«Hamkorbank» Toshkent markazidagi Qurilish vazirligi binosini 16 mln dollarga sotib oldi
Vazirlik Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda. Bino uchun auksionda avvalroq boshqa kompaniya g‘olib bo‘lgandi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan ma’muriy binosi auksionda sotildi.
Bugun, 15-may kuni bo‘lib o‘tgan kimoshdi savdosida vazirlik binosini mamlakatdagi xususiy banklardan biri «Hamkorbank» xarid qildi. Bank Qurilish vazirligi binosini 196,6 mlrd so‘mga yoki oxirgi kurs bilan 16,4 mln dollarga sotib oldi.
Bino 2025 yil dekabr oyida ham auksionga qo‘yilgandi. O‘shanda «O‘zshahar qurilish invest» MCHJ 182,2 mlrd so‘m narx nar bilan g‘olib bo‘lgandi. Ammo, kompaniya auksion shartlarini bajara olmagan.
Qurilish vazirligi inshootlari Toshkent shahri, Abay ko‘chasi 6-uy manzilida joylashgan. Uning yonida davlat banklaridan biri «Turonbank»ning bosh ofisi mavjud.
Bino 0,5 gektar yer maydonini egallagan bo‘lib, umumiy foydali maydoni 11 725 kvadrat metrni tashkil qiladi. Lot shartlariga muvofiq, xaridor ushbu binoda ofis va xizmat ko‘rsatish faoliyatini tashkil etishi shart. Bu esa «Hamkorbank» uchun to‘g‘ri keladi.
Agar bank oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida to‘lovni to‘liq amalga oshirsa, unga Markaziy bankning asosiy stavkasiga teng miqdorda — 14 foiz chegirma beriladi.
Qurilish vazirligi bino sotilishi natijasida Yangi Toshkent shahriga ko‘chib o‘tishi kutilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda davlat banklari turizm biznesidan chiqayotgani haqida xabar berilgandi.





