Dunyoda dizelni eng ko‘p eksport qiluvchi mamlakatlar qaysi? © TASS

Dizel yonilg‘isi yuk mashinalari, qishloq xo‘jaligi texnikalari va kemalarning ishlashini ta’minlaydi. Aynan shu transport vositalari orqali butun dunyo bo‘ylab turli tovarlar tashiladi. Shuning uchun dizelning mavjudligi oddiy yonilg‘i quyish shoxobchasidan ancha kengroq ahamiyatga ega. Vizualizatsiyada 2025-yilda mamlakatlar bo‘yicha dizel yonilg‘isining eksport hajmi ko‘rsatilgan. Ma’lumotlar Joint Organisations Data Initiative (JODI) va Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEK)ning oylik statistikasi asosida yillik o‘rtacha ko‘rsatkich sifatida hisoblangan.

2025-yilda AQSH bir sutkada o‘rtacha 1,26 million barrel dizel yonilg‘isi eksport qildi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha AQSH Rossiyani (783,4 ming barrel) va Saudiya Arabistonini (678,2 ming barrel) ancha ortda qoldirdi.

Birinchi beshtalikka, shuningdek, Hindiston va Janubiy Koreya ham kirdi. Ularning har biri bir kunda 500 ming barreldan ortiq dizel yonilg‘isi eksport qilgan.
AQSHning yetakchiligi asosan mamlakatdagi neftni qayta ishlash sanoatining katta ko‘lami bilan bog‘liq. 2026-yil yanvar holatiga ko‘ra, mamlakatda 130 ta amaldagi neftni qayta ishlash zavodi mavjud bo‘lib, ularning neftni birlamchi qayta ishlash umumiy quvvati sutkasiga 18,2 million barrelni tashkil etgan.

photo_2026-09-28_12-21-48


Niderlandiya, Singapur va Belgiya birgalikda dunyodagi dizel eksportining 12,9 foizini ta’minlaydi. Biroq bu mamlakatlar eksportining sezilarli qismi reeksport, ya’ni xorijdan olib kirilgan yonilg‘ini qayta eksport qilishdan iborat. Uchala mamlakat ham yirik savdo markazlari hisoblanadi: ular dizelni import qiladi, saqlaydi, turli partiyalarni aralashtiradi va keyin mahsulotni boshqa davlatlarga qayta jo‘natadi. Shu sababli ularning eksport ko‘rsatkichlari o‘z neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilgan haqiqiy yonilg‘i hajmini aks ettirmaydi.

Eksportni mintaqalar bo‘yicha ko‘rib chiqsak, birinchi o‘rinda Yevropa turadi — dunyodagi dizel eksportining 35,3 foizi shu mintaqa hissasiga to‘g‘ri keladi. Bunda faqat Rossiyaning o‘zi ushbu hajmning chorak qismidan ko‘prog‘ini ta’minlaydi.

Yevropa eksportining katta qismi mintaqaning o‘zidagi savdo hisoblanadi: Germaniya, Italiya va Ispaniyadagi neftni qayta ishlash zavodlari yonilg‘ini qo‘shni mamlakatlarga yetkazib beradi. Shu bilan birga, Yevropa umumiy hisobda dizelning sof importchisi bo‘lib qolmoqda va yetishmayotgan hajmni AQSH, Hindiston va Yaqin Sharq mamlakatlaridan keladigan import hisobiga qoplamoqda.

Ikkinchi o‘rinda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi turadi — dunyodagi dizel yonilg‘isi eksportining 28,9 foizi shu mintaqa hissasiga to‘g‘ri keladi. Mintaqaning eksportdagi mavqeini Hindiston, Janubiy Koreya va Singapurdagi eksportga yo‘naltirilgan neftni qayta ishlash zavodlari ta’minlab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Markaziy Osiyoga dizel yetkazib berishni keskin oshirgandi.

Теглар

Мавзуга оид