Logo

Hech qanday adovat yo‘q, faqat biznes: AQSH O‘zbekistondan nimani istaydi?

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi 12 milliard dollarlik savdo va investitsiya shartnomalari bilan yakunlandi. Donald Tramp ma’muriyatining biznes tamoyiliga tayangan Vashington mintaqa davlatlaridan Rossiya yoki Xitoy bilan aloqalarni uzishni talab qilmayapti, balki ularga milliardlab dollarlik jozibador sarmoyalarni taklif etmoqda.

Hech qanday adovat yo‘q, faqat biznes: AQSH O‘zbekistondan nimani istaydi? © Foto: reuters

AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning O‘zbekistonga tashrifi doirasida tomonlar ko‘p milliard dollarlik investitsiya va savdo bitimlarini imzoladi. Bu Donald Tramp ma’muriyatining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlariga to‘la mos keladi. Qolaversa, Vashington ham boshqa davlatlar qatori Markaziy Osiyo mamlakatlarini murakkab geosiyosiy tanlov oldida qoldirayotgani yo‘q. Qo‘shma Shtatlar bu mintaqada Xitoy va Rossiya bilan geosiyosiy emas, balki faqat iqtisodiy jihatdan raqobatlashishini ta’kidlamoqda.

Rubio yakshanba oqshomida Samarqandga yetib keldi va uni O‘zbekiston Prezidentining qizi, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva kutib oldi. Tashrif davomida u Markaziy Osiyo davlatlarining ishbilarmon doiralari hamda davlat mulozimlari bilan uchrashdi.

Tahlilchilarning fikricha, Rubioning safari va 12 milliard dollarlik savdo-sarmoyaviy kelishuvlarning imzolanishi AQSHning Markaziy Osiyodagi ta’sirini yanada kengaytiradi. Vashington mudofaa sanoati, texnologiyalar va ishlab chiqarishda qo‘llanadigan muhim foydali qazilmalar borasida Xitoyga qaramlikni kamaytirishga intilmoqda. «Bloomberg» ma’lumotiga ko‘ra, AQSH hukumati an’anaviy ravishda Xitoy va Rossiyaning ta’siri kuchli bo‘lgan ikki mintaqa — Markaziy Osiyo va Kavkazda o‘z iqtisodiy ishtirokini oshirishga harakat qilmoqda.

1

So‘nggi yillarda Amerikaning mintaqadagi faolligi sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2025 yilda Tramp Oq uyda ilk bor Markaziy Osiyoning beshta davlati rahbarlarini qabul qilgan edi. Shuningdek, u Qozog‘iston, Ozarboyjon va O‘zbekiston rahbarlarini dekabr oyida Mayamida o‘tadigan G20 sammitiga ham taklif etgan.

Rubioning ushbu safari arafasida AQSH Davlat departamenti Vashington yuqori darajadagi diplomatik aloqalarni iqtisodiyot va xavfsizlik sohalaridagi amaliy sheriklikka aylantirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

«Qo‘shma Shtatlar juda uzoq vaqt davomida bor e’tiborini Yaqin Sharqqa qaratdi. Markaziy Osiyo esa o‘ziga munosib e’tibordan chetda qoldi», — dedi yuqori martabali Amerika mulozimi.

Bu gap Marko Rubioning AQSHdan jo‘nab ketishi oldidan, 16-oktabr kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingida yangragan.

AQSH Davlat kotibining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida imzolangan bitimlar aviatsiyadan tortib moliyaviy xizmatlar va tog‘-kon sanoatigacha bo‘lgan keng qamrovli yo‘nalishlarni o‘ziga qamrab oladi. Mazkur kelishuvlar doirasida Amerikaning bir qator yirik kompaniyalari O‘zbekistonga katta miqdorda sarmoya kiritadi, shuningdek, turli mahsulot va xizmatlarni yetkazib beradi.

Transport tarmog‘ida «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi uchun dvigatellar yetkazib berish bo‘yicha «GE Aerospace» kompaniyasi bilan hamkorlik kelishuvi e’lon qilindi.

Moliya sohasida esa «Franklin Templeton», «Oppenheimer & Co.», «Citigroup» va «BlackRock» kompaniyalari o‘zbek korxonalarining xalqaro kapital bozorlariga chiqishini yengillashtirishga qaratilgan bitimlar tuzdi.

Qolaversa, tog‘-kon sanoati bo‘yicha «ReElement Technologies» va «Trafigura» kompaniyalari ishtirokidagi shartnomalar ham ma’lum qilindi.

«Bloomberg»ning qayd etishicha, AQSHning yirik moliya guruhlari O‘zbekistondagi mavqeini hozirdanoq mustahkamlashga kirishgan. Masalan, «Citibank» 2025 yilda Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochgan bo‘lsa, «Franklin Templeton» hozirda O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasini boshqarib kelmoqda.

Joriy yilda ushbu jamg‘arma London va Toshkent fond birjalarida aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) orqali 674 million dollar mablag‘ jalb qildi. Bu jarayonda «BlackRock» kompaniyasi asosiy sarmoyadorlar qatoridan joy oldi.

Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy raqobat haqidagi savolga javob berar ekan, Rubio AQSH tashabbusi kengroq raqobat muhitining bir qismi ekanini tan oldi.

«Gap faqat raqobat haqida bormoqda», — dedi u jurnalistlarga va shu bilan birga, Vashington mintaqa davlatlarini boshqa katta davlatlar bilan aloqalarni uzishga majburlamoqchi emasligiga oydinlik kiritdi.

Uning tushuntirishicha, asosiy maqsad — xalqaro savdo uchun o‘z bozorlarini ochayotgan dunyoning istalgan burchagida Amerika kompaniyalari erkin ishlay olishini ta’minlashdan iborat.

Amerika tashqi siyosat kengashining katta ilmiy xodimi va Markaziy Osiyo hamda Kavkaz instituti dasturlari direktori Lora Linderman OAVga bergan intervyusida Rubioning «C5+1» uchrashuvidagi ishtirokining o‘ziyoq muhim voqea ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, formatning kengaytirilishi hamkorlikka qo‘shimcha turtki bergan bo‘lardi.

«Agar AQSH ushbu formatni «C6+1»gacha kengaytirib, unga Ozarbayjonni ham qo‘shganida, bu tadbirni yanada kattaroq muvaffaqiyat deb baholash mumkin bo‘lardi», — deya qayd etgan edi Linderman.

Vashingtonning Markaziy Osiyodagi ta’sirini kengaytirishning eng faol targ‘ibotchilaridan biri respublikachi senator Jon Kyortis hisoblanadi. U dunyoning boshqa mintaqalarida noaniqliklar kuchayib borayotgan bir sharoitda, mazkur mintaqadagi barqarorlik Amerika manfaatlari uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Iyul oyida Kyortis Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan Senatning 816-sonli rezolyutsiyasi hammualliflaridan biriga aylandi. Hujjatda Qo‘shma Shtatlar va ushbu besh davlat o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, hamkorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyoning Vashington uchun ortib borayotgan strategik ahamiyati alohida qayd etilgan.

Рисунок2

Senatorning fikricha, mintaqa mamlakatlari Rossiya va Xitoy ta’sirini qanday kamaytirishni o‘zlari hal qilishlari lozim. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar bu davlatlarni geosiyosiy tanlov qarshisida qoldirmaydi.

«Agar xohlashsa, ularda Rossiya va Xitoyga yanada qaramroq bo‘lish imkoniyati bor. Ammo agar ular boshqa yo‘lni tanlasa — va biz, shubhasiz, shunday qilishlariga umid qilamiz — ularda Qo‘shma Shtatlarning sheriklari va ittifoqchilariga aylanish uchun ancha jozibador imkoniyatlar paydo bo‘ladi», — deya bayonot berdi Kyortis Rubioning safari arafasida.

 

Теглар

Мавзуга оид