Logo

«Gaz hech kimga yetmayapti»: Bosh vazir o‘rinbosari quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirishga chaqirdi

Бугун 20:252 дақиқа

Jamshid Xodjayev Xorazmdagi tadbirkorlar bilan uchrashuvda mamlakatdagi gaz taqchilligini sabab qilib ko‘rsatib, shunday mazmunda fikr bildirdi.

«Gaz hech kimga yetmayapti»: Bosh vazir o‘rinbosari quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirishga chaqirdi

O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishda gazdan foydalanishni qisqartirib, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e’tiborni kuchaytirish lozim. Bu haqda joriy yilning 5-avgust kuni Xorazm viloyati tadbirkorlari bilan hukumat komissiyasining ochiq muloqotida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deya yozmoqda «Spot» nashri.

Qayd etilishicha, muloqot davomida Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari Alisher Dushanov «Odas Enerji CA» gaz-porshenli elektr stansiyasining quvvati 174 MVtni tashkil etsa-da, Energetika vazirligi huzuridagi Milliy dispetcherlik markazi undan atigi 50−60 MVt elektr energiyasi buyurtma qilayotganini ta’kidlagan.

Bunga quyosh elektr stansiyalari tomonidan energiya ishlab chiqarish hajmining keskin oshgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Shu munosabat bilan, hokim o‘rinbosari Energetika vazirligi va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»dan korxona ishlab chiqargan elektr energiyasini 100 foiz hajmda qabul qilishni ta’minlashni so‘ragan.

«Elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalar kamaygani sababli korxona past quvvatda ishlamoqda. Iltimos, Energetika vazirligi va O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari uning ishlab chiqargan elektr energiyasini 100 foiz hajmda qabul qilishini ta’minlasin», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Xabarga ko‘ra, Jamshid Xodjayev davlat-xususiy sheriklik loyihasi bo‘yicha shartnoma shartlari bilan qiziqqanda, kelishuvda ishlab chiqarilgan barcha elektr energiyasini sotib olish majburiyati yo‘qligi va xarid faqat davlat ehtiyojidan kelib chiqib amalga oshirilishi ma’lum bo‘lgan.

Shuningdek, korxona vakili stansiya aynan gazdan foydalanishini tasdiqlagan.

«Men energetika vaziri bo‘lganimda, gazdan foydalanishni qisqartirib, quyosh energiyasiga e’tiborni kuchaytirgan bo‘lardim. Gazning o‘zi ham yetishmayapti — aholiga ham, hech kimga ham yetarli emas», — deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Natijada, Jamshid Xodjayev faqat zarurat tug‘ilgandagina mazkur korxonadan elektr energiyasi xarid qilish masalasini bayonnomaga kiritishni topshirgan.

«Odas Enerji CA» korxonasi haqida

«Spot»ning yozishicha, «Odas Enerji CA» korxonasi 2026 yilning yanvar-iyun oylarida 168 milliard so‘mlik elektr energiyasi ishlab chiqargan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 milliard so‘mga kamdir.

Ma’lumot o‘rniga, Turkiyaning «Odas Enerji CA» kompaniyasi tomonidan 2022 yil mart oyida Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida 105 million dollar investitsiya evaziga 174 MVt quvvatga ega gaz-porshenli elektr stansiyasi ishga tushirilgan. Stansiya yiliga 1,4 milliard kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish va bu orqali 175 million kub metr tabiiy gazni tejash maqsadida barpo etilgan.

Korxonaning yagona ta’sischisi sifatida «Hidro Enerji Elektrik Üretim Sanayi Anonim Şirketi» ro‘yxatdan o‘tgan.

Теглар

Мавзуга оид

«Gaz hech kimga yetmayapti»: Bosh vazir o‘rinbosari quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirishga chaqirdi | Vaqt.uz