Furqat tumani IIB sobiq boshliqlariga oid sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi

Ular 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Furqat tumani IIB sobiq boshliqlariga oid sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi

Furqat tuman ichki ishlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning o‘rinbosari Jasur Rasulovga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqildi. Bu haqda Andijon viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kassatsiya instansiyasi ajrimi bilan Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulovga nisbatan chiqarilgan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Xabarga ko‘ra, sud qarorlari ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda taftish instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqli.

Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulov ishi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tuman sudining 2025 yil 28-noyabrdagi hukmi bilan 1986 yilda tug‘ilgan, Furqat tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan Akmal Xo‘jayev va 1991 yilda tug‘ilgan, Furqat tumani IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Jasur Rasulov Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi, 206-moddasi 1-qismi, 230-2-moddasi 1-qismi va 234-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Akmal Xo‘jayev va Jasur Rasulovning har biriga 3 yil muddatga Ichki ishlar vazirligi tizimida hamda davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan ishlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarida o‘tattirilishi belgilangan.

Qosimova ishi

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida maktab direktori bo‘lib ishlagan Gulira’no Qosimova o‘ziga nisbatan ichki ishlar xodimlari tomonidan zo‘ravonlik va tahqirlash holatlari sodir etilganiniaytgandi. Uning aytishicha, tuman IIB tezkor xodimlari uni va soliq inspeksiyasi boshlig‘ini «jinoyat sahnasi» sifatida sahnalashtirilgan operatsiyaga jalb etib, urgan, yechintirgan va yolg‘on ayblovlar ostida bosim o‘tkazgan. Ayol ularning aytganini qilmagani va soliq inspeksiyasi boshlig‘iga tuhmat qilish taklifini rad etgani uchun videoga olinib, keyinroq tahdid va shantajga uchragan.

Теглар

Мавзуга оид