Ertaga Senat Oliy sud raisini almashtiradi — manba
Vaqt.uz’ning sud-huquq tizimidagi manbalariga ko‘ra, Senatning ertangi majlisida Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov lavozimidan ozod etiladi.
© Oliy sudOliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisini chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Unda tashkiliy masala ko‘rilib, Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov lavozimidan ozod qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Vaqt.uz manbasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Baxtiyor Islomovning ishdan olinishi avvalroq ma’lum bo‘lib ulgurgan bo‘lgan. «Ishdan olish va tayinlov Senatning ertangi yig‘ilishida rasman ro‘y beradi. Uning (Islomovning) ishdan ketishini Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan sudlarda komplayens-nazorat tizimi samaradorligini oshirishga oid taqdimot jarayonida ko‘rinish bermaganidan ham bilish mumkin edi», dedi manba.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 10-avgustda Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z maslahatchisi Baxtiyor Islomov nomzodini Oliy sud raisi lavozimiga ko‘rsatib, Senatga taqdimnoma kiritgan edi.
Baxtiyor Islomov muqaddam Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida sudyalik qilgan, 2020 yil noyabrigacha jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi raisi bo‘lgan. U 2020 yil noyabrida Prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenovning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. Oradan bir yil o‘tib, Rustam Inoyatov o‘rniga Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ish boshlagandi.