Logo

Hokimliklar obodonlashtirish xodimlarini anomal issiqda ishlatmaslik bo‘yicha ogohlantirildi

Davlat mehnat inspeksiyasi soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash lozimligini bildirdi.

Hokimliklar obodonlashtirish xodimlarini anomal issiqda ishlatmaslik bo‘yicha ogohlantirildi © Toshkent shahar hokimligi

O‘zbekistonning butun hududida kuzatilayotgan anomal issiqda ochiq havoda mehnat qilayotgan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan barcha hokimliklarga tegishli ko‘rsatma yuborildi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.

Unda aytilishicha, soat 10:00–17:00 oralig‘ida yuqori harorat ta’sirida xodimlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimini belgilash lozim. Shuningdek, xodimlar yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlanishi kerak.

Shu bilan birga, quyosh nurlari va yuqori harorat ta’siridan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etish lozimligi, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga qo‘ymaslik so‘raldi. Bundan tashqari, ish beruvchilarga xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash hamda mehnat va dam olish rejimini issiq ob-havo sharoitidan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish topshirildi.

Shuningdek, yuqori harorat ta’sirida sog‘lig‘i yomonlashgan xodimga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi. Davlat mehnat inspeksiyasining ma’lum qilishicha, mazkur ko‘rsatma talablarining bajarilishi inspeksiya tomonidan nazorat qilib boriladi.

«Mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi», — deyilgan inspeksiya ogohlantirishida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat mehnat inspeksiyasi qanday holatlar xodimning anomal issiqda o‘z ishini to‘xtatish uchun avtomatik asos hisoblanishini eslatgandi.

Теглар

Мавзуга оид