Logo

Endi banklar kredit xatarlari haqida mijozni oldindan ogohlantirishi talab etiladi

Бугун 17:552 дақиқа

Markaziy bankka ko‘ra, ogohlantirishlar fuqarolarning kredit olishdan oldin uning xatarlari, shartlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq hamda tushunarli ma’lumot olishini ta’minlaydi.

Endi banklar kredit xatarlari haqida mijozni oldindan ogohlantirishi talab etiladi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekistonda banklar kredit mahsulotlarini reklama qilishda mijozlarni qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida oldindan ogohlantirishi shart bo‘ladi. Bu talab Markaziy bank boshqaruvining ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga qo‘shimchalar kiritishga doir qarori bilan belgilandi.

Hujjat Adliya vazirligida 2026-yil 30-sentabrda 3948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran bir oy o‘tgach kuchga kiradi.

Hujjatga ko‘ra:

— banklar kredit reklamasida qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik xavfli ekani haqida ogohlantirish berishi talab etiladi;

— bu ogohlantirish reklamaning kamida 10 foizini egallaydi (rasm, video yoki audio reklamada);

— kredit shartnomasining birinchi sahifasida ham ogohlantirish bo‘ladi — sahifaning kamida 30 foizi;

— ogohlantirishda qarz to‘lanmasa, qarz oluvchiga nisbatan nima bo‘lishi mumkinligi haqidagi oqibatlar ko‘rsatiladi: qarz ko‘payadi, mol-mulk va hisobvaraqlardagi pulga undiruv qaratiladi, kredit tarixi buziladi;

— mijozni chalg‘ituvchi kredit mahsuloti uchun bankka nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanadi.

«Ushbu o‘zgartirishlar iste’molchilarning kredit olishdan oldin uning xatarlari va qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniq va tushunarli ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlaydi», — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Avval ham banklarga kredit rasmiylashtirishdan oldin jismoniy shaxslarga kredit majburiyatlari bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar haqida cheklist taqdim etish talabi kiritilgan. Mijoz ushbu ma’lumotlar bilan tanishganini tasdiqlamasdan turib kredit shartnomasini rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Теглар

Мавзуга оид

Endi banklar kredit xatarlari haqida mijozni oldindan ogohlantirishi talab etiladi | Vaqt.uz