Fors ko‘rfazidagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi mamlakat qazib olishni qisqartiryapti

Dunyoda neft ishlab chiqarish bo‘yicha AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi davlat qazib olishni qisqartirishni boshladi. Bunday qaror Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda bloklangani bilan bog‘liq.

Fors ko‘rfazidagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi mamlakat qazib olishni qisqartiryapti

Fors ko‘rfazidagi eng yirik va dunyoda AQSHdan keyin ikkinchi o‘rinda turuvchi neft ishlab chiqaruvchi davlat bo‘lgan Saudiya Arabistoni neft qazib olishni qisqartirishni boshladi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, «Bloomberg» xabar qildi.

Manbaga ko‘ra, bunday qaror Ho‘rmuz bo‘g‘ozi amalda bloklangani bilan bog‘liq. Eron sohillari yaqinida joylashgan ushbu tor dengiz yo‘li orqali dunyodagi barcha dengiz orqali tashiladigan neftning taxminan beshdan bir qismi o‘tadi. Kemalar harakatining cheklanishi mamlakatdagi neft saqlash rezervuarlarining to‘lib ketishiga olib kelgan.

rasm

Portni o‘zgartirish

Saudiya Arabistoni kuniga taxminan 10 million barrel neft ishlab chiqaradi va uning 7 million barrelga yaqinini eksport qiladi. O‘tgan hafta Yaqin Sharqdagi mojaro kuchayishi sababli «Saudi Aramco» kompaniyasi eksportning bir qismini odatdagi yo‘nalish – Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali emas, balki Qizil dengizdagi Yanbu porti tomon yo‘naltirishni boshlagan.

«Biroq neftni tashish uchun ishlatiladigan quvur o‘tkazgichining o‘tkazish qobiliyati barcha eksport hajmini to‘liq qoplash uchun yetarli emas», – deb yozadi «Bloomberg».

Saudiya birinchi davlat emas

O‘tgan hafta Yaqin Sharqda neft qazib olishni qisqartirgan birinchi yirik eksportyor Iroq bo‘ldi. 3-mart kuni u o‘zining uchta yirik neft konlarida ishlab chiqarishni qisqartirishini e’lon qildi.

5-mart kuni «Financial Times» manbalariga tayanib xabar berishicha, Saudiya Arabistoni neft saqlash omborlari to‘lib ketishi sababli ikki hafta ichida u ham qazib olishni qisqartirishga majbur bo‘lishi mumkin edi.

Dunyodagi eng yirik neft eksportchilaridan hisoblangan Saudiya Arabistoni mintaqadagi eng katta neft omborlariga ega. Biroq sun’iy yo‘ldosh tasvirlari ba’zi obyektlar allaqachon to‘lib borayotganini ko‘rsatgan. Bu haqda sun’iy yo‘ldosh tahlili bilan shug‘ullanuvchi «Kayrros» kompaniyasi hammuassisi Anton Halff ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 5-mart holatiga ko‘ra Fors ko‘rfazidagi eng yirik neft terminallaridan biri «Juaymah Terminal» tez sur’atda to‘lib borayotgan va bo‘sh quvvatlar kamayib borayotgan edi.

Neft bozorida nima bo‘lyapti?

«Financial Times»ning yozishicha, neft qazib olishdagi katta uzilishlar neft narxining yanada keskin o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Bugun, 9-mart kuni savdolarda «Brent» nefti narxi kun davomida barrel uchun 119,5 dollargacha ko‘tarildi. Aprel oyida yetkazib berish bo‘yicha «West Texas Intermediate» fyucherslari ham 119,48 dollar darajasida savdo qilindi.

Теглар

Мавзуга оид