Humo, qoplon va siyosiy munozaralar: O‘zbekiston gerbi qanday yaratilgandi va u o‘zgaradimi?
O‘zbekiston Milliy arxivida saqlanayotgan original hujjatlar va suratlar asosida VAQT.UZ davlat gerbining yaratilish tarixi, dastlabki eskizlari va qabul qilinmay qolgan variantlarni o‘rgandi.

Siyosatshunos va senator Qudratilla Rafiqovning gerbni o‘zgartirish haqidagi fikrlaridan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar avj oldi. VAQT.UZ mazkur munozaralar fonida davlat gerbining qabul qilinishi jarayoni, unga qadar ko‘rib chiqilgan variantlar hamda arxiv hujjatlaridagi ayrim tafsilotlarni o‘rgandi.
Gerb tasdiqlanishi: muhim qaror qachon qabul qilingan?
O‘zbekistonda Davlat gerbi 1992 yil 2-iyul kuni Oliy Kengashning X sessiyasida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun asosida rasman qabul qilingan. Ushbu qaror mustaqillikning dastlabki yillarida davlat ramzlarini shakllantirish jarayonining muhim bosqichi sifatida tarixga kirdi.
«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 3-iyulda e’lon qilingan sonida yozilishicha, «...deputatlar zo‘r ko‘tarinkilik va mamnuniyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbini tasdiqladilar».

«O‘zbekiston ovozi» gazetasi, 1992 yil 3-iyul soni. Oliy Kengashning X sessiyasidan lavha.
Gazetaning o‘sha sonida «O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida»gi Qonun va uning kuchga kirish tartibi haqidagi qaror matni to‘liq e’lon qilingan. Ushbu tarixiy voqeani matbuot sahifasida ko‘rish mumkin.

«O‘zbekiston ovozi» gazetasining 1992 yil 3-iyul sonida e’lon qilingan Davlat gerbi to‘g‘risidagi qonun matni.
O‘sha davrda yangi davlatning ramzlarini ishlab chiqish jarayoni Konstitutsiya qabul qilinishidan avval boshlangan bo‘lib, gerb, bayroq va madhiyaga oid konsepsiyalar keng muhokama qilingan. Davlat gerbi O‘zbekistonning suveren davlat sifatidagi o‘ziga xosligini ifodalovchi asosiy rasmiy timsollardan biri sifatida tasdiqlangan.
Rasmiy gerbda O‘zbekistonning tabiat, tarix va mustaqillik g‘oyalari ramziy tarzda ifodalangan. Markazda Humo qushi baxt va tinchlik timsoli sifatida tasvirlangan. Quyosh, tog‘lar va vodiy mamlakat tabiatini, paxta va bug‘doy esa iqtisodiy boyliklarni anglatadi. Yuqoridagi sakkizburchak esa mustaqillik va birlik ramzidir.
U bugungi kungacha davlat idoralari, rasmiy hujjatlar, xalqaro vakillik va boshqa rasmiy jarayonlarda qo‘llanib kelmoqda.
Yakuniy variantgacha bo‘lgan izlanishlar
Rasmiy gerb qabul qilinishidan avval uning bir nechta xomaki nusxalari va eskizlari tayyorlangan. Arxiv materiallarida bugungi ko‘rinishga kelguncha o‘tgan ijodiy izlanishlar va dastlabki chizmalarni ko‘rish mumkin.

Davlat gerbining rangli va oq-qora tasviri. Manba: O‘zbekiston Milliy arxivi.

Yakuniy variantgacha bo‘lgan eskizlardan lavha. Manba: O‘zbekiston Milliy arxivi.

Gerbning yakuniy variantiga oid chizmalardan biri. Manba: O‘zbekiston Milliy arxivi.
Qanday variantlar ko‘rib chiqilgan?
Davlat gerbining yakuniy varianti tasdiqlanguncha bir nechta loyihalar ko‘rib chiqilgan, ular orasida o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lgan muqobil loyihalar ham bor edi. Ular orasida bugungi gerbdan keskin farq qiladigan muqobil loyihalar ham bo‘lgan.
Arxiv materiallarida saqlanib qolgan eskizlarda ayrim elementlar bugungi gerbga yaqin bo‘lsa-da, umumiy kompozitsiya va ramziy yechimlar boshqacha shakllantirilgan.

Gerbning yangi variantidagi Humo qushining eskizi. Manba: O‘zbekiston Milliy arxivi.
Ushbu loyihalar bugungi gerbimizdan dizayn jihatidan quyidagicha farq qilgan:
Chapdagi eskiz variantida markazda qaddini rostlagan Humo qushi va uning ortida keng daryo vodiysi, tog‘ tizmalari hamda porlayotgan quyosh nurlari aks etgan. Gerbning pastki qismida bugungi kunda qo‘llanilayotgan paxta va bug‘doy chambaraklari o‘rniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri uch tasmali bayroq formati hamda o‘simlik barglari joylashtirilgan.
O‘ngdagi eskiz variantida qushning orti butunlay Davlat bayrog‘i foni bilan qoplangan. Shuningdek, yuqori qismdagi yarim oy (hilol) yoniga 12 ta yulduz rub al-hizb (sakkiz qirra) ichiga olinmasdan, alohida to‘rt qator shaklida tizib chiqilgan. Qushning pastki qismi esa milliy naqsh, o‘ziga xos gul elementi va paxta tasviri bilan bezatilgan.
Qoplon tasviri tushirilgan loyiha
Gerb loyihalari orasida Humo qushidan tashqari boshqa tarixiy va ramziy obrazlar ham taklif qilingan. Shulardan biri qoplon (bars) tasviri aks etgan variantdir.

Qoplon (bars) tasviri aks etgan gerb loyihasi. Manba: O‘zbekiston Milliy arxivi.
Eskiz markazida qanotlarini yozgan qush o‘rniga tanasi bezakli geometrik naqshlar bilan ishlangan, ortidan quyosh nurlari taralayotgan afsonaviy qoplon tasvirlangan. Ushbu obraz kuch-qudrat, jasorat va yuksalish g‘oyalarini ifodalashga xizmat qilgan.

Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi qoplon tasviri. Manba: Uzbekistan Travels.
Qoplon timsoli o‘z ildizlarini Samarqanddagi Sherdor madrasasi peshtoqidagi mashhur tasvirlardan oladi. Mustaqillikning ilk yillarida ushbu ramz boshqa davlat atributlarida ham qo‘llanilgan.

Mustaqillikning ilk yillarida muomalada bo‘lgan 200 so‘mlik banknota. Manba: Yandex.
Shuningdek, u mustaqillikning ilk yillarida muomalada bo‘lgan 200 so‘mlik banknota dizaynida ham qo‘llanilgan bo‘lib, unda quyoshni ko‘tarib borayotgan qoplon obrazi aks ettirilgan.
Gerb aylanasining yuqori qismida «O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI» yozuvi va sakkiz qirrali yulduz joylashtirilgan. Pastki qismida esa paxta chanoqlari hamda bug‘doy boshoqlaridan iborat an’anaviy bezaklar tasvirlangan.
Mazkur loyiha yakuniy variant sifatida qabul qilinmagan bo‘lsa-da, u mustaqillikning dastlabki yillarida davlat ramzlarini yaratish jarayonida turli g‘oyalar va konsepsiyalar sinovdan o‘tkazilganini ko‘rsatadi. Bugungi gerbning shakllanishi esa ana shu izlanishlar va muhokamalar natijasida yuzaga kelgan.
«Gerbni yaratish ustida butun respublika, hatto prezident ham ishtirok etgan»
Davlat gerbi mualliflaridan biri Anvar Mamajonov avvalroq Gazeta.uz’ga bergan intervyusida gerb yaratilishi jarayonini eslar ekan, tanlovga butun mamlakatdan yuzlab takliflar kelib tushganini aytgan.
«Bizga yuzlab turli eskizlar kelardi, ularning orasida nafaqat maxsus qog‘ozlarda, balki oddiy daftar varaqlarida chizilgan rasmlar ham uchrab turardi. Gerbni yaratish ustida butun respublika, hatto prezident ham ishtirok etgan», — degan rassom.

Mustaqil O‘zbekiston va O‘zbekiston SSR davlat gerblari taqqoslamasi. Manba: Xabar.uz.
Mamajonov suhbat davomida mustaqil O‘zbekiston gerbi nimaga ayrim jihatlari bilan O‘zbekiston SSR gerbini eslatishiga ham izoh bergan.
«O‘zbekiston SSR gerbi o‘ziga xos chiroyli edi. Men ochilgan paxta chanoqlari va pishgan bug‘doy boshoqlaridan yasalgan novdalar — ya’ni davlatimizning eng muhim boyliklarini yangi gerbga asos qilib oldim. Ular Mustaqillikning yana bir ramzi — davlat bayrog‘i ranglaridan iborat lenta bilan bog‘langan. Shuningdek, tepadagi o‘roq va bolg‘a o‘rniga men sakkiz burchakli shaklning ichiga yarim oy va yulduz tasvirini joyladim. Bu bizning respublika sifatida takomillashishimiz va o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishimizning ramzidir», degan rassom.
Rassomning ta’kidlashicha, gerb ustidagi ishlarda Birinchi Prezident Islom Karimov ham faol ishtirok etgan. U barcha taklif va eskizlarni ko‘rib chiqib, o‘z tavsiyalarini bergan.
«Davlat boshlig‘iga yarasha, u butun ish jarayonini kuzatib, hammasini nazorat qilgan. Islom Abdug‘aniyevich o‘z istak va tilaklarini bildirib, barcha takliflarni eshitib, tavsiyalarini berganlar», — deydi Mamajonov.
Uning aytishicha, dastlabki variantlarda gerbda yirtqich hayvonlar tasvirlanishi ham ko‘rib chiqilgan. Biroq keyinchalik bunday g‘oyalardan voz kechilgan.
«Boshida men Semurg‘ni jangovar va o‘z Vatanining haqiqiy himoyachisi sifatida tasavvur qilgandim. Keyinchalik prezidentning tavsiyalaridan so‘ng Humo qushini tinchlik, ezgulik va mehr timsoli sifatida tasvirlash kerakligini angladim. Dastlab qushning boshi pastga egilgan edi, ammo prezident: “Humo qushi mag‘rur yuqoriga qarab turishi lozim”, degan edi», — deya xotirlaydi rassom.
Arxiv hujjatlaridan ko‘rinib turibdiki, bugungi gerb bir kunda yaratilmagan. Uning ortida yuzlab eskizlar, turli ramziy obrazlar, rassomlar o‘rtasidagi bahslar va davlat rahbariyati ishtirokidagi muhokamalar yotadi. Humo qushi, qoplon timsoli, bayroq elementlari va boshqa ko‘plab g‘oyalar orasidan aynan bugungi variant tanlab olingan.
Gerb qabul qilinganidan 34 yil o‘tib, senator Qudratilla Rafiqovning davlat gerbini o‘zgartirish haqidagi taklifi jamoatchilikda turlicha munosabatlarga sabab bo‘ldi. Avvalroq VAQT.UZ ushbu masala yuzasidan iqtisodchilar, siyosatshunoslar va fikr yetakchilarining munosabatlarini jamlagan edi.
Shuningdek, dunyoning turli mamlakatlarida davlat gerblarini o‘zgartirish va yangilash amaliyoti qanday kechgani haqida ham alohida material tayyorlagan edik.
Теглар






