«Instagram» ota-onalarga ogohlantiruvchi xabarlar yuboradi

27.02.2026 | 12:351 дақиқа

«Meta»ga tegishli «Instagram» o‘smirlar o‘z joniga qasd qilish mavzusida kontent qidirganda, ota-onalarga avtomatik xabar yuboradi.

«Instagram» ota-onalarga ogohlantiruvchi xabarlar yuboradi

Yangi funksiya kelasi haftadan boshlab ishga tushiriladi va «Instagram»ning «nazorat vositalari»dan foydalanayotgan ota-onalarga tegishli bo‘ladi. Agar o‘smir qisqa vaqt ichida o‘zini jarohatlash yoki suiqasdga oid atamalarni bir necha bor qidirsa, tizim ogohlantirish yuboradi. Xabar elektron pochta, SMS, WhatsApp yoki ilovaning o‘zi orqali yetkaziladi.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bildirishnomada nafaqat qidiruv haqida axborot, balki ruhiy salomatlik bo‘yicha nozik muloqotni qanday olib borish yuzasidan tavsiyalar ham bo‘ladi. Meta ta’kidlashicha, o‘smirlarning aksariyati bunday kontentni qidirmaydi. Ammo shunday holat kuzatilsa, platforma qidiruv natijalarini bloklab, foydalanuvchini yordam xizmatlari va ishonch telefonlariga yo‘naltiradi.

Ota-onaga xabar yuborilishi uchun aniq necha marta qidiruv amalga oshirilishi kerakligi ochiqlanmagan. Kompaniya buni «qisqa vaqt ichida bir necha bor urinish» deb izohlagan.

Tizim qaysi davlatlarda ishga tushiriladi

Yangi xavfsizlik tizimi dastlab AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadada joriy etiladi. Yil oxirigacha boshqa hududlarga ham kengaytirish rejalashtirilgan.

Bu choralar Los-Anjelesda Meta va YouTube’ga qarshi davom etayotgan sud ishlari fonida amalga oshirilmoqda. Kompaniyalar o‘smirlarda ijtimoiy tarmoqlarga qaramlikni rag‘batlantirganlikda ayblanmoqda. Meta rahbari Mark Sukerberg sudda o‘smirlar yoshini tekshirish muammoli ekanini tan olgan. Hozirda «Instagram» tug‘ilgan sana, shaxsni tasdiqlovchi hujjat va video-selfi orqali yoshni aniqlashga harakat qilmoqda.

Теглар

Мавзуга оид