Elektromobillarga kam foizli avtokredit qachondan berilishi ma’lum bo‘ldi

17.02.2026 | 12:402 дақиқа

Prezident farmoni bilan yil yakunigacha 15 mingta elektromobil sotib olish uchun aholiga 16 foizgacha avtokreditlar ajratiladi.

Elektromobillarga kam foizli avtokredit qachondan berilishi ma’lum bo‘ldi

“'Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish' yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va 'O‘zbekiston-2030' strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida”gi Prezident farmoni matni e’lon qilindi.

Farmonda ekologik muvozanatni ta’minlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni samarali tashkil etish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturi keltirilgan. Unda 2026 yil sentabrdan aholiga elektromobillarni sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada bank avtokreditlarini adolatli ajratishni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Elektromobillarni sotib olish uchun ajratiladigan bank kreditlari foizlarining oshgan qismini tijorat banklariga Davlat budjeti hisobidan qoplash tartibini joriy etiladi. Yil yakuniga qadar birinchi bosqichda aholiga 15 mingta elektromobil xaridi uchun 16 foizgacha stavkada kredit mablag‘lari ajratiladi.

Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sonini ko‘paytirish uchun mazkur yo‘nalishni rag‘batlantirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Buning uchun elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kWh elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismini Davlat budjetidan qoplab berish tartibini joriy etiladi. Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli maqsadli kreditlar ham ajratiladi.

Quvvatlash stansiyalari uchun sotib olinadigan yer maydonlarining auksiondagi boshlang‘ich narxini ularning bozor qiymatidan 2 baravar arzon narxda belgilanadi. Natijada, yil yakuniga qadar elektromobillarni quvvatlash stansiyalari soni 4 mingtaga yetkaziladi. Ayni paytda bu ko‘rsatkich 2 mingtaga yaqin.

Avvalroq O‘zbekistonda elektromobillar savdosi rekord darajada o‘sayotgani haqida xabar berilgandi.

Теглар

Мавзуга оид