Farmatsevtika korxonalariga yangi soliq imtiyozlari beriladi

Yangi farmatsevtika loyihalari yer, foyda va mol-mulk soliqlaridan uch yil muddatga ozod qilinadi.

Farmatsevtika korxonalariga yangi soliq imtiyozlari beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika tarmog‘ida ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va texnologiyalar transferini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda tarmoqni rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish hamda tadbirkorlar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etish bo‘yicha yangi qarorlar e’lon qilindi.

Yig‘ilishda tadbirkorlar barcha hududlarda ham farmzonalar mavjud emasligi sababli, mazkur zonalarga berilgan soliq imtiyozlarini boshqa farmatsevtika korxonalariga ham tatbiq etishni so‘radi. Prezident ushbu taklifni qo‘llab-quvvatladi va sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar uchun yangi imkoniyatlar yaratilishini ma’lum qildi.

Yangi soliq qachondan kuchga kiradi

Belgilanishicha, joriy yil 1-apreldan boshlab joylashuvidan qat’i nazar, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish, dorivor o‘simliklar yetishtirish va qayta ishlash loyihalari boshlangan paytdan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Shuningdek, tadbirkorlar loyiha ishga tushganidan keyin uch yil davomida foyda va mol-mulk solig‘ini to‘lamaydi.

Bojdan ozod qilinadigan sohalar

Qarorga muvofiq, biologik faol qo‘shimcha hamda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari xomashyo, uskuna va butlovchi qismlar importida boj to‘lovidan ozod etiladi. Shu bilan birga, farmatsevtika korxonalariga o‘z ishlab chiqarish liniyalarida biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarishga ham ruxsat beriladi.

Bundan tashqari, har yili 1-iyulga qadar mahalliylashtirish tavsiya etiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro‘yxati tadbirkorlarga e’lon qilib boriladi. Mazkur ro‘yxat asosida dori vositalari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirayotgan tadbirkorlarga xorijiy valutada 7 foizli kreditlar taqdim etiladi.

Mavjud mahsulotlari bo‘yicha mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirishni maqsad qilgan korxonalar esa Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 10 yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar olishi mumkin. Bunda xorijiy valutadagi kreditlar 6 foiz, milliy valutadagi kreditlar esa 12 foiz stavkada ajratiladi.

Теглар

Мавзуга оид