Dunyoda qaysi davlatlar oltin qazib olishda yetakchi?
Xitoy dunyoda eng yirik oltin qazib olovchi davlat hisoblanadi. O‘zbekiston ham bu global reytingda muhim o‘rin egallab, eng yirik oltin qazib oluvchi mamlakatlar qatorida turadi.
© stockJahon oltin bozori hali ham asosan cheklangan yirik davlatlar qo‘lida shakllanmoqda. Xitoy, Rossiya va Avstraliya eng katta oltin qazib oluvchi davlatlar sifatida yetakchilik qiladi, bu haqda Visual Capitalist tomonidan tayyorlangan infografikada ko‘rish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy 380,2 tonna oltin qazib olish hajmi bilan dunyoda birinchi o‘rinni egallagan. Bu jahon bo‘yicha umumiy oltin qazib olish hajmining 10 foizdan ortig‘ini tashkil etadi. Shuningdek, Xitoy nafaqat eng yirik ishlab chiqaruvchi, balki dunyodagi eng katta oltin iste’molchilaridan biri ham hisoblanadi.
330 tonna oltin qazib olish hajmi bilan Rossiya sanksiyalar va geosiyosiy bosimlarga qaramay ikkinchi o‘rinni saqlab qolgan. Avstraliya esa 284 tonna ishlab chiqarish bilan uchinchi o‘rinda turibdi. AQSH 158 tonna, Kanada 202,1 tonna va Meksika 140,3 tonna ishlab chiqarish bilan eng yirik yetkazib beruvchilar qatorida.
Afrika esa dunyo oltin bozorida tobora muhim markazga aylanib bormoqda. Qit’a mamlakatlari jami oltin ishlab chiqarishning qariyb to‘rtdan bir qismini ta’minlaydi. Afrikaning eng yirik ishlab chiqaruvchisi Gana bo‘lib, u 140,6 tonna ishlab chiqardi. Mali va Janubiy Afrika (YUAR) ham yetakchi o‘rinda turibdi.
Boshqa Afrika davlatlari, Burkina-Faso, Sudan, Tanzaniya va Kot-d’Ivuarda ham so‘nggi o‘n yilda oltin ishlab chiqarish hajmi sezilarli oshdi, bu asosan tog‘-kon sohasiga investitsiyalar ko‘paygani bilan izohlanadi. Shunga qaramay, ayrim mintaqalardagi siyosiy beqarorlik va xavfsizlik muammolari qazib olish jarayonlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, Afrika xalqaro tog‘-kon kompaniyalari uchun eng istiqbolli bozorlardan biri bo‘lib qolmoqda.
Markaziy Osiyoda O‘zbekiston 129,1 tonna oltin qazib olish bilan mintaqaning eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi va butun dunyo bo‘yicha 10-o‘rinni egallaydi. Mintaqadagi ikkinchi o‘rinni Qozog‘iston egallab, 87 tonna oltin qazib olgan.
Dunyoda oltin qazib olish bo‘yicha TOP-10 davlat:
1.Xitoy – 380,2 tonna;
2.Rossiya – 330,0 tonna;
3.Avstraliya – 284,0 tonna;
4.Kanada – 202,1 tonna;
5.AQSH – 158,0 tonna;
6.Gana – 140,6 tonna;
7.Indoneziya – 140,1 tonna;
8.Meksika – 140,3 tonna;
9.Peru – 136,9 tonna;
10.O‘zbekiston – 129,1 tonna.





