Logo

Hali kirill imlosidan to‘liq voz kechishga ulgurmay, O‘zbekistonda alifbo yangilanish arafasida. Ota-onalar qo‘lida plakat ko‘tarib vazirlikka yig‘ildi, maktabda 9 yoshli bolaga magnit yuttirildi. Senat yangi alifboni tasdiqladi.

Кеча 18:006 дақиқа

Hafta davomida sodir bo‘lgan voqealar bilan Vaqt.uz’da tanishing.

Quronboyev ketdi, kursisini boshqa egalladi

Quronboyevning o‘rniga Mirzayev — Mahallalar uyushmasiga yangi rahbar tayinlandi. Hafta ishdan olinish va tayinlovlar bilan boshlandi.

Uyushmaga tashkil etilganidan, ya’ni 2024-yildan beri Qahramon Quronboyev rahbarlik qilib kelayotgan edi.

G‘ofurjon Mirzayev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullandi va u O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi lavozimiga tayinlandi.

Mirzayev bir paytlar Sirdaryo viloyatiga hokimlik qilgan. 2022-yilning noyabrida prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan, 2023-yil avgustdan boshlab lavozimi prezidentning kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi deya o‘zgartirilgan.

Shuningdek, 8 yil ichki ishlar vaziri bo‘lgan, o‘tgan yildan buyon prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgan Po‘lat Bobojonov ham yangi lavozimga tayinlandi. Endi u O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritadi.

Vazirlik oldida plakat ko‘targanlar

9-sentabr tongi Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida qo‘lida kasal bolalari va plakatlar bilan turgan ota-onalar aks etgan videolarning tarmoqlarda tarqalishi bilan boshlandi.

Muxbirimiz holatga aniqlik kiritish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.

Aytilishicha, qizamiqdan og‘rigan bolalarning ota-onalari SSV oldida to‘planib, hukumatdan zarur dorilar, tibbiy yordam va moddiy yordam so‘ragan. Bu kasallikka asosan COVID-19 paytida tug‘ilgan bolalar chalingan. Bolalarning yaqinlari mas’ullardan bemorlarni davolash, parvarishlash hamda yillar davomida yechimini kutayotgan tizimli muammolarni hal etishda amaliy ko‘mak berilishini so‘radi. Vazir Eldor Odilov yig‘ilganlar bilan uchrashdi. Ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim bolalarda kasallik alomatlari qizamiqqa qarshi emlash jarayonidan so‘ng avj olgan. Boshqalar esa farzandlari qizamiq bilan og‘riganidan bir necha yil o‘tib SSPE belgilari yuzaga chiqqanini bildirmoqda.

Qizamiq virusning og‘ir asorati bo‘lib, odatda virus bilan og‘riganidan bir necha yil o‘tib, bosh miya hujayralarini shikastlay boshlaydi. Kasallik belgilari qizamiq bilan og‘riganidan so‘ng darhol emas, odatda 2 yildan 10 yilgacha vaqt o‘tgach namoyon bo‘ladi. Virus shu davr mobaynida bosh miya to‘qimalarida «yashirin» holatda saqlanib, mutatsiyaga uchraydi va qayta faollashadi.

Kasallik asosan 2 yoshgacha bo‘lgan davrda qizamiq bilan og‘rigan bolalarda ko‘proq uchraydi. Go‘daklikda qizamiqni o‘tkazib yuborgan bolalarda SSPE rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi.

Vaqt.uz muxbiriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘sha yerda yig‘ilgan jurnalistlarga vaziyat yuzasidan izoh berishni ma’lum qilgan. Biroq vazirlik matbuot xizmati tomonidan hech qanday rasmiy munosabat berilmadi.

Maktab darsliklari ham yangi alifboga o‘tkaziladi

O‘zbekistonliklar hali kirill imlosidan voz kecholmay turgan bir paytda yangi alifboni hazm qilish bo‘sag‘asida turibdi. Senat yangi tahrirdagi alifboni ma’qulladi. Agar hujjatni prezident imzolasa, alifboda o‘zgarish bo‘ladi.

Hatto, maktab darsliklari ham yangi alifbo asosida chiqariladi. Ular 2031-yilgacha yangilangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tkaziladi.

Rejaga ko‘ra, 2027-yildan boshlab birinchi sinf darsliklari yangi alifboda chop etila boshlaydi. Keyinchalik yuqori sinflar uchun darslik va qo‘llanmalar ham bosqichma-bosqich yangilanadi.

Vazir o‘rinbosari Azizbek Turdiyev darsliklar odatdagi yangilanish davriyligi asosida almashtirilishini aytdi. Ya’ni 1-sinf darsliklari har yili, 2–4-sinflar uch yilda bir, 5–11-sinflar esa besh yilda bir yangilanadi.

Shuningdek, o‘qituvchi va o‘quvchilarni yangi alifboga moslashtirish uchun har yili yangi o‘quv yili oldidan maxsus seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Muhim jihat — qonun kuchga kirgach, imtihonlar ham qonunda belgilangan yangi alifboda o‘tkaziladi. Vazirlik bu jarayonga tayyorligini va qo‘shimcha mablag‘ talab etilmasligini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda senator Husan Ermatov O‘zbekiston shu paytgacha amalda ikkita alifbodan — kirill va amaldagi lotin yozuvidan — foydalanayotganini aytib, hukumat vakiliga savol qo‘ydi. U xohlaymizmi-yo‘qmi, gazetalar haligacha kirill yozuvida chiqayotgani va to‘liq lotin yozuviga o‘tish hozircha nasib etmaganini urg‘uladi. U deylik, lotin alifbosi tanlangan bo‘lsa-da, o‘tishning oxiriga yetkazilmaganiga qat’iyatning yetishmaganini sabab qilib ko‘rsatdi. U agar bu yerda ham yetarlicha qat’iyat bo‘lmasa, O‘zbekistonda bir vaqtning o‘zida uchta alifbo ishlatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Chorvoqdagi fojia

Chorvoq suv omborida 3 kishi cho‘kib ketdi. Hodisa 2-sentabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida sodir bo‘lgan.

FVV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, katerda sayr qilish paytida oila a’zolaridan biri — kichik o‘g‘il — qutqaruv nimchasidan foydalanmagan holda cho‘milish uchun suvga tushgan. Uning oyoq tomiri tortishib qolgan va cho‘ka boshlagan. Unga yordam berish maqsadida akasi va otasi ham birin-ketin suvga tushgan. Oqibatda uchalasi ham cho‘kib ketgan.

Qidiruv ishlariga favqulodda vaziyatlar vaziri topshirig‘iga asosan shtab faoliyati tashkil etilib, qo‘shimcha ravishda Jizzax va Sirdaryodan kuchlar jalb etildi.

Oradan 7 kun o‘tib, o‘g‘illardan birining jasadi topildi, 10-sentabrda esa yana bir o‘g‘il va otaning jonsiz tanasi ham topildi.

Profilaktika inspektorlariga yangi vakolat

Endi mahallangizda turgan mashinangiz ham jarimaga tortilishi mumkin. O‘zbekistonda profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytirildi.

Prezident qaroriga ko‘ra, endi profilaktika inspektorlari birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik uchun ogohlantirish berishi mumkin.

Shuningdek, ularga mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida yo‘l harakati qoidalarining 4 turdagi buzilishi bo‘yicha jarima qo‘llash vakolati berildi. Bundan tashqari, tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbari yoki uning o‘rinbosarlari vakolatidagi 9 turdagi ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish huquqi ham inspektorlarga beriladi.

Yangi tartibdan asosiy maqsad — mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, huquqbuzarliklarning oldini olish va aholining profilaktika inspektorlariga bo‘lgan ishonchini oshirish.

Shu bilan birga, inspektorlarga xizmat vazifasiga kirmaydigan qo‘shimcha topshiriqlar berish taqiqlanadi.

Kaltaqlangan kurer

Toshkentda 6-sentabr kuni 52 yoshli ko‘p qavatli uy qorovuli 20 yoshli kurerni binoga kirgizmay, uni urdi va haqoratladi. Voqea ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida katta rezonansga sabab bo‘ldi va qorovul mayda bezorilik ortidan 10 sutkaga qamaldi.

O‘zbekiston oltin-valuta zaxirasi ortmoqda

O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 72 milliard dollardan oshdi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida mamlakat zaxiralari 7,78 milliard dollarga yoki 12,1 foizga oshib, 72,13 milliard dollarga yetgan. Bu fevral oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Zaxiralarning asosiy qismini oltin tashkil etadi. Avgust oyida uning qiymati 8,8 milliard dollarga oshib, 64,92 milliard dollarga yetgan. Oltinning fizik hajmi ham ko‘paygan: 13,85 million troya unsiyadan 14,11 million unsiyagacha. Bu qariyb 439 tonna oltin degani.

O‘sishning asosiy sababi jahon bozorida oltin narxining keskin qimmatlashishi bo‘lgan. Avgust oyida bir unsiya oltin narxi 4 ming dollardan boshlanib, oy davomida 4 ming 700 dollarga yaqinlashgan. Oy yakunida esa narx 4 ming 450 dollar atrofida shakllangan.

Shu bilan birga, zaxiralarning valuta qismi 1 milliard dollarga kamayib, 6,64 milliard dollarni tashkil etgan. Umuman olganda, O‘zbekiston zaxiralarining o‘sishida oltin narxining ko‘tarilishi asosiy omil bo‘lgan.

Bolaga magnit yuttirildi

Haftaning eng muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzularidan biri maktab bolasiga yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan magnit yuttirilgani va oqibatda bola og‘ir ahvolga kelib qolgani bo‘ldi.

Voqea Yashnobod tumanidagi 151-maktabda sodir bo‘lgan. Maktab direktori va o‘quvchining sinf rahbariga ko‘ra, 3-sentabr kuni bola hojatxonaga chiqish uchun ruxsat so‘rab, taxminan 10 daqiqadan so‘ng sinfga qaytgan va undan keyingi kunlarda bola odatdagidek darsga kelgan.

5-sentabr kuni esa uning onasi bolaning qorni og‘riyotganini aytib, shifoxonaga olib borgan. Bolaning qornida esa yot jism aniqlangan. Shundan so‘ng holat yuzasidan ariza berilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Magnit bolaga yuqori sinf o‘quvchilari tomonidan majburan yuttirilgan, degan gaplar ham bor.

Shifokorlar operatsiya vaqtida ingichka ichakda magnit sharlari borligini aniqlagan. Ular olib tashlangan, ichakdagi shikastlangan joylar tiklangan. Hozir bola reanimatsiyada, shifokorlar ahvoli yaxshilangach, jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilishini aytmoqda.

Holat bo‘yicha tergov ishlari davom etmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hojatxona hududiga ham videokuzatuv kameralarini o‘rnatish choralari ko‘rilishini bildirdi. Bolaning onasi esa OAVga intervyu berishni istamagan.

 

Нозима Қаршибоева

Нозима ҚаршибоеваМақолалар сони: 70

Барчаси

Мавзуга оид