Eron oliy rahbari AQSH bilan muzokaralarga rozi bo‘ldi — OAV

Кеча 20:252 дақиқа

Abbos Aroqchi Stiv Uitkoff bilan telefon orqali gaplashib, mamlakat oliy rahbari Mujtaba Xomanaiy Vashington bilan muzokaralarni ma’qullaganini bildirgan.

Eron oliy rahbari AQSH bilan muzokaralarga rozi bo‘ldi — OAV

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arog‘chi AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan telefon muloqotida mamlakat oliy rahbari Mujtaba Xomanaiy Vashington bilan muzokaralarni ma’qullaganini bildirdi. Bu haqda yuqori martabali eronlik mulozimga tayanib, Isroilning «Ynet» nashri xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Uitkoff va Arog‘chi o‘rtasidagi suhbat payshanba, 19-mart kuni bo‘lib o‘tgan. Vashington va Tehron o‘rtasidagi bunday to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalardan Isroil ogohlantirilmagan.

Manbaning qayd etishicha, Arog‘chi uchun «AQSHga Erondagi hokimiyat iyerarxiyasini ko‘rsatib qo‘yish» hamda amerikaliklarga o‘zining haqiqiy hokimiyat egalari nomidan ish ko‘rayotganini anglatish juda muhim edi.

Muloqot davomida vazir Xomanaiyning urushni tezroq yakunlashga tayyor ekanini, ammo bu faqat Tehronning shartlari bajarilgan taqdirdagina yuz berishini ta’kidlagan. «Ynet» nashriga ko‘ra, gap urushdan avval Tehron va Vashington o‘rtasida Jenevada bo‘lib o‘tgan muzokaralardagi shartlar haqida bormoqda. Xususan, Eron boyitilgan uranni Rossiyaga chiqarish masalasini muhokama qilishga rozi, lekin o‘z yadroviy dasturi va ballistik raketalaridan to‘liq voz kechmoqchi emas.

AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralar haqida 23-mart kuni Donald Tramp ham aytib o‘tdi. U mazkur jarayonni «juda yaxshi va samarali» deb baholadi. Shu bois, Tramp Pentagonga Eronning elektr stansiyalari va energetika infratuzilmasiga beriladigan zarbalarni besh kunga kechiktirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Eron esa AQSH bilan hech qanday muzokaralar olib borilganini rad etmoqda. O‘z navbatida, «Axios» nashri manbalarga tayanib, ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarda Turkiya, Misr va Pokiston vositachilik qilganini yozgan. Ushbu uch davlatning tashqi ishlar vazirlari ikki kun davomida Amerika va Eron vakillari bilan alohida-alohida muzokaralar o‘tkazgan.

Теглар

Мавзуга оид